Bismillahir Rahmonir Rahim
Olamlar Rabbisi Alloh taologa beadad shukrlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamga, oila a’zolariga va sahobalariga durudu salavotlar bo‘lsin!
Muhtaram yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan Sizlarni ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etamiz. Ushbu saodatli kunlarda Alloh taboraka va taolodan mo‘min-musulmonlarning duo-iltijolari, savob amallarini husni qabul aylashi hamda Vatanimizni yanada obod, xalqimiz farovonligini ziyoda qilishini so‘raymiz.
So‘nggi davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni insonparvarlik g‘oyalari, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish, islom ta’limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish borasida salmoqli ishlar olib borilayotganiga barchamiz shohidmiz.
Muhtaram Yurtboshimiz Sh. M. Mirziyoyevning tashabbuslari bilan Toshkent shahrida barpo etiladigan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi faoliyatining tashkil etilishi yuqoridagi eslatib o‘tilgan ezgu maqsadlarga, shuningdek, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvlikning kuchayishiga xizmat qiladi.
Yurtdoshlarimiz insoniylik, shukronalik va saxovatpeshalik fazilatlarini yanada yorqin namoyon etib, Allohning ularga bergan ne’matlaridan ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga xayr-ehsonlar qilmoqdalar, yoshi ulug‘ keksalar va faxriylarimizga hurmat-ehtirom, mehr-muruvvat ko‘rsatmoqdalar.
Allohga behisob shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish baxtiga musharraf bo‘ldik.
Bugungi shukuhli kunlarda oilalarimiz mustahkam, farzandlarimiz baxtli, yoshlarimiz har tomonlama yetuk, odob-axloqli, Vatani, xalqi, dinu diyonatiga sodiq bo‘lib kamol topishlarini so‘rab, duoi xayrlar qilish asosiy burchimiz va vazifamizdir.
Shu kunlarda bayram ustiga bayram – Qurbon hayitini bayram qilishimiz Mustaqilligimizning 26 yilligi bilan birga nishonlayotganimizning zamirida katta hikmat yotibdi.
Yana shu kunlarda 7200 dan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etmoqdalar. Ular orasida Yurtboshimiz tashabbuslari bilan muborak safarga jo‘natilgan 138 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari – tabarruk yoshdagi otaxonlarimiz ham muborak safarda Yaratgandan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so‘rab Makkai mukarramada, Arafot va Mino vodiysida duoi xayrlar qilmoqdalar.
Bu kunlarga sog‘-omon yetkazgani uchun Allohga beadad shukronalar aytib, Qurbon hayiti va Mustaqillik bayrami - ulug‘ ayyomlar bilan muhtaram Yurtboshimizni, barcha yurtdoshlarimizni chin dildan muborakbod etamiz.
Vatanimiz istiqboli porloq, diyorimiz tinchligi va osoyishtaligi bardavom, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishini Parvardigordan so‘rab qolamiz. Kelayotgan qutlug‘ bayramlarning fayzu barakoti qalblarimiz va xonadonlarimizni munavvar va xushnud aylasin.
Qurbon hayiti va Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin, azizlar!
Usmonxon Alimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi, muftiy
31 avgust 2017 yil
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.