Musulmon ummatini ulug‘lagan, ularni yaxshilik bilan xoslagan Zotga hamd bo‘lsin. Alloh taolo aytdi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz” (Oli Imron, 110). Bu ummatni hidoyat ummati qildi, xalqlarning obro‘sini ilm bilan, ma’rifat va manaviyat bilan ko‘tardi. Bu ummatga rasullarning afzalini yubordi, kitoblarning afzalini tushirdi. Ularni jami insonlarga guvoh ummat qildi. Alloh aytdi: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambarning sizlarga guvoh bo‘lishi uchun “o‘rta ummat” qilib qo‘ydik” (Baqara, 143).
Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam insonlarni ilmu ma’rifatga chaqirdilar va “Ilm izlash har bir muslim va muslimaga farzdir”, deb ilmning farzligini bayon qildilar.
Albatta, ilm unga qiziqqan, rag‘bat qilgan kishi uchun eng afzal narsadir. Ilmni ulug‘ligi shundaki, u uni egallaganga manfaat keltiradi, el oldida uning sharafini, hurmatini oshiradi. Darhaqiqat, Alloh taolo Qur’oni karimda olimlarni ulug‘ladi. Faqat olimlargina Uning oyatlari, mo‘jizalari to‘g‘risida aql yuritishi va tushunishini, fahmlashini xabar berdi: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!»” (Zumar, 9) va yana aytdi: “(Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar” (Ankabut, 43). Barcha nuqsonlardan pok bo‘lgan zot aytdiki: “Yo‘q, u (Qur’on) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir” (Ankabut, 49).
Albatta, Alloh taolo olimlarning guvohligini O‘z guvohligi bilan yonma-yon zikr qilib aytdi: “Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: «Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir», farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta), Undan o‘zga iloh yo‘q. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir” (Oli Imron, 18). Alloh taolo ilm egalarining darajasini dunyo va oxiratda baland qildi. Alloh aytdiki: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala, 11). Shuning uchun insonlardan ulamolar Rabbilarini yaxshiroq taniydilar, Rabbilarining so‘zlarini insonlarga yetkazadilar, boshqalardan ko‘ra Rabbilaridan ko‘proq qo‘rqadilar. “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar” (Fotir, 28).
Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilmni talab qilish vojibligini aytib, “Ilmni talab qilish har bir musulmonga farz”, dedilar. Imom Termiziy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim aytdilar: “Kim ilm talabida bir yo‘ldan yursa, Alloh unga ana shu ilm sababli jannatga yo‘lni oson qilib qo‘yadi. Albatta, maloikalar o‘z qanotlarini ilm toliblari uchun rozi bo‘lgan holda qo‘yadi. Albatta, ilm tolibi uchun osmondagi va yerdagi bor narsa, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan afzalligi o‘n to‘rt kunlik oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir. Ba’zi balog‘at olimlari dediki: “Ilm o‘rgansang, u seni kichikligindan ulug‘ qiladi, katta bo‘lganingda seni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaydi.
Dunyoning rivojlanishi ilm bilan. Inson har bir narsaga ilm bilan erishadi. Chunki ilm o‘z ahlining hayoti. Ana shu ilm sababli hayotning ma’nosini anglaydi. Shuning uchun Alloh taolo ilmsizlikni O‘zining Kitobida o‘lim deb nomladi. Aytdiki: “O‘lik (kofir) bo‘lgan odamni (hidoyat bilan) tiriltirib, unga odamlar ichida o‘zi bilan olib yuradigan nur (imon)ni berganimizdan keyin (u) zulmatlar ichida (qolib,) undan chiqmaydigan kimsaga o‘xshaydimi?!” (An’om, 122). Alloh taolo ilmni ruh va jon deb nomladi: “(Ey, Muhammad!) Shunday qilib, amrimiz bilan Sizga Ruhni (Qur’onni) vahiy qildik” (Sho‘ro, 52). Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Albatta, payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmadilar. Balki ular ilmni meros qoldirib ketdilar. Kim uni olsa, mo‘l-ko‘l nasibani olibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Anas roziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta, ulamolar yulduzlarga o‘xshaydilar, odamlar ular bilan yo‘l topadilar. Agar yulduzlar yashirinsa yoki ko‘rinmay qolsa, ular yo‘ldan adashadilar”. Olimlar oxiratda xalqqa shafoatchi bo‘ladilar. Abu Umoma roziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Olim va obid qayta tiriladi. Obidga “Jannatga kir!” deyiladi. Olimga esa “Sen to‘xtab tur. Odamlarga shafoat qilasan”, deyiladi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ilm o‘rganinglar. Albatta, ilm o‘rganish Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni ta’lim olish ibodatdir. Uni muzokara qilish tasbihdir. Ilm izlash jiddu jahd qilishdir” (Xatib Bag‘dodiy rivoyat qilgan). Ilmni o‘rgatish sadaqadir. Ilmni ahli uchun taqdim qilish Allohga qurbatdir. Albatta, ilm halol va haromning belgisidir. Ilm qo‘rqinchda hamroh, g‘urbatda do‘st, xilvatda hamsuhbat, xursandchilik va qiyinchilikda sherik, dushmanlarga qarshi quroldir. Ilm sababli Alloh taolo ilm bilan xalqlarni yuksaltiradi. Albatta, ilm qalblarning hayoti, ko‘zlarning chirog‘i. Banda dunyo va oxiratdagi baland darajalarga ilm bilan yetadi, ilm sababli qarindoshlik bog‘lanadi, ilm sababli halol va haromni biladi. Ilm amalning imomi, amal unga ergashadi. Undan baxillar mahrum bo‘ladi. Allohim, bizni foydali ilm bilan rizqlantirgin, ilm bilan Sendan qo‘rqishni nasib et. Ilmlariga amal qiluvchilarni baxtli qil.
Hasan Rasulov,
Imom Buxoriy xalqaro markazi mutaxassisi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.