Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasining Baku shahrida bo‘lib turishibdi.
Bugun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovni qabul qildi.
Uchrashuvda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, mamlakatlarni bog‘lab turuvchi qardoshlik aloqalari haqida atroflicha to‘xtaldi. Shuningdek, u o‘z nutqida, O‘zbekistonda istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni eslab o‘tdi. Ushbu ezgu an’ana bugun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchil davom ettirilayotganini alohida ta’kidladi.
Muloqotda Ilhom Aliyev dunyo hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini aytib o‘tdi. Jumladan, u: “Biz yoshlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz lozim. Agar biz tarbiyaga alohida e’tibor qaratsak, turli yot g‘oyalar yoshlarimizga ta’sir o‘tkaza olmaydi”, dedi.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov so‘zga chiqib, yurtimizda din sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, barpo etilishi rejalashtirilayotgan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari haqida atroflicha to‘xtaldi. Bugungi kunda dunyoning yirik xalqaro tashkilotlari tomonidan yuqori baholanayotgan bag‘rikenglik masalalariga ham alohida urg‘u berdi.
Suhbat davomida ikki diniy idora o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yanada rivojlantirish va hamkorlik sohalarini kengaytirish ishlari ham muhokama qilindi. Uchrashuv samimiy va qizg‘in ruhda o‘tdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik uchun minnatdorchilik izhor qilib, esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV