Kecha, 21 noyabr kuni ziyorat turizmini tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni jadallashlatirish maqsadida, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Toshkent islom universiteti mas’ul xodimlari va yurtimizdagi eng yetakchi sayyohlik firmalari vakillari ishtirokida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov yig‘ilishni ochib, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev shu yil 9-10 noyabr kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ziyorat turizmini keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berilganini ta’kidladi. Shuningdek, Samarqand va Buxoro viloyatlariga ziyorat turizmi bo‘yicha xorijiy turistlarni jalb etish, shu jumladan, Turkiya, Malayziya, Indoneziya va boshqa Islom dini ko‘p tarqalgan davlatlar bilan ishlash bo‘yicha ishchi guruhlarini shakllantirib, chora-tadbirlar rejasini tuzish ishlari boshlanganini bildirdi. O.Yusupov so‘zida davom etib chet-el mamlakatlarida Samarqand va Buxoro viloyatlarining turizm salohiyatini, shu jumladan, Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy, Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohlariga ziyoratini tashkil etishni targ‘ib qilish dasturini ishlab chiqish muhimligini batafsil izohladi.
Yig‘ilishda “Azia tour” sayyohlik firmasi mutaxassisi Akmal Qosimov so‘z olib, ziyorat turizmini tashkil etishda yurtimizdagi “Silsilai aliya” (12 ta avliyo qadamjosi) tarkibidagi ziyoratgohlarga alohida e’tibor qaratish, Malayziya, Indoneziya davlatlariga “Umra-plyus” xizmatini taklif etish, xorijlik din peshvolari ishtirokida seminarlar, konferensiyalar tashkil etish, islom institutlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, nufuzli islom tashkilotlarining grand tanlovlarida qatnashish kabi takliflarni berdi.
Shuningdek, so‘zga chiqqan notiqlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, Islom sivilizatsiyasi markazi, Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi va “O‘zbekturizm” ziyorat turizmini amalga oshirishda hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolash taklifini taqdim etishdi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasidagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizm yo‘nalishidagi sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha reklama tadbirlarini tashkil etish uchun tarqatma materiallar, bukletlar, bannerlar, ma’lumotnoma kitobchalari va slaydlar tayyorlash, xorijdagi diniy ulamolar bilan ziyorat turizm yo‘nalishida yaqindan hamkorlik qilish uchun bu borada tajribasi bo‘lgan mahalliy ulamolarni jalb etish, chiqish va kirish vizalarini qisqa muddatda rasmiylashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.
Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.
U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.
Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».
Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan