Tavba surasining 75–77 oyatlarida, va’da berib, so‘ng uni bajarmaydigan munofiqlar vasf qilinib, shunday deyiladi:
«Ular orasida: “Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz”, – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor.
Alloh ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o‘girib ketdilar. Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo‘lishini qismat qilib qo‘ydi».
Ko‘plab tafsir kitoblarida ushbu oyat Sa’laba ibn Hotib (roziyallohu anhu) sabab nozil bo‘lgan deyishadi. Vaholanki, bu sahobiy Badr qatnashchisi bo‘lgan ansorlardan hisoblanadi. Tafsir va ishonchli manbalarda u kishi haqida bu mazmundagi oyat nozil bo‘lishi mumkin emasligi, balki bu ma’lumot o‘ta zaif va noto‘g‘ri ekani aytiladi. Jumladan, Mahmud ibn Abulhasan Naysoburiy al-G‘aznaviy “Iyjozul bayon ’an ma’onil Qur’on” kitobida quyidagicha keltiradi: “Darhaqiqat Sa’laba ibn Hotib, Alloh taoloning: «Ulardan: «... “Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz”, – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor”» (Tavba, 75), oyati nozil bo‘lishi sababchisi, deyilgan. Lekin, oyatda zikr qilingan shaxs, Sa’laba ibn Hotib ansoriydan boshqa kishidir”.
Ibn Hajar Asqaloniy “Al Isoba fi tamyizus sahoba” kitobida, Sa’laba ibn Hotib (roziyallohu anhu)ning tarjimayi holida bu qissani keltirmagan. Aksincha, bu sahobiyni badr qatnashchisi deya himoya qilgan. Mazkur qissani esa ziror masjidini qurishda qatnashgan munofiq Sa’laba ibn Hotib yoki Abu Hotibga nisbat bergan. Olim, Sa’laba ibn Hotib (roziyallohu anhu) haqidagi so‘zlarni keltirgach, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning quyidagi: “Badr va Uhudda qatnashgan biror kimsa do‘zaxga kirmaydi”, degan lafzlarini eslatadi.
Ayrim mo‘tabar manbalarda ismlar bir-biriga o‘xshash bo‘lgani uchun ulug‘ sahobiyga nisbatan noto‘g‘ri nisbat berilgan bo‘lishi mumkin. Bu hadis noto‘g‘ri talqin orqali odamlar orasida keng tarqalib ketgan.
Aslida, voqe’lik quyidagicha bo‘lgan: “Sa’laba ibn Xotib ansoriy, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xuzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Holinga voy bo‘lsin! Ey Sa’laba! Shukrini ado qilgan oz narsang, sen toqat qila olmaydigan ko‘p narsadan ko‘ra yaxshiroqdir” – dedilar. Sa’laba yana murojaat qilib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling” dedi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, Sa’laba! Mendan ibrat olsang bo‘lmaydimi? Allohga qasamki, agar men Allohdan tog‘ni tillo va kumushga aylantirib berishini so‘rasam, albatta ularni tillo va kumushga aylantirib beradi. Lekin men so‘ramadimku, shundan ibrat olsangchi?” – dedilar.
Sa’laba yana kelib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling. Agar Alloh menga mol-dunyo bersa, har bir haqdorni haqqini ado etardim” – dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohim Sa’labani mol-mulk bilan rizqlantirgin” – deb duo qildilar.U qo‘y oldi. Qo‘y xuddi qurt singari o‘sib ko‘paya boshladi. U peshin va asr namozini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga va qolgan namozlarini qo‘ylari yonida o‘qirdi. Qo‘ylar shu darajada ko‘payib, endi unga Madina o‘tloqlari torlik qilib qoldi. U qo‘ylarini olib Madinaning atrofiga olib chiqib ketdi. Endi u besh vaqt namoz u yoqda tursin, juma namozini ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga ado etolmadi. Jumani ham, jamoatni ham tark qildi.
Kunlarning birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sa’labaga nima bo‘ldi?”, deb so‘rab qoldilar. Qo‘ylari ko‘payib, vodiyga sig‘masdan, ular bilan birga Madinaning tashqarisiga chiqib ketgani aytildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sa’labaning holiga voy! Sa’labaning holiga voy! Sa’labaning holiga voy!” – dedilar. Alloh taolo tavba surasidagi quyidagi:
«Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir» (Tavba, 103) oyatini nozil qilgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ansor va Bani Sulaym qabilasidan ikki kishini sadaqa ishi bilan shug‘ullanishga tayinladilar. Ularga sadaqa haqidagi ko‘rsatmalarini yozma tarzda berib, odamlardan sadaqa yig‘moqqa amr qildilar.
Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning maktublarini olib Sa’laba huzuriga borishdi va unga maktubni o‘qib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning zakot haqidagi buyruqlarini yetkazishdi.
Shunda Sa’laba: “Bu jizya yoki uning o‘xshashidir. Undan boshqa narsa emas. Sizlar boraveringlar men o‘ylab ko‘ray, keyin kelasizlar.” – dedi.
Ular uning huzuridan chiqib Sulmaning xuzuriga borishdi. Sulma esa zakotga o‘zining mol-qo‘ylari ichidan eng yaxshilarini chiqarib berdi. Ular yana Sa’laba huzuriga qaytganlarida, u oldingi so‘zlarini takrorlab, u ikkovini qaytarib yubordi.
Ular yo‘lda kelishar ekan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ro‘baru bo‘lishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ulardan so‘rashlaridan oldin: “Sa’labaning holiga voy!”, dedilar va Sulmaning haqiga hayrli duo qildilar.
Shunda Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi:
«Ular orasida: «Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz», – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor. (Alloh) ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o‘girib ketdilar. Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo‘lishini qismat qilib qo‘ydi» (Tavba, 75–77).
Shundan so‘ng Sa’labaning qarindoshlaridan biri uning oldiga borib: “Sen haqingda oyat nozil bo‘ldi” – dedi. Sa’laba darxol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xuzurlariga kelib, undan sadaqasini qabul qilishlarini so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa: “Alloh taolo menga sening sadaqangni qabul etmasligimni buyurdi. Bu sening menga itoatsizliging oqibatidir”, – dedilar. Sa’laba boshiga tuproq sochganiga nadomat chekib qoldi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etib, Abu Bakr (roziyallohu anhu) xalifa bo‘lganlarida, Sa’laba sadaqotlarini ko‘tarib uning xuzuriga keldi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) undan qabul qilmadilar. Umar va Usmon (roziyallohu anhumo) xalifa bo‘lganlarida, ularga ham sadaqasini qabul etishlarini so‘rab yolvordi, ammo, ular ham qabul qilmadilar. Sa’laba Usmon (roziallohu anhu) xalifaligi davrida vafot etdi”.
Bu voqe’a ba’zi mufassirlar nazdida qanchalik mashhur bo‘lmasin, u ikki jihatdan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Birinchidan, Qur’on va Sunnatda kelgan “tavba qiluvchining tavbasini qabul bo‘lishi” haqidagi xabarga zid ekani, ikkinchidan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “Zakotni man qiluvchilar” hadislariga ziddir. Unda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) zakotni man qiluvchiga nisbatan qilinadigan muomala haqida so‘z borgan.
Undan tashqari bu ma’lumotning noto‘g‘ri ekani, quyidagi manbalarda keltirilgan ma’lumotlarda ham o‘z ifodasini topgan:
Abu Umar: “Zakotni man qiluvchilar oyati Sa’laba xususida nozil bo‘ldi” degan so‘z to‘g‘ri emas”.
Xulosa qilib aytganda, aksar olimlar ushbu qissaning zaif ekaniga ittifoq qilishgan. Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin.
Olimxon YUSUPOV,
Imom Buxoriy xalqaro markazi “Manbashunoslik” bo‘lim boshlig‘i
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.