Joriy yilning 07-08 avgust kunlari O‘zbekistondan jo‘nab ketgan ziyoratchilarimiz eson-omon Madina shahriga yetib olishdi. Ularni Amir Muhammad bin Abdulaziz xalqaro aeroportida Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi mutasaddilari va o‘zbekistonlik ishchi guruh a’zolari katta ehtirom bilan kutib olishdi.
Payg‘ambar alayhissalomni shaharlariga kelgan ziyoratchilarimizni poylariga poyondozlar to‘shaldi. Boshlari uzra atirgullar sochildi. Muborak shaharga xushbo‘y bo‘lib kirsinlar deb, mushku anbarlar sepildi. Shirinligu xurmolar bilan siylanishdi. Ziyoratchilarimiz umra safarini qalb-qalbdan his qilishlari uchun aeroportni o‘zidanoq ularga Haj ibodati ruhini bag‘ishlovchi salavotlar bilan qarshi olishdi. Quyidagi qisqa lavhada ana shu jarayondan biroz bo‘lsa-da bahramand bo‘lasiz.
------
Muslim.uz portalining ijtimoiy-tarmoqlardagi sahifalari:
Facebook: https://www.facebook.com/muslimuzportal/
Facebook: https://www.facebook.com/movarounnahr.nashriyoti/
Instagram: https://www.instagram.com/muslimuzportali/
Twitter: https://twitter.com/muslimuzportal
VKontakte: https://vk.com/public143947833
Fikr.uz: http://fikr.uz/blog/muslimuz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».
Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.
Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.
Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».
Muslim rivoyat qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».
Ikki Shayx rivoyat qilgan.
Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.
Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.