O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlangan serqirra nutqida yurtimiz taraqqiyotida “ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib”, “mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan” borilayotgani uqtirildi. Ushbu yangi qiyofani yaratish doirasidagi bunyodkor faoliyatda bolalar huquqini muhofaza qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi yotganligiga alohida urg‘u berildi. Zero, Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, “sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq”.
Nufuzli xalqaro anjumanga taqdim etilgan ushbu ma’ruzada o‘z ifodasini topgan benihoya dolzarb takliflardan biri, shubhasiz, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilish g‘oyasi bo‘ldi. Bu taklif bugungi dunyo oldida turgan asosiy vazifa “...yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir” degan tezislar bilan ishonchli ravishda asoslab berildi. Shuningdek, Prezidentimiz chiqishida muqaddas dinimizning ezgulik va tinchlik qo‘rg‘oni hamda yuksak insoniy fazilatlar sarchashmasi ekani ham alohida ta’kidlangani barchamizga yaxshi ma’lum.
Yurtimizning bugungi taraqqiyoti ko‘zgusi orqali qaralganda, mamlakatimiz rahbarining taklif va mulohazalari Yangi O‘zbekistonda barkamol avlod tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, bolalarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash eng ustuvor vazifaga aylanib borayotganiga asoslangani ayon bo‘ladi. So‘nggi chorak asr davomida mamlakatimizda qabul qilingan 22 ta qonun, 15 kodeks va 100 dan ortiq qonunosti hujjatlarida bola huquqlari va manfaatlari o‘z ifodasini topgani, bola huquqlariga oid normativ huquqiy bazaning muntazam mustahkamlanib, uning institutsional asoslari shakllanib borayotgani ushbu fikrning yorqin isbotlaridir.
Mamlakatimiz rahbari nutqida bayon etilgan g‘oyalar donishmand ajdodlarimiz tomonidan bolalar huquqi masalasida to‘plangan ibratli tajriba bilan ham to‘liq hamohangdir.
Ta’kidlash joizki, musulmon dunyosi hududidagi bola huquqiga oid ilk ilmiy-nazariy va amaliy-tatbiqiy qarashlar tizimi XIII asrda aynan bizning yurtimizda ishlab chiqilgan bo‘lib, bu hol insoniyat taraqiyotidagi benazir tarixiy hodisadir. Gap Jizzax vohasidan yetishib chiqqan ulug‘ mutafakkir, buyuk faqih Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn al-Ustrushaniy qalamiga mansub “Jome’ ahkom as-sig‘or” (“Bola huquqlari to‘plami”) asari haqidadir. Aynan shu asar bolalar huquqiga bag‘ishlangan dunyo tarixidagi birinchi yozma huquqiy manba sanaladi. Shunga ko‘ra, al-Ustrushaniyning “Jome’ ahkom as-sig‘or” asari, shubhasiz, umuminsoniy sivilizatsiyada namoyon bo‘lgan huquqiy mohiyatga ega betakror fenomen sifatida baholanishga haqlidir.
Aytish lozimki, mamlakatimiz hududlarida bolaning yuksak qadriyat ekanligi eng qadimgi davrlardan boshlaboq tan olingan bo‘lib, bu hol qadimgi yozma manbalarda o‘z tajassumini topgan. Xususan, «Avesto», So‘g‘d yozma manbalari va hujjatlarida huquqiy mohiyatga ega milliy an’analar va urf-odatlar hamda oilaviy marosimlarga oid ko‘plab ma’lumotlarni uchratish mumkin. Shuningdek, «Al-Hidoya», «Al-Muhit», «Majma’ ul-Maqsud» kabi mo‘tabar manbalar, shuningdek, bizgacha yetib kelgan ko‘p sonli qozilik hujjatlari bolalar huquqiga oid islomga asoslangan milliy qarashlar tizimini o‘zida aks ettirgani buning dalillaridir. “Jome’ ahkom as-sig‘or” esa, ushbu sohada erishilgan yutuqlarning cho‘qqisi bo‘ldi deyilsa, haqiqatga aslo xilof bo‘lmaydi.
Ma’lumki, islom dinida inson huquqlari bola huquqlaridan boshlanadi. Tarixiy Ustrushana – bugungi Jizzax vohasidan yetishib chiqqan va Markaziy Osiyo Renessansiga salmoqli hissa qo‘shgan olimlar ichida buyuk faqih Muhammad al-Ustrushaniyning ushbu masalaga oid ilmiy merosi alohida o‘rin tutadi. Uning shoh asari bo‘lgan “Jome’ ahkom as-sig‘or” bolalar huquqini o‘rganishga bag‘ishlangan dunyodagi birinchi va benazir yozma huquqiy manba sanaladi. Zero, XX asrgacha bo‘lgan davrda insoniyat tarixida bolalar huquqiga bag‘ishlangan boshqa asar yaratilgani hozircha ma’lum emas. Mazkur fakt XII asrning oxiri-XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan alloma va faqih Muhammad al-Ustrushaniy ilmiy xizmatlarining nechog‘lik zalvorli ekanini ko‘rsatadi.
«Jome’ ahkom as-sig‘or»da fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda berilgan bolalarga taalluqli shar’iy fatvolar yig‘ilib, tizimlashtirilgan va muayyan tartibda tadqiq etilgan. O‘z asarini yaratish yo‘lida muallif o‘zidan oldin yashagan 120 dan ortiq hanafiy faqihlar fikrlarini o‘rganib, chuqur tahlil qilgan. Islom huquqshunosligi oid ushbu nodir asarda bolalar huquqi bo‘yicha kelib chiqadigan muammolar adolatli hal qilinib, bolalarning jamiyatdagi xavfsizligi va asosiy huquqlarining daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab masalalar ko‘rib chiqilgan. Unda hanafiy mazhabi bo‘yicha bolalar huquqiga taalluqli fiqhga oid 1280 dan ortiq fatvo o‘z tajassumini topgan. Asarda ushbu sohada faoliyat yuritadigan huquq-tartibot mahkamalari faoliyatini tashkil etishga doir qimmatli amaliy ko‘rsatmalar berilgan. Kitob islom huquqining eng muhim va mukammal tizimlarini o‘zida mujassam etib, salkam sakkiz asrdan beri o‘zining hayotiyligini isbotlab kelayotgan mo‘tabar manbalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu al-Ustrushaniy asarining voyaga yetmagan bolalar huquqlari xususida yozilgan fiqhiy asarlarning eng mukammali ekanini ko‘rsatadi.
«Jome’ ahkom as-sig‘or»da o‘z aksini topgan diqqatga sazovor jihatlardan yana biri shundaki, unda bola tug‘ilmasdan avval ham, tug‘ilganidan keyin ham inson hisoblanishi, u jismonan, aqlan va ijtimoiy jihatdan to‘liq voyaga yetib, mustaqil bo‘lguniga qadar maxsus g‘amxo‘rlik va himoyaga muhtojligi alohida ta’kidlangan. Shuning uchun ham u bugungi islomshunoslar va islom huquqi tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba vazifasini o‘tashga loyiqdir.
Shu o‘rinda nazarda tutilayotgan asarning amaliyot bilan bog‘liq ahamiyati nimalarda namoyon bo‘ladi degan masala bo‘yicha bir-ikki misol keltiraylik. Ma’lumki, bugungi dunyoda bola huquqlari bilan bog‘liq muammolar, xususan, homilaning qachondan boshlab inson hisoblanishi qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ayrim hollarda bola qachondan boshlab muayyan huquqlarga ega bo‘ladi degan masalada ham bahs-munozaralarga guvoh bo‘lish mumkin. Ta’kidlash lozimki, islom dinida bola huquqlari u hali tug‘ilmasdan boshlab muhofaza qilinadi. Bunga misol sifatida ajrashgan yoki eri vafot etgan ayollarga idda saqlash shart qilinganini ko‘rsatish mumkin. Bundan maqsad homilador ayol qornidagi bola nasabining aniq bo‘lishiga erishishdir. Bolaning nasabi aniq bo‘lishi esa, uning eng birinchi haqqidir. Shu bilan birga, tug‘ilmagan bolada ham meros olish huquqi bor. Al-Ustrushaniy asarining «Tirik mavjudotning hayoti qachon boshlanadi?», «Bola qachondan bola hisoblanadi?» kabi bo‘limlarida mazkur savollarga islom shariatiga asoslangan ishonchli javoblar berilgan.
Xulosa qilib aytganda, «Jome’ ahkom as-sig‘or» asari – asrlar davomida ajdodlarimiz tomonidan e’zozlab kelingan serqirra milliy qadriyatlar va boy huquqiy merosning bola huquqlariga oid bayonini o‘zida mujassam etgan bebaho manbalardan biridir. Bunday manbalarni yanada chuqurroq o‘rganish, ularning nafaqat ilmiy doiralar, balki undan-da kengroq jamoatchilikka yetkazish mamlakatimiz rahbari tomonidan qo‘yilayotgan yosh avlod tarbiyasiga oid dolzarb vazifalarning jadal va sifatli hal qilinishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
.
Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.
So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.
Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.
Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.
Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)