Inson doimo pokiza bo‘lib yurishga, uyi, ish joyini saranjom qilishga odatlanishi lozim. Bu bilan o‘zi salomat, yashab, ishlab turgan yerida qut-baraka bo‘ladi. Dini mubinimiz ham insonlarni poklikka chaqiradi. Tozalik imondan ekanini uqtiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Albatta, Alloh pokdir, poklikni sevadi, U tozadir, tozalikni sevadi...”, deganlar.
Dinimizda tirnoqlarni vaqtida qisqartirish ham tozalikning bir belgisi bo‘lishi bilan birga, Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlari ham hisoblanadi. Muhammad mustafo (s.a.v.) “Kim juma kuni tirnoqlarini qisqartirsa, Alloh taolo undan kasallikni chiqarib, o‘rniga shifo kirgizib qo‘yadi”, deganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim juma kuni tirnoq olsa, Alloh uni keyingi jumagacha balolardan saqlaydi. Uch kun qo‘shimchasi ham bor”, dedilar.
Demak, tirnoq olish orqali inson turli kasalliklardan xalos bo‘lar ekan. Yana bir hadisi sharifda shunday deyiladi: “Kimki, juma kuni tirnoqlarini qisqartirsa, u inson moxov kasalidan ham omon bo‘ladi”.
Bir kuni Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) huzurlariga bir kishi kelib ko‘z og‘rig‘idan shikoyat qildi. Shunda Rasuli Akram (s.a.v.): “Kim ko‘z og‘rig‘i kasalidan najot topishni va dunyoda boy-badavlat bo‘lishni xohlasa, payshanba kuni asr namozidan keyin tirnoqlarini qisqartirsin”, dedilar.
Shu o‘rinda tirnoq olishning tartibi haqida ham bilib olsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Imom Navaviy bu borada shunday deganlar: “Tirnoq olishlik avval qo‘llardan boshlanadi. Birinchi o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘idan boshlab, so‘ng o‘rtancha barmoq, keyin nomsiz barmoq, so‘ng jimjiloq va nihoyat, bosh barmoqning tirnoqlarini qisqartirish lozim. Keyin chap qo‘lning jimjilog‘idan boshlab, navbat bilan bosh barmoqqacha tirnoqlar qisqartiriladi. Qo‘llardan so‘ng o‘ng oyoqning jimjilog‘idan boshlab, chap oyoqning jimjilog‘ida tugatiladi”. Ushbu tartib ulamolar nazdida mustahab sanaladi.
Ilhom Ma’rupov
tayyorladi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi