Alloh taolo aytadi: «Ey iymon keltirganlar! Qachon juma kuni namozga nido qilinsa, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark qilinglar. Agar bilsangiz, ana shundoq qilmog‘ingiz siz uchun yaxshidir», (Juma surasi, 9-oyat).
Ushbu oyati karima juma namozining farzligini bayon qiluvchi oyatdir. Bunga Islom ummatidan hech kim xilof qilmaydi.
Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Quyosh chiqqan kunnning eng yaxshisi juma kunidir, chunki u kunda Odam alayhissalom yaratilgan, u kunda jannatga kiritilgan va u kunda jannatdan chiqarilgan va qiyomat ham juma kuni bo‘ladi”, dedilar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bunday rivoyat qiladilar: “Agar kimki juma kuni g‘usl qilib, juma namoziga borsa, o‘sha g‘usl badanini poklaganidek juma namozi gunohlarini yuvadi va har bir qadamiga Alloh taolo yigirma yillik ibodat savobini, juma namozini o‘qib bo‘lgach, ikki yuz ellik toat-ibodatning savobini u bandaning nomai amoliga yozadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo farishtalarga juma kuni yerga tushishni amr etadi. Har birining qo‘lida oltin qalam va nuqradan qo‘g‘oz bo‘lib, yer yuzida masjidlar oldiga borib turishadi. Farishtalar juma kuni masjid eshigidan kirib kelganlarning ismini yozib oladilar. “Iloho, sening farmoninga binoan juma masjidiga kirganlarning ismini yozib keldik”, deydilar. Shunda Alloh taolo: “Ular qanchalik gunohkor bo‘lishmasin, hamma gunohlarini mag‘firat etdim”, deydi.
Said ibn Musayyab aytadilar: “Juma namoziga borishim menga nafl hajni qilishdan sevimliroqdir”.
Ka’bul Axbor: “Bir qadah olov ichmog‘im men uchun bir qadah aroq ichmog‘imdan yaxshiroq. Bir qadah aroq ichmog‘im namozi jumaga bormay qolishimdan yaxshiroq. Namozi jumaga bormay qolishim odamlarning saflari ustidan xatlab o‘tishimdan yaxshiroq”, deb aytganlar.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abdulloh PARPIYEV
tayyorladi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatidagi diniy soha vakillari ishtirokida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda stol tennisi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ko‘tarinki ruh va do‘stona muhitda o‘tgan bellashuvlarda ishtirokchilar bilim, tafakkur va chaqqonlik borasida o‘z mahoratlarini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.
“Zakovat” intellektual o‘yini natijalari:
1-o‘rin — Marg‘ilon shahri jamoasi;
2-o‘rin — Oltiariq tumani jamoasi;
3-o‘rin — Farg‘ona shahri jamoasi.
Stol tennisi musobaqasi natijalari:
1-o‘rin — Sarvar Rahmonzoda («Eshonbobo» jome masjidi imom noibi);
2-o‘rin — Muhammadyunus Mirzarahimov («Sulaymonbek hoji» jome masjidi imom noibi);
3-o‘rin — Muhammadyusufxo‘ja Saidxo‘jayev («Abu Muso al-Ash’ariy» jome masjidi imom noibi).
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati