Toshkent islom institutida tashkil etilgan Maxsus sirtqi bo‘limga 2017-18 o‘quv yili uchun 181 nafar abituriyent hujjat topshirdi.
Bugun abituriyentlar “aqoid”, “fiqh” va “arab tili” fanlaridan ijodiy imtihonlar topshirishni boshladi.
Imtihon boshlanishidan oldin O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov abituriyentlarga Alloh taolodan omad tilab, qabul imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, institut talabalari safidan joy olish baxtiga musharraf bo‘lishlarini tilab duo berdi.
Shuningdek, imtihon avvalida yangi ochilgan Maxsus sirtqi bo‘lim muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan ulkan islohotlarning ta’lim sohasidagi namunasi ekani alohida ta’kidlandi. O‘z navbatida ushbu sirtqi bo‘lim O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining doimiy e’tiborida ekani bildirildi.
Barcha abituriyentlarga omad tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati