Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Farzandingiz qiz bo‘lsa uyalasizmi?!

15.11.2017   6131   4 min.
Farzandingiz qiz bo‘lsa uyalasizmi?!

Ba’zi odamlar orasida qiz farzandli bo‘lganda uyaladigan yoki mamnun bo‘lish o‘rniga g‘amgin bo‘ladigan tor fikrli kimsalar ham borki, ularni nazdida qiz farzandni qadri pastroqdek emish go‘yo...

Farzand Alloh taolo tomonidan beriladigan omonatdir. Alloh taolo kimgadir farzand berib imtihon qilsa, kimgadir bermasdan imtihon qiladi. U xoh qiz bo‘lsin, xoh o‘g‘il bo‘lsin hammasiga barobar tarbiya qilib, o‘stirish ota-onaning vazifasidir. Johiliyat davrlarida, ayol zotini yerga uruvchi axmoqona urf-odatlar bor edi. 4-5 yoshga to‘lgan qiz bolalarni tiriklayin ko‘mib, u keltiradigan or-nomusdan qutuldim, deb g‘urur bilan gerdayib yurishar edi. O‘sha paytlarda tarixning guvohlik berishicha, qiz bola 4-5 yoshga yetganda ota uni ko‘mib tashlamoqchi bo‘lsa, onasiga qizingni yasantirib ber, o‘ynatib kelay, der ekan. Bechora ona “o‘ynatib kelish nima ekanini yaxshi bilsa ham, johiliyat qonuniga qarshi chiqa olmas edi. Ona yurak-bag‘ri tilka pora bo‘lgan holda, qon yutib, o‘z jigargo‘shasini beshafqat eriga yasantirib berardi. Ota esa qizni chekkaroq bir joyga olib borar, unga o‘yinchoq berib o‘ynatib qo‘yib, o‘zi chuqur qazir edi. Chuqur tayyor bo‘lganda o‘ynab turgan go‘dakni o‘yinchog‘i bilan birga shafqatsizlarcha ko‘mib tashlar edi. Bunga o‘xshash ayanchli hodisalar boshqa millatlarda ham bo‘lgan. Lekin bu kabi vahshiyona odatlarga Islom dini birinchi bo‘lib qarshi chiqib, barham berdi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir», (Nahl surasi, 58-59-oyat).

Hazrati Xadicha (roziyallohu anho) onamizga qarindosh bo‘lgan Hakim ibn Hizom (roziyallohu anhu) oliyjanob, sahiy va yaxshilikni sevuvchi bir kishi bo‘lib, johiliyat davrida qizlarini tiriklay yerga ko‘mishga qasd qilgan kishilardan qizlarini sotib olib, ularning hayotini saqlab qolardi. Bir kuni Hakim ibn Hizom (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Johiliyat davrida qilgan yaxshiliklarimning menga foydasi tegadimi”, deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Sening bu go‘zal amaling Islomga kirishingga sababchi bo‘ldi”, deb javob berdilar.

Jamiyatta farzand baxtidan mosuvo kishilar ham borki, ana o‘shalarning holatidan to‘g‘ri xulosa olib farzand ko‘rishga muyassar qilganiga shukrona qilish, farzand o‘g‘il-mi qiz-mi uning haqlariga rioya qilib, chiroyli tarbiya berilishi lozim. Tirnoqqa zor kimsalar o‘zi uchun birovni bolasini boqib olmoqda. Ularga berilmagan baxtni berilganini his qilish uchun insof ko‘zi ochiq bo‘lishi zarur ekan.

Qiz bolaga chiroyli tarbiya bergan, uning huquqlariga amal qilganlar dunyoda ham, oxiratda ham baxtiyor bo‘ladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Kimiki ikki qizni turmushga chiqqunlaricha voyaga yetkazib tarbiyalasa, qiyomat kuni men va u mana bu ikkisiga o‘xshab keladi”, deb barmoqlarini bir-biriga qo‘shib ko‘rsatdilar.

Nabiy (alayhissallom): Kimgaki Alloh taolo qiz ne’mati bilan siylasa, so‘ngra ularni chiroyli tarbiyalasa, ular otasi uchun do‘zaxdan parda bo‘lishadi”, dedilar.

 Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Kimning uchta qizi yoki uchta singlisi bo‘lsa yoki ikkita qizi yoki ikkita singlisi bo‘lsa, so‘ngra ularni go‘zal axloq va chiroyli muomala bilan tarbiya qilsa, qizlari yoki singillari albatta uning jannatga kirishiga sababchi bo‘ladi”, deganlar.

Yuqoridagi hadislar naqadar mukammal, insonparvar, adolatli va oliyjanob din ekanini yana bir bora isbotlamoqda. Dinimizga munosib bo‘lishimiz, uning ko‘rsatmalariga rioya qilishimiz bizni kamolot sari yetaklaydi. 

Oilalarimizdagi, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, xursandchilik va xotirjamlik abadiy bo‘lib qolishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.

 

Abutolib ISAQOV

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani

“Oq masjid” jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   7305   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari