Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Salom – hurmat belgisi

20.11.2017   8904   5 min.
Salom – hurmat belgisi

Salom berish azal-azaldan davom etib kelayotgan insoniy qadriyatlarimizdandir. Odatda beshikka go‘dakni belash oldida ko‘p tilaklar qilinadi. Jumladan, “Assalomu alaykum” so‘zlari qayta-qayta takrorlanadi. Ayni shu kundan boshlab farzandga salom so‘zi tez-tez eslatiladi. Ular oiladagi keksalarga, ota-onalariga, oila a’zolarining barchasiga salom berishga undaladi. Bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlarida ham ustoz-murabbiylarga salom berilib, bu muqaddas ta’lim hayotda davom etib boraveradi. Salom – xalqimizning hurmat-ehtiromini bildiradigan, dilni dilga ulaydigan, mehr-oqibat ko‘prigi bo‘lib, odob-axloqning asosi hisoblanadi. 

Turli vaziyatda ham yurakdan berilgan salom kishi yuzida tabassum uyg‘otadi. Salom berish insoniy burch – u yosh va til tanlamaydi. Salomlashish jarayonida qo‘llaniladigan so‘zlarning ma’no va mazmunida naqadar ezgu niyatlar ifodalanadi. Bir e’tibor bering-a! Salomlashish eson-omon bo‘lmoq, saqlanmoq, bezarar yurmoq, tinchlik, havfsizlik, xususan sog‘lik-salomatlik tilash kabi odamiylikning oliyjanob ramzidir. Bu haqda Yusuf Xos Xojib “Salom berishdan asl maqsad salom beruvchining alik oluvchiga omonlik berayotgani, unga aminlik ato etayotgani, unga nisbatan yomon niyati yo‘q ekani, ayni paytda hurmat-ehtirom ko‘rsatishdan iboratdir”, degan ekan. 

Haqiqatan, salom berish – qarz. Salom bilan kishi boy bo‘lmaydi yoki qorni to‘ymaydi. Lekin “Assalomu alaykum” degan so‘zingiz, sizning odamiyligingiz, insoniyligingiz e’tiqodingizni hamda qarshingizdagi kishiga nisbatan hurmatingizni bildiradi.

Salom berish xalqimiznig turmush-tarziga singib ketgan. Shuning uchun ham qayerda va qanday holatda bo‘lishdan qat’i nazar: otliq piyodaga, yo‘lovchi o‘tirganga, bir kishi ko‘p kishiga, kichik kattaga salom beradi. Bu esa ezgulikning bir ramzi bo‘lib hisoblanadi. 

O‘zgalarga nisbatan yaxshi niyat va yaxshi muomalada bo‘lish kishi kamoli uchun ahamiyatlidir.

Burhoniddin Marg‘inoniy hazratlari “Odob-axloq, tarbiya” risolasida “kattalar qo‘l cho‘zgandan keyin kichiklar ta’zim qilib, kattalarning hurmatini joyiga qo‘yib qo‘l berishi kerak”, deb yozgan.

Keksalarni e’zoz qilish uchun ham hurmat vositasi sifatida ularga yoshlar salom beradi. Har bir yurt ahli salom berishni o‘ziga xos ravishda ado etadi. Zero, salom berish odobi inson tabiatidagi axloqiy hususiyatlardan biri hisoblanadi. Bu ma’no Qur’oni karimda “Ey, imon keltirganlar! O‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangiz” (Nur, 27), deya ta’kidlangan.

Hayotning ijtimoiy odoblaridan sanaladigan salom berish odobi asosiy aloqa vositasidir. Shu munosabat bilan o‘rtadagi uzoqlikni yaqinlashtiruvchi me’yorlardan biri hamda munoabatlarning do‘stona tus olishining sababchisi, bir-biriga xayrixoh bo‘lishlari uchun tanish va notanish insonlar o‘rtasida salom-alik an’anasining ahamiyati juda buyuk. Salomlashish hikmatining qirralari boshqa o‘zaro munosabatlarga nisbatan alohida e’tiborga molikdir. Shu ma’noda Qur’oni karim “... Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz....” (Nur, 61) deyildi. Ya’ni, Alloh taolo “Assalomu alaykum” deb, “pokiza salomingizni aytingiz” degan so‘zi bilan salom berishga amr etmoqda. Demak, salom berishni Qur’oni karim oyatlari bilan ta’kidlamoqda. Salomning javobi to‘g‘risida ham quyidagi oyati karimada: “Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora) ni qaytaringiz...” (Niso, 86),  deb buyurilgan.

Ushbu ikki oyati karima jamiyatning o‘zaro munosabatini yaxshilik bilan to‘ldiruvchi  maqtalgan axloqqa chorlamoqda. Ayni shu ma’noda Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam ham atrofdagilarga salom haqida ta’lim va tarbiya berdilar. Bu davrgacha johiliyat asorati sababli salomga ahamiyat berilgan emas edi. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi: Yo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)! Islomning qaysi xislati yaxshi?”  deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Taom bering va tanigan-tanimagan kishiga salom bering” (Imom Buxoriy rivoyati), deb salomni dinimizning eng go‘zal xislatlaridan biri sifatida aytdilar.

Salomlashish notanish kishilar bilan bo‘lgan muloqotda yoki tanishuv jarayonida bo‘lsa qalbdan qalbga o‘zaro mehr rishtasi paydo bo‘lib, ko‘zlangan maqsadga o‘tish oson kechadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Toki imon keltirib mo‘min bo‘lmaguningizcha, xargiz jannatga kirmaysizlar. Bir-birlaringizga nisbatan mehru-muhabbat hosil qilmaguningizcha, mo‘min bo‘la olmaysizlar. Men sizlarga bir amalni o‘rgataman, agar uni qilsalaringiz bir-birlaringizga nisbatan mehr-oqibat paydo bo‘ladi: O‘zaro o‘rtalaringizda salomni oshkora qilingiz!” deb marhamat qildilar. (Imom Suyutiyning “Jomiul Kabir” kitobida keltirilgan hadis). Abu Hurayra roziyallohudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringiz bilan salomlashib yuringlar. Shunda o‘rtalaringda mehru  muhabbat uyg‘onur”, deb marhamat qilgan (Imom Ahmad rivoyati)

Darhaqiqat, inson salom bergan kishiga bag‘rikenglik bilan muomalada bo‘ladi. Yuqoridagi hadisi sharifda aytilganidek salom mehr-muruvvat rishtasi bog‘lanishiga sabab bo‘ladi.

Muhammadali Kattaboyev,

“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti ARM mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

15.07.2025   5786   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

So‘nggi yillarda umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga sifatli va qulay xizmatlar ko‘rsatish hamda ibodatlarni shariat talablariga muvofiq ado etish ishlari “Haj” va “Umra” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

30 yildan ziyod amaliy tajriba asosida ziyoratchilarimiz uchun 10 kunlik maxsus umra dasturi taklif etilmoqda.

Dastur doirasida quyidagi qulayliklar nazarda tutilgan:

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar;

3 kecha Madina, 7 kecha Makkada bo‘lish;

Jidda–Madina, Madina–Makka va Makka–Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar xizmati;

Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar;

3 mahal mazali taomlar;

Madina shahrida Nabaviy masjidi, “Ravza”, Qubo, Qiblatayn masjidlari va Uhud maydoniga ziyorat;

Makka shahrida Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari hamda Nur va Savr tog‘lariga ziyorat;

Jidda shahridagi Qizil dengizga sayohat.

Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari, malakali shifokorlar hamrohlik qilib, ibodat va safarni oson va xotirjam o‘tishini ta’minlaydilar.

Umra safariga borish niyatida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.

Murojaat uchun telefonlar:

Haj va Umra Markazi
+998778821858
+998998821858

Hududiy mas’ullar:
Andijon vil. +998999012979
Farg‘ona vil. +998902723477
Namangan vil. +998902181117
Sirdaryo vil. +998911012816
Jizzax vil. +998941955554
Samarqand vil. +998979121674
Qashqadaryo vil. +998995803520
Surxondaryo vil. +998915861007
Buxoro vil. +998906116486
Navoiy vil. +998997516005
Xorazm vil  +998910941100
Qoraqalpog‘iston Res. +998973490457