Salom berish azal-azaldan davom etib kelayotgan insoniy qadriyatlarimizdandir. Odatda beshikka go‘dakni belash oldida ko‘p tilaklar qilinadi. Jumladan, “Assalomu alaykum” so‘zlari qayta-qayta takrorlanadi. Ayni shu kundan boshlab farzandga salom so‘zi tez-tez eslatiladi. Ular oiladagi keksalarga, ota-onalariga, oila a’zolarining barchasiga salom berishga undaladi. Bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlarida ham ustoz-murabbiylarga salom berilib, bu muqaddas ta’lim hayotda davom etib boraveradi. Salom – xalqimizning hurmat-ehtiromini bildiradigan, dilni dilga ulaydigan, mehr-oqibat ko‘prigi bo‘lib, odob-axloqning asosi hisoblanadi.
Turli vaziyatda ham yurakdan berilgan salom kishi yuzida tabassum uyg‘otadi. Salom berish insoniy burch – u yosh va til tanlamaydi. Salomlashish jarayonida qo‘llaniladigan so‘zlarning ma’no va mazmunida naqadar ezgu niyatlar ifodalanadi. Bir e’tibor bering-a! Salomlashish eson-omon bo‘lmoq, saqlanmoq, bezarar yurmoq, tinchlik, havfsizlik, xususan sog‘lik-salomatlik tilash kabi odamiylikning oliyjanob ramzidir. Bu haqda Yusuf Xos Xojib “Salom berishdan asl maqsad salom beruvchining alik oluvchiga omonlik berayotgani, unga aminlik ato etayotgani, unga nisbatan yomon niyati yo‘q ekani, ayni paytda hurmat-ehtirom ko‘rsatishdan iboratdir”, degan ekan.
Haqiqatan, salom berish – qarz. Salom bilan kishi boy bo‘lmaydi yoki qorni to‘ymaydi. Lekin “Assalomu alaykum” degan so‘zingiz, sizning odamiyligingiz, insoniyligingiz e’tiqodingizni hamda qarshingizdagi kishiga nisbatan hurmatingizni bildiradi.
Salom berish xalqimiznig turmush-tarziga singib ketgan. Shuning uchun ham qayerda va qanday holatda bo‘lishdan qat’i nazar: otliq piyodaga, yo‘lovchi o‘tirganga, bir kishi ko‘p kishiga, kichik kattaga salom beradi. Bu esa ezgulikning bir ramzi bo‘lib hisoblanadi.
O‘zgalarga nisbatan yaxshi niyat va yaxshi muomalada bo‘lish kishi kamoli uchun ahamiyatlidir.
Burhoniddin Marg‘inoniy hazratlari “Odob-axloq, tarbiya” risolasida “kattalar qo‘l cho‘zgandan keyin kichiklar ta’zim qilib, kattalarning hurmatini joyiga qo‘yib qo‘l berishi kerak”, deb yozgan.
Keksalarni e’zoz qilish uchun ham hurmat vositasi sifatida ularga yoshlar salom beradi. Har bir yurt ahli salom berishni o‘ziga xos ravishda ado etadi. Zero, salom berish odobi inson tabiatidagi axloqiy hususiyatlardan biri hisoblanadi. Bu ma’no Qur’oni karimda “Ey, imon keltirganlar! O‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangiz” (Nur, 27), deya ta’kidlangan.
Hayotning ijtimoiy odoblaridan sanaladigan salom berish odobi asosiy aloqa vositasidir. Shu munosabat bilan o‘rtadagi uzoqlikni yaqinlashtiruvchi me’yorlardan biri hamda munoabatlarning do‘stona tus olishining sababchisi, bir-biriga xayrixoh bo‘lishlari uchun tanish va notanish insonlar o‘rtasida salom-alik an’anasining ahamiyati juda buyuk. Salomlashish hikmatining qirralari boshqa o‘zaro munosabatlarga nisbatan alohida e’tiborga molikdir. Shu ma’noda Qur’oni karim “... Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz....” (Nur, 61) deyildi. Ya’ni, Alloh taolo “Assalomu alaykum” deb, “pokiza salomingizni aytingiz” degan so‘zi bilan salom berishga amr etmoqda. Demak, salom berishni Qur’oni karim oyatlari bilan ta’kidlamoqda. Salomning javobi to‘g‘risida ham quyidagi oyati karimada: “Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora) ni qaytaringiz...” (Niso, 86), deb buyurilgan.
Ushbu ikki oyati karima jamiyatning o‘zaro munosabatini yaxshilik bilan to‘ldiruvchi maqtalgan axloqqa chorlamoqda. Ayni shu ma’noda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham atrofdagilarga salom haqida ta’lim va tarbiya berdilar. Bu davrgacha johiliyat asorati sababli salomga ahamiyat berilgan emas edi. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi: Yo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)! Islomning qaysi xislati yaxshi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Taom bering va tanigan-tanimagan kishiga salom bering” (Imom Buxoriy rivoyati), deb salomni dinimizning eng go‘zal xislatlaridan biri sifatida aytdilar.
Salomlashish notanish kishilar bilan bo‘lgan muloqotda yoki tanishuv jarayonida bo‘lsa qalbdan qalbga o‘zaro mehr rishtasi paydo bo‘lib, ko‘zlangan maqsadga o‘tish oson kechadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Toki imon keltirib mo‘min bo‘lmaguningizcha, xargiz jannatga kirmaysizlar. Bir-birlaringizga nisbatan mehru-muhabbat hosil qilmaguningizcha, mo‘min bo‘la olmaysizlar. Men sizlarga bir amalni o‘rgataman, agar uni qilsalaringiz bir-birlaringizga nisbatan mehr-oqibat paydo bo‘ladi: O‘zaro o‘rtalaringizda salomni oshkora qilingiz!” deb marhamat qildilar. (Imom Suyutiyning “Jomiul Kabir” kitobida keltirilgan hadis). Abu Hurayra roziyallohudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringiz bilan salomlashib yuringlar. Shunda o‘rtalaringda mehru muhabbat uyg‘onur”, deb marhamat qilgan (Imom Ahmad rivoyati)
Darhaqiqat, inson salom bergan kishiga bag‘rikenglik bilan muomalada bo‘ladi. Yuqoridagi hadisi sharifda aytilganidek salom mehr-muruvvat rishtasi bog‘lanishiga sabab bo‘ladi.
Muhammadali Kattaboyev,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti ARM mudiri
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV