Kim Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shafoatlarini xohlamaydi?
Kim jannatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan kavsar suvini ichishni istamaydi?
Kim jannatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qo‘shnisi bo‘lishni xohlamaydi?
Kim Nabiy sollallohu alayhi vasallamni xursand qilishni xohlamaydi?
Kim Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom bo‘lishni istamaydi?
Bularning barchasini qo‘lga kiritishimiz uchun payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga doim salavot aytishimiz lozim bo‘lar ekan.
Alloh taolo Qur’oni karimda biz bandalariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishimiz ta’limotini berib, bunday xitob qiladi:
إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا
“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (sizlar ham) unga salavot va salom ayting!” (Ahzob,56)
“Salavot” so‘zi – duo, rahmat, ulug‘lash va maqtash ma’nolarini bildiradi. “Salom” so‘zi esa – barcha balo va ofatlardan omonda bo‘lish demakdir.
Alloh taolodan bo‘ladigan salavot va salom – rahmat va maqtov ma’nosida. Farishtalardan bo‘ladigan salavot va salomlar esa – istig‘for va duo ma’nosidadir.
Yuqorida keltirilgan oyati karimada olamlar Rabbisi va yaratuvchisi bo‘lmish Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishga buyurmoqda. Bu esa Payg‘ambarimizning martabalari hamda u zotga nisbatan salavot va salomlarning o‘rni naqadar oliy ekanidan dalolatdir.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: "Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi (ya’ni, o‘nta gunohini mag‘firat qiladi)".
Abu Tolha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam xursand holda keldilar. Biz: "Yuzingizda xursandchilikni ko‘ryapmiz! (nima bo‘ldi?), dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mening oldimga farishta (Jabroil alayhissalom) keldi va: "Ey, Muhammad! Robbingiz shunday dedi: "Men sizga bir marta salavot aytgan kishiga o‘nta salavot aytishim va sizga bir marta salom aytgan kishiga o‘nta salom aytishim sizni rozi qilmaydimi", – deb xabar berdi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: "Qiyomat kunida ummatlarimning menga eng yaqini, menga ularning salavotni eng ko‘p aytuvchilaridir".Imom Sanoniy bu hadisi sharifdagi "insonlarning menga eng yaqini" degan gapni "insonlarning menga turar joyi va shafoatimga haqli bo‘lish jihatidan eng yaqini" deb, boshqa muhaddis ulamolar esa "jannatdagi o‘rin jihatidan menga eng yaqini" deb sharhlaganlar. Hammamizga ma’lumki, qiyomat kunida hech bir inson uchun shafoatchi, yordamchi bo‘lmaydi.
Faqatgina, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgina Alloh taoloning roziligi bilan O‘zlari xohlagan ummatlarini shafoat qiladilar. O‘sha shafoatga sazovor bo‘ladiganlarning bir turi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salavot va salomni ko‘p aytuvchilardir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom aytib turish – har bir bandaning burchi. Alloh taolo shunga amr qilgan. Ammo juma kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish yana ham zarur va alohida fazilatga egaligini ushbu hadisdan bilib olamiz.
Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Juma kuni menga salavotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkazilur va men eshiturman», dedilar» (Imom Shofe’iy va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning jannatda menga eng yaqin bo‘ladiganlaringiz menga salavotni ko‘proq aytadiganlaringizdir. Bas, yorug‘ kecha va nurli kunda menga salavot aytishni ko‘paytiringlar», dedilar (Imom Shofe’iy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Hadisi sharifdagi «yorug‘ kecha»dan murod juma kechasi, «nurli kun»dan murod juma kunidir.
Ana shundoq. Bir kunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytmoq juda ham marg‘ub ish. Ummatlarning aytgan salavotlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga arz qilinur. Allohning amri ila u Zot sollallohu alayhi vasallam bu salavotlarni eshitadilar, ulardan xursand bo‘ladilar.
Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatiga musharraf bo‘lishni xohlaydi – unda Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga salavotni ko‘paytirsin!
Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan kavsar suvini ichishni xohlaydi – Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga salavotni ko‘paytirsin!
Kim sunnatga amal qilishni xohlaydi – unda Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga salavotni ko‘paytirsin!
Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni xursand qilishni xohlaydi –Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga salavotni ko‘paytirsin!
Kim jannatda Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamga eng yaqin bo‘lishni xohlaydi – Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga salavotni ko‘paytirsin!
"As – Solatu vas – salamu alayka ya Rosulalloh" (ya’ni, Ey, Rasululloh! Sizga salavot va salomlar bo‘lsin!
Jamshid NAZAROV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sahobai kiromlar iymonu Islom, shariatu tariqat, axloqu odob va shunga o‘xshash barcha kerakli narsalarda har birlari biz uchun muqtado bo‘lgan ajoyib insonlar jamoasidir.
Ushbu mavzuga kirishdan avval «sahoba» va «fazl» so‘zlarining ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim.
«Sahoba» so‘zi «sahiba» o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda «suhbatdosh bo‘lmoq» va «sohib bo‘lmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni musulmonlik hollarida ko‘rgan odamga sahoba deyiladi.
Musulmon odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsa bo‘ldi, suhbatlashib o‘tirmasa ham sahoba bo‘laveradi.
Ulamolar bu masalada ko‘plab batafsil bayonotlar, turli fikr-mulohazalarni keltirganlar. Lekin mazkur tortishuvlarning barchasining natijasi yuqoridagi ta’rifga borib taqaladi.
«Fazl» so‘zi lug‘atda «ziyoda», «ortiqlik», «ustunlik» degan ma’nolarni anglatadi.
Shundan «Sahobalarning fazli» iborasining ma’nosini tushunib olish mumkin.
Payg‘ambar alayhissalom hazrati Jobir roziyallohu anhuga va «Bay’atir-Rizvon»da ishtirok etgan boshqa sahobiylarga qarata: «Sizlar yer yuzidagi eng yaxshi odamsizlar», deganlar.
Shunga binoan, har bir musulmon mazkur baxtiyor shaxslarni sevishi, hurmatlashi va e’zozlashi lozimdir.
Alloh taolo ularga «yaqin fath»ni mukofot qilib berdi. Hudaybiyadan so‘ng tezda butun dunyoni fath qilish boshlandi. Ikki oydan ko‘p vaqt o‘tmay, birinchi, eng muhim fathlardan biri – Xaybar fathi bo‘ldi. Undan keyin esa navbatdagi fathlar ketma-ket sodir bo‘laverdi.
Musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘zini, javharini tashkil etar edilar. Ular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlar edi.
«Birinchi peshqadam muhojirlar».
Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmagan paytda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir.
Ulamolar: «Ushbu oyatda «oliy maqom egalari» deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalardir», deydilar. Chunki ular eng qiyin vaqtda iymonga kelib, eng qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.
Ikkinchi qism – «ansoriylar», ya’ni Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Aqaba»da bay’at qilgan, din qardoshlarini o‘z yurtlari – Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida o‘zlari yemay, ularga yedirgan, o‘zlari kiymay, ularga kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.
Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar», ya’ni peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik, ya’ni eng qiyin damda safda bo‘lmaganliklari yetishmaydi, xolos. Alloh ana shu uch toifadagi musulmonlarning barchasidan «rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».
Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham mana shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonishi, qazosidan yaxshilik kutishi, ne’matlariga shukr qilishi, balo-ofatlariga sabr qilishidir.
Alloh ulardan rozi ekanligi uchun: «Ularga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni… tayyorlab qo‘ydi».
Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar, balki «ular u (yer)larda abadiy mangu qoluvchi bo‘lgan hollarida».
Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.
«Ana o‘sha ulkan yutuqdir».
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?
Alloh «Hashr» surasida sahobai kiromlarni shunday madh etadi:
«Diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan, Allohdan fazl va rozilik umid qiladigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam beradigan faqir muhojirlargadir. Ana o‘shalar sodiqlardir» (8-oyat).
Muhojirlar aslida makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon yo‘lida ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko‘chib o‘tganlar). Shu sababli ularning ko‘pchiligi miskin, faqirga aylanganlar.
Ular faqatgina Alloh beradigan fazlni deb, Uning roziligini topamiz, deb bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning va Rasulining ishiga qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «Iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi