Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Baxtli oila qurish sabablaridan biri...

23.10.2017   9724   9 min.
Baxtli oila qurish sabablaridan biri...

Oila qurish bir umrlik uzoq safar bo‘lib, agar har ikki taraf yaxshi niyat ila xolis bo‘lib, bir-birlarining haqlariga rioya qilsalar, mazkur safar baxt-saodat maskaniga aylanishi tayin. Chunki Alloh taolo O‘z kalomi sharifida  oilani insonlar uchun xotirjamlik va mehr-muhabbat topadigan maskan qilganini bayon qilgan:

 وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ 

Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir (Rum surasi, 21oyat).

Oiladagi muhitni sog‘lomlashtirish, undagi totuvlikni o‘z holida ushlab turishda erkak va ayolning birdek o‘rni bor. Ayniqsa, har ikki tarafning bir-biri uchun fidokor bo‘lishi, o‘zini o‘ylashni ortga surishi, bag‘rikeng bo‘lib, hayot so‘qmoqlarida to‘g‘anoq bo‘ladigan har qanday muammoni tadabbur va vazminlik ila hal qilish orqali oiladagi baxt-saodat  yanada barqarorlashadi.

Ulamolarimiz oilani baxtli, turmushni farovon qiladigan bir qancha omillarni sanab o‘tganlar. Shu omillarning asosiylaridan biri sifatida “oilada go‘zal munosabatda bo‘lmoq” haqida suhbat qilsak.

Ahli oila bilan go‘zal munosabat o‘rnatmoq Alloh taoloning musulmon erlar uchun yuborgan buyrug‘idir. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida: 

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

...U(ayol)lar bilan totuv turmush kechiringiz... (Niso surasi, 19 oyati), deb barcha musulmonlarga amr qilgan.

Ba’zi ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida ahli oila ila go‘zal muomalada bo‘lmoq ularga ozor berishdan saqlanish emas, balki ulardagi mashaqqat va ozorlarni o‘z zimmangga olishingdir, deb aytganlar.

Oiladagi totuvlikni yuzaga keltiradigan asosiy sabab har ikki tarafning Alloh taolo tomonidan o‘zlariga buyurilgan ishlarga amal qilmog‘idir. Agar er va xotin bir-birining haqlariga dinimizda buyurilganidek rioya qilsalar oilada totuvlik, inoqlik va mehr-muhabbat yuksak darajaga ko‘tariladi.

Bu borada siyrat kitoblarimizda Shurayh ismli mashhur qozining hayotlarida bo‘lib o‘tgan ajib voqea quyidagicha keltiriladi:

Bir kuni qozi Shurayh rohimahullohning do‘sti Fuzayl rohimahulloh  uning ziyoratiga keldi va unga “Uyingdagi holating qanday?”, deb so‘radi. Shurayh rohimahulloh: “Allohga qasamki, yigirma yildan beri ta’bimni xira qiladigan holatni uchratmadim”, dedi.

Fuzayl rohimahulloh: “Bu qanday bo‘lishi mumkin, ey Shurayh”, dedi. Shunda Shurayh rohimahulloh uylanishlari haqida hikoya qila boshladi:

“Bir solih oilaning karimasiga sovchi qo‘ydim. Nikoh kechasi uning xulqida kamolot, dinida go‘zallikni ko‘rdim. So‘ngra turib Allohga soliha zavja nasib qilgani uchun ikki rak’at shukr namozi o‘qidim. Namozdan so‘ng duo qildim. So‘ngra salom berib qarasam ayolim ham men o‘qigan namozni ado etayotgan, men qilgan shukr va duolarni u ham qilayotgan ekan. Mehmonlar, qavm-qarindoshlar ketib uyda o‘zimiz qolgach u tomonga yaqinlasha bordim. U esa: “Ey Abu Umayya, shoshmang!” dedi. So‘ngra turib men tomonga keldida: “Ey Abu Umayya, men bu yerga yangi kelgan mehmon ayolman, siz nimani yaxshi ko‘rasiz-u, nimadan g‘azablanasiz, buni bilmayman. Shu boisdan o‘zingiz yoqtirgan narsalarni o‘rgating, toki men ularni muhayyo qilay. Sizga yoqmaydigan narsalarni ham bildirib qo‘ying, toki men ulardan yiroq bo‘lay. Darhaqiqat, o‘z qavm-qarindoshlaringiz orasida sizga teng va munosib ayollar bo‘lgan. Mening qavm-qarindoshlarim orasida ham menga munosib yigitlar bor edi. Lekin men Allohning taqdiri ilohiysi ila Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq sizga jufti halol bo‘ldim. Menga bog‘liq ishlarda Allohdan qo‘rqing. Alloh taoloning:

... فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ...

“...So‘ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin)... (Baqara surasi, 229)” oyatini o‘zingizga dastur qilib, o‘sha dastur bo‘yicha ish ko‘ring”, dedi.

Men o‘tirib oldim. U esa mendan biror fikr aytishimni kutib turardi. Biroz to‘xtab qoldimda so‘ngra unga qarata: “Xo‘p yaxshi, siz menga shunday so‘zlarni aytingizki, agar mana shu so‘zlaringizda rostgo‘y bo‘lib, ularni bajarishda sobit tursangiz ulkan ajr savoblarga ega bo‘lasiz. Yoki, aksincha bo‘lib ularni tark etsangiz ikki dunyoda sizning zararingizga hujjat bo‘ladi. Men falon-falon narsalarni yoqtiraman, falonlarini esa yomon ko‘raman, agarda  menda va oilamda biror yaxshilik ko‘rsangiz oshkor qiling, agar biror illat topsangiz uni sir saqlang. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “soliha ayol berkituvchi, yomon ayol fosh qiluvchidir”-deb sifatlaganlar. Boshqa bir hadisi sharifda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men o‘z uyidan chiqib eri ustidan (boshqalarga) shikoyat qiladigan ayollarni yomon ko‘raman”, deb marhamat qilganlar.

Yana bir hadisi sharifda Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U zot aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir ayol hech bir sababsiz eridan o‘zini taloq qilishni so‘rasa unga jannatning hidi ham haromdir (jannatning hidi ham nasib qilmaydi)”,- deb ogohlantirganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo eridan behojat bo‘lolmagani holda o‘z eriga shukr qilmaydigan ayolga nazar solmaydi.  Shuning uchun ham menda va oilamda biror yaxshilik ko‘rsangiz oshkor qiling, agar biror illat topsangiz uni sir saqlang ”, deb aytdim”.

Ayolim: “O‘zimning va sizning oilangizni qachon ziyorat qilaman, sizning bu boradagi fikrlaringiz qanday?”, dedi. Men “vaqti vaqti bilan, ya’ni ular malollanib qolmasligi uchun biroz muddat o‘tkazib, safar orasini uzib-uzib boramiz. Hadisi sharifda ham “Vaqti-vaqti bilan (orasini uzib-uzib) ziyorat qil, yanada muhabbat qozonasan (Tabaroniy Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilgan)”,  deyilgan dedim.

 Ayolim: “qo‘shnilaringizdan qaysi biri uchun uyingizga kirishiga ruxsat berishimni xohlaysiz, kimlarni yoqtirmaysiz?”, dedi. Men “Banu falon solih qavm, faloniylar esa unday emas”, deb xabar berdim.

Shundan so‘ng bir yilcha muddat o‘tdi. Bir kuni uyga kelsam ayolimning onasi kelib ayolimga go‘zal pand nasihatlar qilib o‘tirgan ekan. So‘ng ayolimning onasi o‘z qizini qandayligini bilgani o‘laroq menga qarata: “Ey Abu Umayya, ayoling qanday ekan?”, dedi. Men Allohga qasamki, u eng yaxshi jufti halol, deb javob berdim. Qaynonam esa: “Ey Abu Umayya, biror bir erkak uchun haddidan oshgan, tantiq ayoldan ham yomonroq narsa yo‘q. Shu boisdan ham xohlaganingizcha odob bering, o‘zing istagancha tarbiya qiling!”, dedida qiziga yuzlanib go‘zal itoat etishga, mening so‘zlarimga quloq tutishga buyurdi. Mana yigirma yil o‘tibdiki, hanuzgacha ayolimdan ta’bimni xira qiladigan holatga duch kelmadim”.

Bir o‘ylab ko‘raylik-a, Shurayh rohimahullohning uylarida urush janjal u yoqda tursin, hatto ta’blarini xira qiladigan holat yigirma yilda biror marta ham sodir bo‘lmagan. Bularning hammasi er-xotin dinimizdagi ko‘rsatmalarga chiroyli amal qilganligi sabablidir.

Shurayh rohimahullohning o‘z ayollariga “agarda menda va oilamda biror yaxshilik ko‘rsangiz oshkor qiling, agar biror illat topsangiz uni sir saqlang” deb qilgan nasihatlariga, undan so‘ng hadisi shariflarni keltirib o‘tayotganiga bir e’tibor qarataylik. Shurayh rohimahulloh to‘g‘ridan to‘g‘ri falonlarni qiling, deb aytmasdan hadisi sharifni zikr qilib, o‘zi xulosa yasab olishiga imkon qoldirmoqdalar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshi ayol berkituvchi, yomon ayol fosh qiluvchidir” deb bergan ta’riflariga munosib bo‘ling deganidir.

Dinimizning oila va uning sirlariga mustahkam turib, alohida  e’tibor qilganiga bir qaraylik-a! Bu dinimizda tarbiya beshigi bo‘lgan oilaning muqaddas ekani, uning sha’ni buyuk ekaniga dalolat emasmi?!

Agar bandalar oilani Alloh taologa toat va ibodat maqsadida bino qilsalar albatta, Alloh taolo ikki juft orasiga mehr-shavqat, inoqlikka tavfiq beradi. Aksincha oilani Alloh taologa ma’siyat uzra qursalar ularning o‘rtasini ajratishga shayton boshchilik qiladi. Banda o‘z Robbisiga itoat qilar ekan Alloh taolo unga hikmat ilhom qiladi, ana o‘sha hikmat tufayli banda ikki dunyo saodatiga eltadigan tilsimlarni ochib boradi.

Alloh taolo oilalarimizni tinch-totuv qilsin va yana barchalarimizni oilada “yaxshilik ila murosa qiluvchilar”dan bo‘lishga muvaffaq aylasin. 

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti

“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"O‘rganadigan ilm" nima degani?

23.12.2024   1291   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.

Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...

Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan