Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Bolalar huquqi bo‘yicha milliy tariximizga teran nazar

16.11.2017   11357   12 min.
Bolalar huquqi bo‘yicha milliy tariximizga teran nazar

Har qanday ota-ona farzandining sog‘lom va zehnli, kasb-hunarli va el-yurtiga sodiq bo‘lib voyaga yetishini istaydi. O‘zbekistonda bu ulkan maqsadni amalga oshirish Istiqlolning ilk yillaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Zero, bolalari sog‘lom yurt qudratlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlangan. Asosiy Qonunimizning 45-moddasida, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yilgan. Bosh Qomusimizning 65-moddasiga binoan esa: «Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi».

Milliy huquqiy tizimimizda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini inobatga olgan holda, qariyb 20 ta qonun qabul qilinganini ta’kidlash lozim.

Bular jumlasiga «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida», «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida» (yangi tahrirda), «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida», «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlarni kiritish mumkin. Bundan tashqari, Oila kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat ijroiya kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng 1992 yil 9 dekabrda o‘zbek parlamenti ratifikatsiya qilgan birinchi majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma – Bola huquqlari konvensiyasidir. Ushbu Konvensiyani jahon bolalarining o‘ziga xos xalqaro Konstitutsiyasi deyish mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston bola huquqlariga oid o‘ndan ortiq xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan.

Xususan, O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va uning ikkita Fakultativ protokoli ishtirokchisi sifatida mazkur hujjatlarning barcha qoidasiga to‘liq amal qilib kelmoqda. Ushbu Konvensiya qoidalari milliy qonunchiligimizga hamda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga izchillik bilan implementatsiya qilindi.

Ayni paytda bolalarning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalaridan xabardorlik darajasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida inson va bola huquqlariga bag‘ishlangan darslar o‘tilmoqda. 2014 yilda 1-7 sinf o‘quvchilari uchun «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari», 8-9 sinf o‘quvchilari uchun «Davlat va huquq asoslari», «Konstitutsiyaviy huquq asoslari» fanlari doirasida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini o‘rganish tashkil etilgan.

Yurtimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ezgu ishlar 2016 yil – Sog‘lom ona va bola yilida nafaqat izchil davom etmoqda, balki yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda. Zotan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi.

Shu jihatdan, joriy yilda «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani ayni yo‘nalishdagi islohotlar uzviy va qat’iy, izchil va bosqichma-bosqich asosda davom etayotganining yorqin tasdig‘idir. Yangi Qonunda yoshlarga oid siyosatni, ya’ni navqiron avlodning rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, davlat va jamiyatni rivojlantirishda ularning intellektual, ijodiy salohiyatidan unumli foydalanishni nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi belgilab berilgani g‘oyatda muhimdir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, iqtidorli olim Muslim Atayev tomonidan nashrga tayyorlangan «Islomda bolalar huquqlari» nomli kitob bu borada yana bir mo‘jaz va muhim amaliy qadamdir. Ushbu kitob haqida fikr yuritishdan oldin yosh olimning samarali faoliyati haqida qisqacha to‘xtalishni lozim deb topdik.

Tarix fanlari nomzodi M.Atayevning ilmiy va tarixiy yo‘nalishdagi o‘nga yaqin kitobi nashrdan chiqqan. Xususan, «Ustrushana olimlari»[1], «Imom Ustrushaniy»[2] , «Jomi’ ahkom as-sig‘or»[3], «Al-As’ila val-ajviba»[4], «Sunani Dorimiy, Saylanma»[5], «Movarounnahr faqihlari»[6], «Jizzax allomalari»[7] kitoblari shu jumlaga kiradi. Shuningdek, M.Atayevning bir qator maqolalari ilmiy jurnal va to‘plamlarda e’lon qilingan[8].

Muslim Atayev «Islomda bolalar huquqlari» kitobini nashrga tayyorlashda ana shu ilmiy asarlar va maqolalarda tadqiq etilgan muayyan mavzularni yanada chuqurlashtirish yo‘lidan borgani e’tiborlidir. Xususan, yangi kitobda, avvalo, ulug‘ alloma Majduddin Ustrushaniyning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati, u yashagan davr, allomaning ustoz va shogirdlari, boy ilmiy merosi, xususan, «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari haqida qiziqarli ma’lumotlar berilgan.

