Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Islomda kasb-hunar va ta’lim-tarbiyaga munosabat

20.11.2017   8150   11 min.
Islomda kasb-hunar va ta’lim-tarbiyaga munosabat

Bolalar tarbiyasiga doir foydali maslahatlar

Faqih Majduddin Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida keltirilgan ko‘pgina shar’iy hukm va fatvolar uzoq asrlar sinovidan o‘tgan bo‘lib, u ota-ona va voyaga yetmagan farzandlarga o‘z haq-huquqlari va vazifalarini tanish va tanitishda ajoyib durdona asar sifatida qadrlidir. Chunki nohaqlik va tajovuzkorlikning o‘z vaqtida oldi olinmasa, boshqa illatlar urchib ko‘payadi.  Bundan dastlab ota-onaning o‘zlari katta aziyat chekib, bir umr pushaymon bo‘lib, boshi egik holda yashab o‘tishlari hayotimizda ko‘plab uchraydi.

Ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ilk pallasida nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida quyidagilarni aytgan edi: «Yosh bola boshlang‘ich ta’lim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashg‘ul bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar va sano’atga moyilligiga qarab, uni shunga yo‘llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa til, xat yozish, nutq so‘zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta bu o‘rinda bolaning mayli ahamiyatga ega».

Hasan Basriy (r.h.) bir kuni yoshlar tarbiyasiga e’tiborni jalb qilish maqsadida hamsuhbatlariga: «Ey keksalar! Ekin pishib yetilganidan so‘ng nima qilinadi?», deb savol berdilar. «Hosili yig‘ib olinadi», deyishdi. Shunda Hasan Basriy (r.h.): «Ey yigitlar! Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasdan oldin, unga ofat (kasallik) yetishi mumkin», deb kishining o‘spirinlik davrini qanday o‘tkazishi va uning kelajakda kim bo‘lib yetishishiga e’tiborni jalb etdilar.

Yosh avlod tarbiyasi haqida so‘z borar ekan, Imom G‘azzoliyning bu xususdagi fikr-mulohazalari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotda ko‘rib turibmiz: «Yoshlar tilla taqinchoq va turli zebu ziynat taqmasliklari lozim. Ular o‘tirish, turish, salom berish odoblariga rioya etishlari, o‘zlaridan kattalar huzurida oyoqlarini chalishtirib o‘tirmasliklari, sergap va so‘kuvchi bo‘lmasliklari, behayo so‘zlarni aytmasliklari, xususan, yomon xulqli tengdoshlariga aralashishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim».

Biz quyida Majduddin Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida keltirilgan kasb-hunar va ta’lim tarbiyaga doir fatvolardan namunalar keltirib o‘tamiz:

Yosh bolani mehnatga jalb etish.

Ota yoki bobo (otaning otasi) qaramog‘idagi yosh bolani, shuningdek, ikkovining vasiylari ham uni ijara ko‘rinishida biror-bir xizmatga berishlari mumkin. Mehnatga o‘rgatish va chiniqtirish maqsadida mehnati uchun haq bermasalar ham (mehnati uchun haq berish maqsadga muvofiq) ushbu kishilarda bolaning mehnatidan foydalanish huquqi bor.

Izoh: Jamiyatga tabib, quruvchi, to‘quvchi, muallim, Vatan himoyachisi, qurol yasovchi usta, mashina haydovchi, novvoy kabi kasb egalari hamisha zarur. Tarixdan ma’lumki, qaysi jamiyat zamonaviy ilmlardan orqada qolgan bo‘lsa, albatta, inqirozga uchragan, kelgindi bosqinchilarga qaram bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) shuning uchun ummatga: «Farzandlaringizni suvda suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatingiz», deb buyurganlar. Faxri koinotning o‘zlari askarlarning mashqlarini kuzatganlar, musulmon farzandlarini boshqa xalqlar tilini o‘rganishga undaganlar.

Dinimiz insonlarni halol mehnat, kasb-hunar bilan turmush kechirishga chaqirgan. Dangasalik, ishyoqmaslik, bekorchilik, nopok yo‘llar bilan tirikchilik qilish Islomda qattiq qoralangan. O‘tmishda momolarimiz erlarini pul topib kelishga jo‘natishib, faqat halol yo‘l bilan, mehnat orqali pul topishni tayinlashgan va: «Biz yo‘qchilik va ochlikka chidaymiz, ammo do‘zax otashiga chiday olmaymiz», deb nasihat qilishgan.

 Bolaning mehnati uchun berilgan haqqa egalik qilish va uni sarflash xususida.

Kim yosh bolani ijara ko‘rinishdagi xizmatga berish huquqiga ega bo‘lsa, ushbu xizmat uchun berilgan haqga ham egalik qilishi mumkin. Chunki bu shartnomaga oid huquq (ijara ham ikki tomon o‘rtasidagi shartnoma, bitim) bo‘lgani uchun, ushbu huquq shartnomani tuzuvchi kishiga tegishli, lekin bolaga xizmat uchun berilgan haqni sarflash huquqiga ega emas (chunki bu mulk yosh bolaga tegishli). Ota, bobo va shu ikkisining vasiylaridan boshqa hech kim yosh bolaning mulkini tasarruf qilish huquqiga ega emas. Shuningdek, yosh bolaga in’om etilgan mulkka o‘z qaramog‘iga olgan kishi egalik qila olsa-da, lekin uni sarflash huquqiga ega emas. Imom Muhammad fikricha, zarur bo‘lsa ushbu mulkni yosh bolaning o‘zi uchun sarflashi maqsadga muvofiq, chunki uni sarflamasdan ushlab turish yosh bola uchun zarardir.

 Yosh bolaning darajasiga loyiq bo‘lmagan kasb bo‘yicha ijara ko‘rinishidagi xizmatga bermaslik to‘g‘risida.

Yosh bolaning otasi to‘quvchi bo‘lmagan bo‘lsa, yosh bolani qaramog‘iga olgan kishi uni to‘quvchilik bo‘yicha ijara ko‘rinishidagi xizmatga berish huquqiga ega emas. Bu borada yosh bolaga egalik huquqi muhokamaga asoslanadi. Ushbu kasbning zararli tomoni yosh bolaning sha’ni va ijtimoiy mavqeiga ta’sir qilishi mumkin.

Izoh: Bolalarga yoshligidan biror kasb-hunar o‘rgatish ota-onaning muhim vazifasidir. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy bir dostonining qahramoni tilidan: «Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqamu ketkumdir oxir», deb bejizga yozmagan. Atoqli sharq shoiri Nizomiy Ganjaviy: «O‘qib-o‘rganilgan har bitta hunar hunarmandga bir kun foyda keltirar», deb yozganida ming bora haq edi. Yana hikmatlardan birida: «Har kimning zari bo‘lmasa-da, ammo hunari bo‘lsa, dunyoda hech bir xavf-xatari bo‘lmaydi. Shuning uchun kishi hunar ziynati bilan bezanmog‘i kerak», deyilibdi. Yana Alisher Navoiy xazratlari: «Yo‘q hunari yolg‘iz ersa kishi, qayda kishi sonida yolg‘iz kishi», deganlar. Ya’ni, agar yuz kishi bo‘lsa ham, ilm-hunari bo‘lmasa, bir kishi hisobidadir. Yolg‘iz kishi esa hech qachon insoniyat hisobida bo‘lmaydi.

O‘g‘il bolalarni ota mehnatga yollashi mumkin.

O‘g‘il bolalar voyaga yetmasalar ham, mehnat qila olish yoshiga yetsalar va ota pul topishlari uchun ularni bir ishga topshirib, tushgan puldan ularga ta’minot puli berishi mumkin. Shuningdek, ota biror ish yoki xizmat bo‘yicha ularni yollashi ham mumkin.

Izoh: Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar:  «Nabiy sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Alloh taolo dedi: «Men Qiyomat kuni qo‘yidagi uch toifa odamning dushmanidurman: Mening nomim bilan qasam ichib va’da bergach, va’dasiga vafo qilmaganning, ozod odamni (qul qilib) sotib, pulini yeganning va bir odamni yollab ishlatib, so‘ng haqini bermaganning (dushmanidurman)».

Ota qizlarini yollay olmaydi.

Agar qizlari bo‘lsa, ota ularni biror ish yoki xizmat uchun yollay olmaydi. Chunki mehnatga yollovchida qizlarni yollash huquqi yo‘q. Bu shariatda taqiqlangan.
Bir kishining farzandiga ta’lim berish yoki kasb o‘rgatish uchun kishi yollashi xususida.

Qozi, imom Faxruddin[1] o‘zining «Fatovo» asarining ijaraga oid me’yorlar bo‘limining noto‘g‘ri ijara bitimlari faslida shunday deydi: Bir kishi xizmatkori yoki farzandiga she’r, adabiyot, yozuv va hisob kabilardan ta’lim berish yoki tikuvchilik va shunga o‘xshash kasb-hunar o‘rgatish uchun kishi yollab, buning uchun olti oy va shu kabi muddat tayin etsa, ushbu bitim haqiqiy va shu muddat ichida bola ta’lim olish-olmasligidan qat’i nazar ustoz xizmati uchun haq to‘lanishi lozim.

Izoh: Xalqimizda farzandlarni yoshligidan biror hunarga o‘rgatish maqsadida ustozga shogird berishdek juda yaxshi an’ana bor. Bu odat boshqa xalqlarda uchramaydi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Istiqlol sharofati bilan bugun ona zaminimizda sertarovat, jahon andozalariga to‘la mos keladigan yuzlab kasb-hunar kollejlari bunyod etildi. O‘sib kelayotgan yosh avlod bugunning eng ilg‘or texnika va texnologiyalarini mukammal egallashini ta’minlash maqsadida ushbu ta’lim muassasalari yuqori sifatli anjomlar bilan jihozlanib, talabalarga taqdim etildi. Bu yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ishonch timsolidir.

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shunday deganlar: «Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish maqsadida halol yo‘l orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiyomat kunida u Alloh taologa yuzi o‘n besh kunlik oydek yorug‘ bo‘lgan holida yo‘liqadi».

Eng ulug‘ zotlar sanalmish payg‘ambarlar ham o‘z rizqlarini halol peshona terlari bilan topganlari, ya’ni kasb-hunar bilan shug‘ullanganlari barchamiz uchun buyuk ibratdir. Ular rizq Allohdan ekanini bilgan hollarida ham hunarsiz o‘tirmadilar. Tarixdan ma’lumki, Odam (alayhissalom) dehqonchilik, Nuh (alayhissalom) duradgorlik, Dovud (alayhissalom) temirchilik, Idris (alayhissalom) esa xattotlik bilan shug‘ullanganlar.

Ma’lumki, har qanday kasbni puxta egallash, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal o‘zlashtirmoq kerak. Kasbiga muhabbati bor inson o‘z mehnatidan charchamaydi, balki rohatlanadi. Kasbi tufayli atrofidagilarga yordami tegsa, inson o‘zini baxtli hisoblaydi. Shuning barobarida Alloh taolo tomonidan ulug‘ ajru hasanotlar berilishiga munosib ekanini his qilish bilan ruhiyati yengil tortadi, imoni quvvat oladi.

Salaf ulamolaridan biri shunday deydi: «Kimda uchta xislat bo‘lmasa, qilgan amali unga foyda bermaydi: mustahkam imon, xolis niyat va to‘g‘ri bajarilgan amal. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning: "Kimki oxiratni istasa va mo‘minlik holida (o‘z) sa’yi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarning sa’yi (Alloh nazdida) manzurdir" (Isro, 19) oyatida uchta shart aytilgan: oxirat istagida bo‘lish, buyruqlarni bajarishda sa’y-harakat qilish va mustahkam imonli bo‘lish».

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan tash-vishgina kafforat bo‘ladi», deb marhamat qilganlar.

Darhaqiqat, inson halol mehnati bilan ulug‘ savoblar va’da qilingan darajalarga erishishi mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir hadisda: «Albatta, Alloh taolo hunarmand mo‘minni sevadi», deganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislarining birida: «Hech kim qo‘l mehnati bilan topgan taomidan ko‘ra yaxshiroq narsa yegan emas. Albatta, Alloh taoloning payg‘ambari Dovud (alayhissalom) ham qo‘l mehnati orqali kun ko‘rganlar», deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

[1] Faxruddin – Hasan ibn Mancur ibn Abul Qosim Mahmud ibn Abdulaziz al-Uzjandiy al-Farg‘oniy. Qozixon Faxruddin nomi bilan mashhur. (Kashf az-zunun. – B. 1. – B. 36-37).

Muslim Atayev,

tarix fanlari nomzodi,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo‘limi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

26.12.2024   3542   4 min.
Yahudiy va Avf ibn Molik qissasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:

«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.

Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.

Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.

Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:

«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.

«Ha», dedi Suhayb.

Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:

«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:

«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.

«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.

Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.

Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.

Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.

Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.

Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.

So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.

Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».

Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.

Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.

U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi ayb­dor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar