Huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda mavjud muammolarni hal etish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘tkazgan videoselektor bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham diniy soha xodimlari ishtirokida Diniy idora raisi muftiy hazratlari boshchiliklarida majlis bo‘lib o‘tgani haqida 18 noyabr kuni xabar bergan edik.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bugungi kunda jamiyatimizda kuzatilayotgan sun’iy urug‘lantirish masalasiga alohida to‘xtalib: «Diniy idoramizning Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limiga ushbu masala yuzasidan murojaatlar bo‘lmoqda va Fatvo bo‘limiga ham savollar kelib tushmoqda. Hatto ayrimlar yetti yot begona insonning urug‘idan homilador bo‘lib, qilgan ishi joiz emasligini bilgach, endi nima qilaman, deb bosh qotirmoqda. Xo‘sh, sun’iy urug‘lantirish borasida dinimiz ta’limotida nima deyiladi, qanday usuli joiz-u, qaysinisi harom? Mo‘min-musulmonlar ham bu usullardan foydalansa bo‘ladimi? Shu kabi savollarga batafsil javob beruvchi, ushbu masalalarga aniqlik kirituvchi barcha hukm va ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan fatvo ishlab chiqish va xalqimizga yetkazish zarurligini” ta’kidladilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari ayollar va yosh bolalarga zulm qilish kabi jamiyatimizda uchrab turgan nohush xolatlar og‘ir gunoh ekani, shuningdek, g‘arbdan kirib kelayotgan milliy va diniy qadriyatlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan eng jirkanch illatlarga qarshi fatvolar e’lon qilish orqali kurashish muhimligini alohida qayd etib o‘tdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan zamonaviy media-makonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yoritib borish ishlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotiblari uchun joriy yilning 30 iyun – 2 iyul kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida "Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon" mavzusida V milliy konferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot kotibi ham qatnashdi.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Media Quiz”da 9 ta jamoa 5 ta raundda turli sohaga oid yo‘nalishlarda bilimlarini sinashdi. Bilim-ring natijalariga ko‘ra uchta jamoa g‘olib deb topildi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Uch kun mobaynida o‘tkazilgan tadbirlar nihoyasiga yetdi.
***
Shuningdek, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida Muslim.uz jamoasi ham munosib ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati