Alloh taolo taqvodor insonlar haqida shunday marhamat qiladi: “Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.” ( Oli Imron surasi 134-oyat). Ya’ni taqvodor insonlar – bular har qanday holatda ham to‘qlikda ham, tanglikda ham, qiyinchilikda ham, yengillikda ham, sog‘liklarida ham, kasal bo‘lganlarida ham o‘z mollaridan faqirlarga sadaqa va qarindoshlarga esa silai rahm qiladiganlardir. Ular o‘zlari kuchli bo‘lsalar ham birovga ozor bermaslik uchun g‘azablarini yutadiganlardir. Abu Hurayra roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Paxlavonlik tosh ko‘tarishda emas, balki kuchlilik insonning g‘azabi kelganida o‘zini tiya olishidadir”- dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati) Xorisa ibn Qudoma as-Sa’diy aytadi: “Ey, Allohning Rasuli! Menga bir ish qilishni maslahat bering!”- deb so‘radim. Shunda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab qilma!”- dedilar. (Imom Ahmad rivoyati)
G‘azabning davosi haqida Utya bin Sa’d as-Sa’diy roziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, g‘azablanish shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov suv bilan o‘chadi. Kimning g‘azabi kelsa, u tahorat olsin!”- dedilar”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati.)
Taqvodor insonlar odamlarning xato va kamchiliklarini afv etadilar hamda ularga qilingan ozorlarini o‘zlariga qaytarishga imkonlari bo‘lsa ham, ularga iltifot qiladilar. Bu esa insondagi aql va fikrning mulohazakorligi, kuchli iroda va quvvatga egaligini namoyon qiladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida Nido qiluvchi: “Insonlarning xato va kamchiliklarini afv etganlar qayerda? Robbingizning oldiga shoshilinglar, ajr (mukofot)laringizni olinglar. Har bir kechirimli oliyjanob musulmonning jannatga kirishi haqdir”-deb aytadi”- dedilar”. (Tabaroniy va Hokim rivoyati.)
“(Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Alloh zimmasidadir”. ( Sho‘ro surasi 40-oyat). Adolat nuqtayi nazaridan qaraganda, har qanday o‘lchovda o‘lchanmasin yomonlikning jazosi ana o‘shanday yomonlik, yaxshilikning mukofoti xuddi shunday yaxshilik bo‘ladi. Agar shunday qilinsa, uni hech kim malomat qilmaydi. Lekin agar kim yomonlik ila zulm qilgan kimsani afv etsa, oradagi ginalarni unutib, unga chiroyli muomala qilsa, uning mukofoti Allohning zimmasida bo‘lib, Alloh taolo unga ulug‘ ajr beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bandasiga uning afvi sababli unga izzat-ikromni ko‘paytiradi.”- dedilar.” (Imom Ahmad, Muslim va Termiziy rivoyati) “Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir.” ( Sho‘ro surasi 43-oyat).
“ (Ey, Muhammad!) Iymon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari(qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (U sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” ( Josiya surasi 14-oyat). Ya’ni ey Allohning nabiysi Alloh va uning rasulini tasdiqlaganlarga ayting: “Ular Allohning turli azoblari qoim bo‘ladigan kundan qo‘rqmaydigan mushriklarning aziyatlarini afv etsin, kechirsin va ularga sabr qilsinlar!” Shunda Alloh taolo u mo‘minlarni bu dunyoda aziyatlarga sabr qilib, g‘azablarini ichlariga yutib, yomonliklardan o‘zlarini saqlab va yaxshi amallar qilganliklari sababli mukofotlagay. Va albatta, “Kimki yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchundir. Kimki yomonlik qilsa, bas, o‘z zararigadir. So‘ngra Robbingiz huzuriga qaytarilursiz.” ( Josiya surasi 15-oyat).
Demak, yuqoridagi oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, kechirimli bo‘lish, g‘azabi kelganda o‘zini tiya olish va boshqalarning aziyatlariga sabr qilish ulkan ajr-u savoblarga sabab bo‘ladi. Hayotimiz davomida boshqa insonlarga g‘azab qilmasdan, ularni kamchiliklarini kechirib, ular bilan ahil-inoq yashar ekanmiz ana o‘sha hadisda keltirilgandek haqiqiy “pahlavonlik” hisoblanadi. Insonlarga nisbatan kechirimli bo‘lsak, shoyad Alloh taolo bizning ham gunohlarimizni kechib yuborsa. Alloh taolo barchalarimizni hayotimiz davomida O‘zining dinida bardavom bo‘lishimizni nasib etsin! Omiyn!
Jaloliddin Hamroqulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlaridagi ko‘plab fazilatlarni doimo o‘z o‘rnida ishlatar edilar. U kishining hayotlari va faoliyatlarini o‘rganish davomida bu haqiqat darhol ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, u kishining hozirjavobliklari kishini qoyil qoldiradigan darajada ajoyibligiga e’tibor bermay bo‘lmaydi.
Qazoi qadar masalasi inson o‘z kasbi uchun javobgar ekanligini isbot qilarkan, musulmonlarning faqat yaxshilikka intilishlariga, barcha yomonliklarni tark etishga harakat qilishlariga birinchi omil bo‘lishi kerak.
Hech kim qazoi qadarni ro‘kach qilib, o‘zini mas’uliyatdan olib qocha olmaydi. Bir o‘g‘ri hazrati Umarga:
«Qazoi qadar shu ekan, o‘g‘rilik qilibman. Nega endi qo‘limni kesar ekansan?» deganida u kishi:
«Sen qazoi qadar ila o‘g‘rilik qilgan bo‘lsang, men qazoi qadar ila qo‘lingni kesaman», degan ekanlar.
Hozirjavoblikni qarang. Bu uncha-buncha odam javob topa olmay qoladigan holat. Ammo Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘g‘rining gapini og‘zidan chiqishi bilan bo‘g‘ziga yopishtirganlar.
Hazrati Umarning huzurlariga eriga qarshi chiqqan bir ayolni olib kelishibdi. U zot ayolni axlat to‘plangan uyga qamab qo‘yishni buyuribdilar. Vaqti kelib, ayolni keltiribdilar va «Holing qalay?» deb so‘rabdilar. Ayol bo‘lsa:
«Erga tekkanimdan beri faqat siz qamab qo‘ygan kuni rohat qildim», debdi.
Shunda hazrati Umar ayolning eriga qarab:
«Uning sirg‘asini olib bo‘lsa ham, xulu’ qil», degan ekanlar.
Imom Ahmad Mujohiddan «Kitobiz-Zuhd»da quyidagi rivoyatni keltirgan:
«Hazrati Umarga:
«Ey, mo‘minlarning amiri, gunoh ishni xohlamaydigan va qilmaydigan odam afzalmi yoki xohlab turib, qilmaydigan odam afzalmi?» deb xat yozishibdi. Hazrati Umar:
«Albatta, gunoh ishni xohlab turib, qilmaydiganlar afzal. Ana o‘shalar Alloh qalblarini taqvoda imtihon qilgan zotlardir», deb javob yozgan ekanlar.
Ha, taqvo ulkan ne’mat bo‘lib, u har kimga ham berilavermaydi. Alloh taolo taqvoni sinovdan yaxshi o‘tgan, qabul qilishga tayyorlangan, shunday ulug‘ ilohiy ne’matga haqli bo‘lgan qalblargagina beradi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi