Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir (Nur, 22).
Mazkur oyatda Alloh taolo Mistoh ibn Usosa (roziyallohu anhu)ga abadiy nafaqa qilmaslikka qasam ichgan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu)ni odobga chaqirmoda. Mistoh ibn Usosa (roziyallohu anhu) u zotning xolasining o‘g‘li edi. Mistoh yetim bo‘lgani va faqirligi sabab, unga Abu Bakr (roziyallohu anhu) yordam berardi. Oysha (roziyallohu anho) haqidagi "Ifk" voqeasida qarindoshining ham ishtirok etganiga hafa bo‘lgan Abu Bakr (roziyallohu anhu) unga nafaqa qilmaslikka qasam ichdi. Shunda mazkur oyat nozil bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakr (roziyallohu anhu)ga mazkur oyatni o‘qib berdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oyatning "Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?!" degan qismiga yetganlarida Abu Bakr (roziyallohu anhu): "Ha, Rabbim gunohlarimni kechirishini yaxshi ko‘raman. Men ham bo‘lgan barcha ishlarni kechirdim", dedi. So‘ngra Mistoh (roziyallohu anhu)ga oldingidek yordam qilishda davom etdi. Alloh taolo gunoh va kamchiliklarini kechirishini yaxshii ko‘rgan odam, yaqinlari tomonidan qo‘yilgan xato va aziyatlarni kechirishi lozim. Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Rahim qilmaganga, rahim qilinmas”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mufassirlar oyatda "fazilat egasi", deb tarjima qilingan "ulul fazl" so‘zidan Abu Bakr (roziyallohu anhu) iroda qilinishiga ijmo qilishgan. Ushbu oyat Abu Bakr (roziyallohu anhu) Alloh taoloning Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan keyin odamlarning eng fazilatli bandasi ekaniga dalil bo‘ladi. Bu yerda dunyo yoki din jihatidan fazilatli bo‘lishini tushunish mumkin. Dunyo jihatdan fazilatli degan tushuncha noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo tomonidan dunyo bilan madh etilishi joiz emas. Agar "ulul fazl" so‘zidan dunyo jihatidan fazilatli bo‘lish iroda qilinganda, undan keyin kelgan "keng mol-mulk", deb tarjima qilingan "sa’a" kalimasi takrorlangan bo‘lib qoladi. Shuning uchun Abu Bakr (roziyallohu anhu) din jihatdan fazilatli ekani aniq bo‘ladi.
Ushbu oyat gunohi kabiralar solih amallarni bekor qilmasligiga dalildir. Chunki Mistoh ibn Usosa (roziyallohu anhu)ning hijrat qilishi solih amal edi. Oysha (roziyallohu anho)ga zino bilan tuhmat qilishi gunohi kabira bo‘lgan. Shundan keyin ham Alloh taolo uni muhojir deb zikr qilgan. Bu haqida Imom Qurtubiy bunday degan (rahmatullohi alayh): “Alloh taolo “Ifk” voqeasidan keyin Mistoh (roziyallohu anhu)ni mo‘min va muhojir deb sifatlagan. Bundan gunohi kabira solih amallarni bekor qilmasligi ma’lum bo‘ladi. Gunohi kabiralardan Allohga shirk keltirishgina barcha amallarni bekor qiladi. Bu borada Alloh taolo: “…Agar mushrik bo‘lsang, albatta, qilgan amaling behuda ketur…”, degan” (Zumar, 65).
Qarindoshlarga yaxshilik qilish, ularni holidan xabar olish va aloqalarni mustahkamlash Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnati va Alloh taoloning buyrug‘idir. Alloh taolo qarindoshlarning haqlarini ado qilishga buyurib bunday deydi: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!” (Isro, 26).
Abu Bakr (roziyallohu anhu) Alloh taoloning buyruqlariga ta’zim qilib, va doim xalqqa juda mehribon edi. Shuning uchun Abu Bakr (roziyallohu anhu) din va mol-mulkda fazilatli degan ikki buyuk sifat bilan zikr etildi. Shuningdek bu ikki sifat siddiqlarning oliy martabalaridandir. U zotning bu sifatga ega bo‘lishiga saxiy va karim ekani va hammaga birdek yordam berishi ham sabab bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarning eng yaxshisi, odamlarga ko‘p manfaati tegadiganidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Muqaddas dinimizda kechirimli bo‘lish mo‘minning go‘zal sifatlaridan ekani aytiladi. Abu Dardo (roziyallohu anhu)ga “Eng aziz inson kim?” deb savol berilganda, u zot “Kechirishga qodir bo‘lib, afv qilgan odam”, deb javob bergan ekan. Shuning uchun Alloh taolo bandalarini o‘zaro kechirimli bo‘lishga buyuradi. Afv qilish va taqvoli bo‘lish bir-biriga yaqin tushunchalardir. Kimning afv qilishi va kechirimli ekani quvvatli bo‘lsa, uning taqvosi kuchli bo‘ladi. Mana shunday bandaning darajasi Alloh taoloning oldida ham oliy bo‘ladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir” (Hujurot, 13).
Imom Hasan (rahmatullohi alayh): “Mo‘minning xulqlarini afzali afv qilishdir”, degan. Inson yaqin birodari yoki qarindoshini kechirish bilan xato qilgan kishiga rahim qilgan bo‘ladi. Shuningdek Alloh taoloning buyrug‘ini bajarib, Uning rahmati va mag‘firatiga sazovor bo‘ladi. Shu bilan birga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatiga amal qilib, qiyomat kuni u zotning shafoatiga erishadi.
Manbalar asosida Bahriddin PARPIYEV tayyorladi
Shu yil 23 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahar va viloyatlar vakilliklarining huquqshunoslari, kadrlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari uchun onlayn seminar-trening o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Huquqshunoslik bo‘limi mudiri v.b. Jahongir Xotamov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov huquqiy va hujjat yuritish bo‘yicha nutq qildilar. Jumladan, diniy tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini barcha mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati ijrochilarga to‘liq yetkazish, mehnat qonunchiligiga oid hujjatlarni to‘g‘ri yuritish va mas’ul xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, diniy soha xodimlarini qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilib borish, kadrlar faoliyatiga oid buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlar almashinuvini to‘liq tizimlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida hisobot taqdim etish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalarga ham urg‘u qaratildi.
Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar javob berish barobarida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati