Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Jannatning eng afzal ayollaridan biri

22.11.2017   11808   10 min.
Jannatning eng afzal ayollaridan biri

Bugun Qur’oni karimda zikr qilingan Fir’avning ayoli  Osiyo onamizning hayoti va u kishining islomdagi namunali xizmatlari haqida so‘z yuritamiz. Ma’lum bo‘lishicha, “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir kuni yerga to‘rtta chiziq chizdilar va: “Bu nima, bilasizmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Alloh va uning Rasuli bilguvchidir”, deyishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Bular jannatning eng afzal ayollari — Xadicha binti Huvaylid, Fotima binti Muhammad, Maryam binti Imron va Fir’avnning ayoli Osiyo binti Mazohimdir”, dedilar.

Rivoyatlarda aytilishicha, o‘tmishda Misr podshohlarini Fir’avn deb atashgan. Muso alayhissalom davrida Ramzes Ikkinchi Fir’avn bo‘lgani aytiladi. Fir’avn to‘g‘yonkor, zolim va ilohlik da’vosini qilgan podshoh bo‘lgan. Qur’oni karimda Fir’avn xudoning yo‘lidan chiqqan fuqarolarni o‘z xohishiga bo‘ysundirishga harakat qilgan, kishilarga o‘zini Rabb sifatida ko‘rsatgan, o‘ziga bo‘ysunmaganlarga cheksiz zulm o‘tkazgan mustabid va zolim podshoh timsolida tasvirlanadi.

Fir’avn bir kuni tush ko‘radi,  Tushida uning podshohligi inqirozga uchraydi. U ko‘rgan tushini ta’bir qilib berishni sehrgar va folbinlar zimmasiga yuklaydi. Uning atrofidagi gumashta sehrgar-folbinlar podshohga, sening mulkingning yo‘q bo‘lishiga Bani Isroildan kelajakda tug‘iladigan bir o‘g‘il bola sababchi bo‘ladi, degan xabarni yetkazadi. 

Fir’avn garchi, xudolik da’vosini qilsa-da, taxtiga xavf soladi deb ona qornidagi homiladan ham qo‘rqadi. Fir’avnning gumashtalari esa uning bu zaif joyini yaxshi biladi. Shuning uchun Fir’avnga yoqmagan toifaning homiladagi bolasini ham unga ashaddiy dushman, taxtiga ko‘z olaytirgan qilib ko‘rsatishga urinadi. Oqibatda Fir’avn Bani Isroildan tug‘iladigan har bir o‘g‘il bola mulkining inqirozi sababchisi bo‘lishi mumkin, degan fikrga keladi. Shu boisdan tug‘ilgan har bir o‘g‘il bola darhol o‘ldirilsin, degan farmon chiqardi. O‘sha soatdan boshlab, har bir  bani isroillik homilador ayollar yonida doya qo‘shilib yuradigan bo‘ldi. Ayol tug‘ishi bilan doya qarar, o‘g‘il bola bo‘lsa, xabar berar va jallodlar bolani qatl qilar edi. Shunday qilib, Fir’avn o‘zining misli ko‘rilmagan shafqatsiz siyosatini olib bordi.

Qur’oni karimning  Qasas surasida zikr etilgan Muso alayhissalom haqidagi qissalar xuddi shu ma’nodagi muqaddima ila boshlanadi:


Darhaqiqat, Fir’avn yerda (Misrda) tug‘yonga* ketib, uning aholisini bo‘lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o‘g‘illarini so‘yar, qizlarini tirik qo‘yar edi. Albatta, u buzg‘unchilardandir. Biz esa, u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, namunali) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkiga) merosxo‘r qilishni istaymiz. Yana ularni o‘sha yerda barqaror qilib, Fir’avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko‘rsatib qo‘yishni (istaymiz)”.

Fir’avn xohlagan ishini iroda qilaversin, uning istagi hech qachon amalga oshmaydi. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham faqat Alloh taoloning istagani bo‘ladi. Homon –Fir’avnning vaziri. U har doim Fir’avn qiladigan yomonliklarga boshu qosh bo‘lib kelgan. Fir’avn, Homon va ikkisining askarlari bani Isroildan mulkiga zavol yetishidan qo‘rqar edi. Alloh taolo ular qo‘rqqan narsani aynan bani Isroil orqali ko‘rsatishni va’da qilmoqda.

Yaratgan Parvardigor Qasas surasining 7-oyati karimasida shunday marhamat qiladi:

Biz Musoning onasiga vahiy* qildikki: Uni emizaver. Bas, agar (uni o‘ldirib ketishlaridan) qo‘rqsang, uni daryoga tashlagin va qo‘rqmagin ham, qayg‘urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchi va uni payg‘ambarlardan qiluvchidirmiz.Ulamolar ushbu oyatdagi «vahiy»ning ilhom ma’nosida kelganini ta’kidlaganlar. Chunki Muso alayhissalomning onasi Payg‘ambar bo‘lmagan, demak, u kishiga vahiy kelmasligi ham aniq. Muso alayhissalom nihoyatda xatarli bir vaqtda dunyoga kelganidan onasi nima qilarini bilmay qoldi. Fir’avnning ayg‘oqchilari yangi tug‘ilgan go‘dak o‘g‘il ekanligini sezib qolsa, uni onasidan tortib olib o‘ldirishi mumkin. Nima qilish kerak? Insonning qo‘lida hech qanday chora yo‘q. Shunda Alloh taoloning O‘zi ko‘maklashdi.

Muso alayhissalomning onasini Alloh taolo ilhom etgan buyruqni bajardi. Go‘dakni sandiqqa solib, daryoga oqizib yubordi. Qur’oni karimning Qasas surasi 8-oyati karimasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Bas, Fir’avnning xonadon ahli uni (o‘sib-ulg‘ayganida) o‘zlariga «dushman va tashvish bo‘lishi uchun» tutib oldilar. Albatta, Fir’avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edilar.

Ichiga go‘dak Muso (a.s) solingan sandiq daryodan oqib borib Fir’avn qasridagi boqqa kiradi. Fir’avn va uning xotini Osiyo xonim daryo bo‘yida o‘tirgan edi. Birdan ularning ko‘zi daryoda oqib kelayotgan sandiqqa tushib qoladi. Fir’avning buyrug‘i bilan sandiqni suvdan olib chiqarishadi. Shunda Fira’vn bu sandiqdagi bolani ko‘rib bu bola Bani Isroil qavmidan deb bolani zudlik bilan o‘ldirishga farmon beradi. Bolaning joni xatarda qoladi. Odatda, hech qachon ko‘ngli yumshamaydigan Fir’avnni Alloh taolo eng nozik joyidan oldi. Uning ayoli Osiyo onamizni ishga soldi. Osiyo onamizning qalbiga go‘dakning muhabbatini joyladi va o‘rtaga tushib shunday dedi: “Bu bola men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir, Juda ham istarasi issiq, chiroyli go‘dak ekan, ko‘rgan odamning ko‘zi quvonadi, biz ham uni ko‘rib quvonib yuraylik, uni o‘ldirmanglar, tirik qolsin. Boqib, tarbiya qilib o‘stirsak, shoyadki, u bizga foyda bersa, ehtimol, uni o‘zimizga bola qilib olarmiz”, dedi.

Holbuki, ular sezmasdilar”. Ular Musoni kelajakda o‘zlariga dushman va g‘am-g‘ussa bo‘lishini (Osiyodan boshqasiga) sezmaydigan holatda edilar. Fir’avn Osiyoning gapi bilan go‘dak Musoni o‘ldirmay, boqib olishga qaror qildilar.  Allohning hikmatli tadbiri oldida hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi. Avval Fir’avnning ayoli Osiyo qalbiga Muso alayhissalomning muhabbatini solib, go‘dakni o‘ldirmasdan, boqib olish uchun qaror qildirdi.

Tahrim surasining 11-oyatida bunday marhamat qilinadi:

Alloh imon keltirgan zotlar haqida Fir’avnning xotinini misol keltirdi. O‘shanda u: «Ey, Robbim! O‘zing men uchun huzuringda (jannatda) bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin!

Fir’avnning xotini Osiyo xonim o‘sha zamondagi eng katta podshohning ayoli edi. Har jihatdan to‘kinlikda yashar edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, kofir va zolim eriga va qavmiga qarshi chiqdi. Alloh taologa iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu esa dunyo hoyi-havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

 Alloh taolo ushbu oyatda barcha musulmonlarga ibrat tarzida Fir’avnning ayoli Osiyo binti Mazohim xonimni misol qilib keltiradi. Bu misol Allohga itoat va dinda mustahkam bo‘lishga bir targ‘ib, mo‘min va mo‘minalarning imon yo‘lida sabrli bo‘lishlariga bir chaqiriqdir. Qur’oni karimning tafsirlarida bayon qilinishicha, Muso alayhissalom va ukalari Horunning Fir’avn sehrgarlari bilan bo‘lgan bellashuvida, imon kufr ustidan g‘alaba qiladi. Bundan xabar topgan Fir’avnning xotini Osiyo: “Muso va Horunning Rabbisiga imon keltirdim”, deb imonini hammaga oshkor qildi. Bundan xabar topgan Fir’avn g‘azablanib, uni o‘ldirishga amr etdi.

   U Muso va Horunning diniga imon keltirgan xotinini huzuriga chaqirib:  “Mendan boshqa ham Rabbing bormi?” deb so‘raydi. Osiyo onamiz: “Ha, u mening Rabbim, sening Rabbing va barchaning Rabbisi – Allohdir, men unga ibodat qilaman”, deb dadil javob beradi. Shunda Fir’avn askarlariga buyurib, Osiyoning qo‘l-oyoqlariga qoziqlar qoqtiradi. Quyosh jaziramasi ostiga qo‘yib azoblaydi. Ustiga ulkan toshni bostirib, qiynaydi. Shu bilan Allohga bo‘lgan imonidan qaytarishga urinadi. Lekin Osiyo xonim Fir’avning bu taklifga aslo ko‘nmaydi. Osiyo azoblanar ekan, Allohga duo qildi: Ey, Robbim! O‘zing men uchun huzuringda (jannatda) bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin”,  dedi.

 Ulamolar bu duo xususida shunday deydilar:

 Alloh taolo bu duoni ijobat qildi. Osiyo osmonga qarab, shu onda, samoda, jannatda o‘ziga bino qilinayotgan qasrni ko‘rdi. Qasr duru gavharlardan edi. Bu manzarani ko‘rib, xotirjam bo‘ldi va azoblarni unutib, tabassum qildi. Bu hodisa Fir’avn va saroy a’yonlarining ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. Ayonlarining hayratini ko‘rgan Fir’avn battar g‘azablandi. So‘ngra: "Uning jinniligiga ajablanmaysizmi? Men uni azoblayapman-u, u esa kulyapti?" deb qichqirdi va xotinini tezroq o‘ldirishlariga buyruq berdi. Fir’avn odamlari Osiyo xonim ustiga ulkan toshni qulatishganida, uning pokiza ruhi allaqachon jannatga olib chiqib ketilgan edi. Ulkan tosh jonsiz jasad ustiga tushdi. Hazrati Osiyoning shijoati, jasorati va sabot-matonati hamda Allohga bo‘lgan mustahkam imon va e’tiqodi barcha mo‘min va mo‘minalarga yuksak bir ibratdir.

Internet materiallari asosida

Ilyos AHMЕDOV tayyorladi  

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘ng qo‘ling bilan ye!

30.06.2025   4488   5 min.
O‘ng qo‘ling bilan ye!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.



عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَأْكُلْ بِيَمِينِهِ، وَإِذَا شَرِبَ فَلْيَشْرَبْ بِيَمِينِهِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَأْكُلُ بِشِمَالِهِ وَيَشْرَبُ بِشِمَالِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi», dedilar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar).


Demak, chap qo‘li bilan yeb-ichgan odam Rohmanning amridan yuz o‘girib, shaytonga ergashgan va uning ishini qilgan bo‘ladi.

Shuning uchun bu masalaga katta e’tibor bilan qaramog‘imiz, farzandlarimizga ham o‘rgatmog‘imiz lozim.
 

عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا أَكَلَ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِشِمَالِهِ، فَقَالَ: كُلْ بِيَمِينِكَ، قَالَ: لَا أَسْتَطِيعُ، قَالَ: لَا اسْتَطَعْتَ، مَا مَنَعَهُ إِلَّا الْكِبْرُ، قَالَ: فَمَا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.


Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. Bas, u zot:

«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar.

«Qodir emasman», dedi u.

«Qodir bo‘lmagin! Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», dedilar u zot. Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi» (Muslim rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharifdan dinimizda ovqatlanish madaniyatiga qanchalik ahamiyat berilganligini yorqin ko‘rib turibmiz. Albatta, gap ovqatlanishning islomiy madaniyati haqida ketmoqda. Ovqatlanishning islomiy madaniyatlaridan biri o‘ng qo‘l bilan yeyishdir. Har bir musulmon inson bu muhim ishga alohida e’tibor bilan qarashi lozim. Ba’zi bir kishilar bu islomiy madaniyatga rioya qilmasalar, ularni ogohlantirish kerak.

Ushbu rivoyatning qahramoni ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida ovqatlanishning islomiy madaniyatiga rioya qilmay, chap qo‘li bilan taom yeyishga tutindi. Albatta, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu holga beparvo bo‘lishlari mumkin emas edi. Shuning uchun mazkur odobsiz kishiga ta’lim berib:


«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar».

Bunday paytda har qanday odam ta’lim beruvchiga tashakkur aytib, o‘zini o‘nglab olishga urinadi. Odob-axloq taqozosi shu. Ammo haligi odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga tashakkur aytib, o‘z xatosini tuzatib, o‘ng qo‘li bilan taom yeyishga o‘tish o‘rniga:

«Qodir emasman», dedi».

Ya’ni, bu «Ovqatni o‘ng qo‘li bilan yeya olmayman. Chap qo‘lim bilan yeyaveraman», degani edi. O‘zi noto‘g‘ri ish qila turib, unga mehr ko‘rsatib, xatosini to‘g‘rilab qo‘ygan zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bunday betgachoparlik qilgan nobakor har qanday jazoga va qarg‘ishga loyiq edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ochiq-oydin qilib:


«Qodir bo‘lmagin!» dedilar».

Ya’ni, «O‘ng qo‘ling bilan taom yeya olmasang, bir yo‘la yeya olmay qolgin», dedilar. Hamda u yerda hozir bo‘lganlarga tushuntirish uchun:


«Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», deb, qo‘shib qo‘ydilar. Ya’ni, u odam yuqoridagi gapni haqiqatda o‘ng qo‘lida nuqson borligi uchun emas, kibr bilan xatosini tan olishdan bosh tortib aytgan edi.

Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni duoibad qildilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning duolari joyida qabul bo‘ldi.


«Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi».

Ajab bo‘ldi! Battar bo‘lsin! O‘z foydasini bilmagan, shariat hukmidan ko‘ra o‘zining kibrini ustun qo‘yadiganlar uchun bu ham kam!


Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

1. Chap qo‘l bilan taom yeb bo‘lmasligi.
2. Birovning chap qo‘l bilan yeganini ko‘rgan odam tanbeh berib, o‘ng qo‘l bilan yeyishini eslatib qo‘yishi kerakligi.
3. Diniy hukmlar bo‘yicha nasihat eshitgan odam mutakabbirlik qilmasligi kerakligi.
4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning duolari darhol qabul bo‘lishi.

«Hadis va hayot» kitobi 16-juz