Ma’lumki, Imom Ustrushaniy (Abul-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin al-Ustrushaniy) XII asr oxiri va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustrushanalik[9] ulug‘ allomadir. Majduddin Ustrushaniy fiqh ilmi jadal rivojlangan Qoraxoniylar davrida Ustrushanada tavallud topgan, fiqh ilmidan dastlabki saboqni mahalliy faqihlardan o‘rgangan.

Ishonchli qo‘lyozma manbalarga qaraganda, Mahmud va uning o‘g‘li Muhammad Ustrushaniyning ustozi Burhoniddin Marg‘inoniy hisoblanadi. Ustrushaniylar shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Eng muhimi, Imom Ustrushaniyning nafaqat «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari, balki «Kitab al-fusul», «Kurrat al-aynayn fi islah ad-dorayn», «al-Fatovo», «al-Kurud va-d-duyun» va «Al-As’ila val-ajviba» kabi boshqa asarlari ham o‘z davrida katta shuhrat qozongan.

Ammo, mana shu juda boy, noyob va nodir ilmiy-ma’rifiy, madaniy va ma’naviy meros shu paytgacha o‘rganilmay kelingan edi. E’tiborli jihati shundaki, Muslim Atayev o‘z ilmiy izlanishlari bilan ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Natijada bu boradagi tarixiy ma’lumotlar tartibga solindi, tizimlashtirildi va o‘zaro qiyosiy tahlildan o‘tkazildi.

Albatta, Majduddin Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari bundan sakkiz yuz yil avval dunyo tarixida bola huquqlariga bag‘ishlab yozilgan ilk huquqiy manba ekanini alohida qayd etish darkor. Bunday nodir asar mavjud ekanining o‘ziyoq, fikrimizcha, olis tarixda yurtimizda zabardast ulamolar va fiqhshunos olimlar tomonidan ko‘pgina huquqiy munosabatlar, shu jumladan, islom huquqining tizimi, mohiyati, manbalari va rivojlanish bosqichlari mukammal o‘rganilib, bu borada nodir asarlar yaratilganini yaqqol tasdiqlab turibdi.

M.Atayev ta’kidlaganidek, «Jomi’ ahkom as-sig‘or» islom huquqshunosligiga oid qimmatli manbadir. Shu bois bu kitob ilk marta 1982 yili iroqlik professor Abdulhamid Abdul Xoliq al-Bayzaliy tomonidan chop etilgan. Asarning ikkinchi nashri esa Qohirada «al-Azhar» universiteti professori Abu Mus’ab al-Badriy hamda o‘qituvchi Mahmud Abdurrahmon Abd al-Mun’im tomonidan tayyorlangan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va mazkur idora mas’ul xodimi Muslim Atayev «Jomi’ ahkom as-sig‘or»ning Misrda chop etilgan ikkinchi nashri bilan Toshkentda saqlanayotgan 5 ta qo‘lyozma nusxalarini solishtirib ko‘rganiga alohida e’tibor qaratish darkor. Nega deganda, shu jarayonda asarning Misr nashrida jiddiy kamchiliklar borligi aniqlangan.

Ayni shu nuqtayi nazardan, kitobning tuzatilgan va to‘ldirilgan arab tilidagi nashrini, shuningdek, o‘zbek kitobxoniga tuhfa etilayotgan ushbu nashrni tayyorlashda bunday nuqsonlar bartaraf etilgani tahsinga sazovor.

Xulosa qilib aytganda, Imom Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari voyaga yetmagan bolalarning haq-huquqlari xususida yozilgan fiqhiy asarlarning eng mukammalidir. Asarda hanafiy mazhabi bo‘yicha yosh bolalarga taalluqli fiqhga oid tarqoq holda berilgan yuzga yaqin manbalardan olingan 1 ming 280 dan ortiq fatvo o‘z mujassamini topgan.

Muslim Atayev nashrga tayyorlagan «Islomda bolalar huquqlari» kitobiga ana shu fatvolardan 400 ga yaqini saralab olingan va o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bu matnlar bugungi davrimiz bolalari hayotida uchraydigan va aksariyat ota-onalarni qiziqtiradigan mavzularga bag‘ishlangani alohida diqqatga loyiqdir. Shu ma’noda, ushbu kitob o‘zbek kitobxoni uchun nihoyatda foydali va manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.

Akmal Saidov

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, yuridik fanlari  doktori, professor

[1] Ustrushana olimlari. – T.: «Toshkent islom universiteti», 2009. – 72 b. 

[2] Imom Ustrushaniy. – T.: «Toshkent islom universiteti», 2010. – 48 b. 

[3] Jomi’ ahkom as-sig‘or / Arab tilida, muftiy Usmonxon Alimov hammuallifligida. – T.: «Toshkent islom universiteti», 2010. – 496 b. Yana qarang: Jomi’ ahkom as-sig‘or /Arab tilida, muftiy Usmonxon Alimov hammuallifligida. – T.: «Sharq», 2013. – 696 b. 

[4] Al-As’ila val-ajviba /Arab va fors tillarida. – T.: «Sharq», 2011. – 344 b. 

[5] Sunani Dorimiy, Saylanma. – T.: «Toshkent islom universiteti», 2011. – 224 b.. 

[6] Movarounnahr faqihlari / A.Sarsenbayev hammuallifligida. – T.: «Movarounnahr», 2011. – 48 b. 

[7] Jizzax allomalari. – Toshkent: «Adib» nashriyoti, 2014. – 270 b. 

[8] Qarang: «Jomi’ ahkom as-sig‘or» – bolalar huquqlari jamlangan mo‘tabar manba // Sharq mash’ali. – Toshkent, 2004. – № 2. – B. 20-22; Ustrushaniy va uning asarlari // Imom al-Buxoriy saboqlari. – T., 2004. – № 4. – B. 270-272; Ustrushana va Ustrushaniylar // Ilmiy-tahliliy axborot. TIU. – Toshkent, 2004. – № 4. – B. 49-52; Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy va uning ilmiy merosi // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. – Toshkent, 2005. – № 3-4. – B. 80-85; Ustrushana mintaqasidan chiqqan olimlar // Imom al-Buxoriy saboqlari. (Shayx Abdulaziz Mansur hammuallifligida) – Toshkent, 2008. – № 2. – B. 94-95. – № 3. – B. 174-175; The Famous Jurist of the Medieval Central Asia // SHYGYS. R.B. Suleymenov atindag‘i Shig‘istanu instituti. – Almati, 2008. – № 2. – S. 24-30; Al-Ustrushaniy yashagan davr. Mo‘g‘ullar istilosi: faqih va fiqh taqdiri. Imom al-Buxoriy saboqlari. – Toshkent, 2009. – № 4. – B. 280-287; «Kitob al-fusul» – qozilar uchun muhim manba. Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti sharqshunoslar anjumani ma’ruzalar to‘plami. № 2. ToshDSHI. – Toshkent, 2009. – B. 136-142; Islom manbalari jaholatga qarshi // Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti sharqshunoslar anjumani ma’ruzalar to‘plami. 3-son. ToshDSHI. – Toshkent, 2010. – B. 144-150; Madjduddin al-Ustrushani i yego nauchnoye naslediye. http: ziyonet.uz/uzc/library/book/24044/ libid/200200; Majduddin al-Ustrushaniy va uning bolalar huquqlari haqidagi asarining ilmiy ahamiyati. «Bola huquqlarini ta’minlashda ijtimoiy hamkorlik» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. –Toshkent, 2011. – B. 49-55. 

[9] M.Atayev o‘z ilmiy tadqiqotlarida bu istilohga muayyan aniqlik kiritgani ahamiyatlidir. Ya’ni, olimning fikricha, O‘rta asr arab manbalari asosida Ustrushana Samarqandning oldi va Sayhun daryosining (Sirdryoning) quyi qismidagi katta bir viloyat ekani aniqlangan. Ustrushana mintaqasining hozirgi joylashgan hududi Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hududini o‘z ichiga olgan. Qarang: Atayev, Muslim. Jizzax allomalari / Mas’ul muharrir: Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: «ADIB», 2014. – 32-33-betlar.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

13.06.2025   1701   4 min.
Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).


Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.

O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.


Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?


Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...

Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.

2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.

Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.

Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.

Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.

Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.

 

Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.


Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.

Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.

Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.

AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.

 

Davron NURMUHAMMAD