Bugun soat 6:50 da Toshkent islom institutida Maxsus sirtqi bo‘limga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abiturentlarga imtihon boshlandi. Imtihonga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov va O‘MI ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jaloliddin Nuriddinov boshchiligidagi kuzatuvchi mehmonlar tashrif buyurdi.
Maxsus sirtqi bo‘lim bevosita Prezidentimizning tashabbusi bilan tashkil etildi.
Maxsus sirtqi bo‘limga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning “Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ikki mingdan ortiq jome masjidlarni oliy diniy ma’lumotga ega imom-xatiblar bilan ta’minlash uchun Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida uch yillik Maxsus sirtqi bo‘lim tashkil etish maqsadida”gi (29-sentyabrdagi 01A/092-sonli) buyrug‘i ijrosi yuzasidan o‘n kun muddat ichida (1-10 oktyabr kunlari) abuturiyentlar qabul qilindi.
Maxsus sirtqi bo‘limga respublikamizda faoliyat yuritayotgan, kamida besh yillik stajga ega bo‘lgan imom-xatib, madrasa mudarrisi va Imom Buxoriy xalqaro markazi xodimlaridan iborat jami 181 nafar abiturent hujjat topshirgan. Shulardan 60 nafari 3 fan (aqoid, fiqh va arab tili) bo‘yicha imtihonlar asosida qabul qilinadi. Har bir fanga abiturentning javob berishiga qarab 75,6 balldan qo‘yilmoqda. Bilet olgan har bir abituriyent javob berishdan oldin 20 daqiqa davomida lug‘atlardan foydalangan holda o‘tirib tayyorlanishi mumkin. Imtihon olish uchun Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti va “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurtidan malakali mudarrislar jalb etilgan. Imtihon natijalari bo‘yicha mandat 14 oktyabr kuni e’lon qilinadi. Maxsus sirtqi bo‘limga o‘qishga kirgan talabalarga darslar noyabr oyida boshlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Men qorin tarafdan operatsiya bo‘ldim va qornimning 25 sm joyi tikildi va bint qo‘yilgan. Doktorlar suv teksa yiringlaydi umuman suv tegmasin deyishdi. Ehtilom bo‘lib qolsam yo ayolim bilan qo‘shilsam, qanday g‘usl qilaman? Hamma yerimga suv tekkizib, bint turgan joyiga mas'h tortsam g‘uslim o‘tadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, siz aytgan ko‘rinishda g‘uslingiz durust bo‘ladi. Islom dinining asosiy tamoyillaridan biri zararni daf qilishdir. Shuning uchun ibodatlarda bu narsaga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, tahorat va g‘usl qiluvchiga suv holatni og‘irlashtiradigan o‘rinlarda tayammum qilishga ruxsat berilgan. Bunda qoida shuki, badanining aksar qismiga suv tekkizish bemorlikka sabab bo‘lsa yoki kasallikni tuzalishini ortga surib yuboradigan bo‘lsa, shunda g‘usl qilmasdan tayammum qilinadi. Shuning uchun badanning yarmidan ko‘proq qismiga suv ishlatish imkoni bo‘lsa, o‘sha joylar to‘liq yuviladi, qolgan qismiga mas'h tortiladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.