Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

QURBON HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

31.08.2017   9104   3 min.
QURBON HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

                                                    Bismillahir Rahmonir Rahim

Olamlar Rabbisi Alloh taologa beadad shukrlar,  Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamga, oila a’zolariga va sahobalariga durudu salavotlar bo‘lsin!

Muhtaram yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan Sizlarni ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etamiz. Ushbu saodatli kunlarda Alloh taboraka va taolodan mo‘min-musulmonlarning  duo-iltijolari, savob amallarini husni qabul aylashi hamda Vatanimizni yanada obod, xalqimiz farovonligini ziyoda qilishini so‘raymiz.

So‘nggi davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni insonparvarlik g‘oyalari, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish, islom ta’limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish borasida salmoqli ishlar olib borilayotganiga barchamiz shohidmiz.

Muhtaram Yurtboshimiz Sh. M. Mirziyoyevning tashabbuslari bilan Toshkent shahrida barpo etiladigan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi  faoliyatining tashkil etilishi yuqoridagi eslatib o‘tilgan ezgu maqsadlarga, shuningdek, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvlikning kuchayishiga xizmat qiladi.

Yurtdoshlarimiz insoniylik, shukronalik va saxovatpeshalik fazilatlarini yanada yorqin namoyon etib, Allohning ularga bergan ne’matlaridan ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga xayr-ehsonlar qilmoqdalar, yoshi ulug‘ keksalar va faxriylarimizga hurmat-ehtirom,  mehr-muruvvat ko‘rsatmoqdalar.

Allohga behisob shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish baxtiga musharraf bo‘ldik.

Bugungi shukuhli kunlarda oilalarimiz mustahkam, farzandlarimiz baxtli, yoshlarimiz har tomonlama yetuk, odob-axloqli, Vatani, xalqi, dinu diyonatiga sodiq bo‘lib kamol topishlarini so‘rab, duoi xayrlar qilish asosiy burchimiz va vazifamizdir.

Shu kunlarda bayram ustiga bayram – Qurbon hayitini bayram qilishimiz Mustaqilligimizning 26 yilligi bilan birga nishonlayotganimizning zamirida katta hikmat yotibdi.

Yana shu kunlarda 7200 dan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etmoqdalar. Ular orasida Yurtboshimiz tashabbuslari bilan muborak safarga jo‘natilgan 138 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari – tabarruk yoshdagi otaxonlarimiz ham muborak safarda Yaratgandan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so‘rab Makkai mukarramada, Arafot va Mino vodiysida duoi xayrlar qilmoqdalar. 

Bu kunlarga sog‘-omon yetkazgani uchun Allohga beadad shukronalar aytib, Qurbon hayiti va Mustaqillik bayrami - ulug‘ ayyomlar bilan muhtaram Yurtboshimizni, barcha yurtdoshlarimizni chin dildan muborakbod etamiz.

Vatanimiz istiqboli porloq, diyorimiz tinchligi va osoyishtaligi bardavom, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishini Parvardigordan so‘rab qolamiz. Kelayotgan qutlug‘ bayramlarning fayzu barakoti qalblarimiz va xonadonlarimizni munavvar va xushnud aylasin.

Qurbon hayiti va Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin, azizlar!

 

Usmonxon  Alimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisi, muftiy

31 avgust 2017 yil

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sietl shahri 1 sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi

28.08.2026   4381   1 min.
Sietl shahri 1 sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi

AQSHning Sietl shahri meri Keti B. Uilson 2026 yil 1 sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb rasman e’lon qildi. Bu haqda shahar meri tomonidan imzolangan maxsus proklamatsiyada qayd etilgan.

 

Hujjatda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi, mamlakatning shu davr mobaynida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tgani alohida ta’kidlangan.


Shuningdek, proklamatsiyada O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat ekani, iqtisodiyot yillik 5–6 foiz atrofida o‘sib borayotgani, ochiq bozor va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani qayd etilgan.

 

Hujjatda O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchini qamrab oluvchi mintaqaga strategik darvoza vazifasini bajarayotganiga ham urg‘u berilgan. Bu esa savdo, investitsiya, logistika, texnologiya va energetika sohalarida Sietl biznes hamjamiyati bilan hamkorlik uchun katta imkoniyat sifatida baholangan.

 

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulligi faoliyati ikki tomon o‘rtasida odamlar, biznes va davlat idoralari darajasida uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.

 

https://t.me/Rasmiy_axborot_official

O'zbekiston yangiliklari