Masjid ul-haram. Saudiya Arabistonining Makka shahrida joylashgan eng mo‘tabar va ulkan masjid. Unda qon to‘kish va shu kabi gunoh ishlar harom qilingani bois shunday nom bilan atalgan. Masjidning umumiy sahni 400.800 ming kv. metr bo‘lib, bir million bir yuz yigirma ming namozxonni sig‘dira oladi. Ka’ba eshigi 280 kg sof oltindan yasalgan. Uning to‘qqizta minorasi (har birining balandligi 95 metr), to‘rtta bosh darvozasi, qirq bitta eshigi bor. O‘n bitta yurarzinalar orqali masjidning ikkinchi va uchinchi qavatlariga chiqiladi.
Masjid un-nabiy. Saudiya Arabistonining Madina shahriga joylashgan. Masjid qurilishida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari ishtirok etganlar. Masjid keyinchalik Hazrati Umar va Usmon (roziyallohu anhum) tomonidan bir necha bor ta’mirlanib, kengaytirilgan. Masjidning sahni yuz ming kv. metrdan ortiq bo‘lib, 1 milliondan ziyod kishini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Masjidning 105 metrli ikkita, 75 metrli to‘rtta minorasi, o‘zi ochib-yopiladigan 27 ta tomi, 400dan ortiq ustunlari, 6800 ta qandillari bor. Masjid ichida Payg‘ambar (alayhissalom)ning hamda Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Hattob (roziyallohu anhum)ning qabrlari joylashgan.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ushbu masjiddagi namoz undan boshqalardagi mingta namozdan afzaldir. Masjidul Harom bundan mustasno”, dedilar.
Shayx Zayd masjidi. Me’morchilik san’atining durdona ko‘rinishi, dunyoning eng yirik masjidlaridan biri hisoblangan ushbu masjid Birlashgan Arab Amirligining poytaxti Abu-Dabida joylashgan. Masjid uning asoschisi va mamlakatning birinchi rahbari Zayd ibn Sulton Naxayana ismi bilan nomlangan. Qurilish ishlari 1996 yilda boshlanib, 12 yil davom etgan. Unda 3500dan ortiq dunyoning 38ta qo‘shma korxonalarining quruvchi, mutaxassislari mehnat qilgan. Masjidning rasmiy ochilishi 2007 yilning Ramazon oyida bo‘lgan. Masjid poklik ramzi bo‘lgan oq marmardan qurilgan. Masjid sig‘imi 41 ming namozxon uchun mo‘ljallangan. Shayx Zayd masjidi 82ta gumbaz, minglab ustun va qandillar hamda qo‘l mehnatida to‘qilgan dunyodagi eng katta gilam (bu gilamni mingta to‘quvchi bir yil davomida to‘qigan) bilan bezatilgan. Masjidning asosiy binosida diametri 10 metr, balandligi 15 metr, og‘irligi 12 tonna bo‘lgan qandil o‘z nurini sochib turadi. Masjid kunduzi quyoshda oq va tilla, kechqurun esa boshqa ranglarda yarqirab turadi.
Sulton Umar Ali Sayfuddin masjidi. Qirollik masjidi bo‘lgan ushbu masjid Bruney Sultonligining poytaxtida joylashgan. Masjid balandligi 52 metrni tashkil etadi. Tinch okeanidagi eng go‘zal masjid hisoblanadi. 1958 yilda zamonaviy uslubda qurilgan. 44 metr balandlikdagi minoralari marmardan, ustunlari oltindan ishlangan. Masjid atrofi ulkan bog‘ bilan o‘ralgan.
Zoxir masjidi. Ushbu masjid Malayziyaning Kedax shtatida joylashgan. Mamlakatning eng qadimiy va katta masjidi hisoblanadi. Masjidning umumiy maydoni 11 ming 500 kv. metr bo‘lib, 1912 yilda barpo etilgan. Masjidning beshta ustuni Islom dinining besh ustunini anglatadi.
Feysal masjidi. Janubi-sharqiy va janubiy Osiyodagi eng yirik, dunyodagi eng katta masjidlar orasida to‘rtinchi o‘rindagi Feysal masjidi Pokistonning Islomobod shahrida joylashgan. Masjid 90 metr balandlikdagi to‘rt minora bilan o‘ralgan. Uning qurilishi 1976 yilda boshlanib, 1986 yilda yakunlangan. Masjid umumiy sahni 5 ming kv. metrni tashkil etadi. Masjid 300 mingga yaqin namozxonni sig‘dira oladi.
Sulton Xussayn masjidi. Singapurda joylashgan ushbu masjid 1824 yilda Sulton Xusayn tashabbusi bilan barpo etilgan. Keyinchalik masjid yanada kengaytirildi va 1928 yil masjid ikki qavatli qilib qurildi. Masjid 5 ming nafar namozxon uchun mo‘ljallangan. Sulton Xussayn masjidining 2 ta gumbaz va 4 ta minorasi bor. Uning sahni 4100 ming kv. metrni tashkil etadi. 1960 va 1993 yillarda masjid qayta ta’mirlandi.
Sulton Sulaymon masjidi. Turkiya poytaxti Istambulning Vefa viloyatida joylashgan. 1550 yil Sulton Sulaymonning topshiriqiga binoan qurilgan. Masjid gumbazi 53 metr bo‘lib, 5 ming namozxonni sig‘dira oladi. 56 metr balandlikdagi 4 ta minora Sulton Sulaymonning mamlakatning to‘rtinchi podshohi ekanligini anglatadi. 136 ta deraza masjidni yorug‘ bo‘lishini ta’minlaydi. Masjid hovlisida Sulton Sulaymonning qabri bor.
Davron Nurmuhammad
tayyorladi
O‘qilishi: Shahidallohu annahu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval ’aziyzul hakiym.
Ma’nosi: "Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim Zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".
U zot alayhissalom boshqa hadisda bunday deganlar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar".
Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin: "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim.
Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib bunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".