«Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir» (Oli Imron, 92).
Imom Nasafiy (rahimahulloh) oyat tafsirida: “Muhtojlarga qilayotgan infoq-ehsoningiz o‘zingiz yaxshi ko‘rgan va afzal deb bilgan mol-mulkingizdan bo‘lsin”, degan.
Mazkur oyatning «...yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar...» jumlasidan “Yaxshi bandalardan bo‘lolmaysiz” yoki “Allohning ajru savobiga erisholmaysiz”, degan ma’nolar tushuniladi. Hasan Basriy (rahmatullohi alayh): «Alloh roziligi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini – garchi u bir dona xurmo bo‘lsa ham – sadaqa qilgan kishi mazkur oyatga amal qilgan bo‘ladi», degan. Imom Vositiy (rahimahulloh) esa: «Yaxshilik (jannat)ga erishish” yaxshi ko‘rgan narsalarning ma’lum qismini infoq-ehson qilish bilan bo‘ladi», deydi. Muhammad ibn Husayn (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilinadi: «Imom Suddiy (rahimahulloh): “Oyatdagi “yaxshilik”dan murod jannatdir», degan.
Banda o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani muhtojlarga ehson qilsa, buyuk ajrga ega bo‘ladi. Umar ibn Abdulaziz shakar sotib olib, uni sadaqa qilar edi. U zotdan: “Nega shakarni pulini sadaqa qilib qo‘ya qolmaysiz?” deb so‘raldi. “O‘zim yaxshi ko‘rgan narsani ehson qilishni xohlayman”, deya javob berdi.
O‘zida bo‘lishini xohlagan narsasini boshqaga berishi kishining imoni komilligiga ishoradir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Inson yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ham ilinib, unda shu narsa bo‘lishini yaxshi ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘lolmaydi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Manbalarda aytilishicha, Oysha (roziyallohu anho) Qur’oni karim tilovat qilayotib, «Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar» oyatiga yetganlarida to‘xtab, tilla suvi yuritilgan Mus'haflarini sotib, pulini sadaqa qilib yuborganlar.
Mazkur oyatning «...Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir» qismini Imom Abu Ja’far (rahmatullohi alayh) bunday tafsir qilgan: “Ey mo‘minlar, Allohga itoat etib, Ungagina ibodat qiling. Undan umid qilinayotgan yaxshilik, Alloh taolo sizlarni jannatga kiritib, do‘zax azobidan xalos etishidir”.
Abu Talha (roziyallohu anhu) Madina shahridagi ansor sahobalarning mol-mulki ko‘plaridan biri edi. Uning Masjidi Nabaviy ro‘parasida Bayraho nomli bog‘i bo‘lib, uni juda yaxshi ko‘rardi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham boqqa kirib, undagi buloqning suvidan ichar edilar. Anas (roziyallohu anhu) aytadi: «Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar...» oyati nozil bo‘lgan paytda, Abu Talha (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, mening eng yaxshi ko‘rgan narsam Bayraho nomli bog‘im. Uni Alloh yo‘lida sadaqa qildim. Men uni oxiratga zaxira bo‘lishini umid qilaman. Bog‘ni Alloh buyurgan joyga ishlating”, dedi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh senga baraka bersin! Bu juda foydali mol bo‘ldi, juda foydali mol bo‘ldi. Ey Abu Talha, uni o‘zingning muhtoj yaqinlaringga sarflashingni foydali deb o‘ylayman”, dedilar. Abu Talha (roziyallohu anhu) bog‘ni qarindoshlari va amakilarining o‘g‘illariga bo‘lib berdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Oyati karimada ixtiyoriy ehson-sadaqa qilishning me’yori bayon qilinmoqda. Unga ko‘ra, inson infoq qilishda qo‘lidagi arzimas, yaroqsiz narsani emas, balki o‘ziga mahbub-sevimli, sifatlisining ma’lum qismini chin ko‘ngil bilan berishi lozim. Farz ehsonlar – zakot va ushr kabi sadaqalarni esa molning o‘rtachasidan berish kerakligi manbalarda zikr qilingan. Zero, oyatning so‘ngida «...Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir» deb sevimli va sifatli narsani infoq qilishga targ‘ib etilmoqda.
Alloma Sha’roviy (rahmatullohi alayh) aytadi: «“Alloh taolo banda yaxshi ko‘rgan narsasini infoq qilgani evaziga yaxshilik – jannatni beradi. Inson haqiqatda yaxshi ko‘rganini infoq qilgani yoki yaroqsiz narsani bergani Alloh taologa ma’lum. Ey mo‘minlar, bu borada o‘zingizni aldashga urinmang! Zero, Alloh qalbning tubida hammadan yashirin bo‘lgan sirlarni ham bilur. Shuning uchun oyatning so‘ngida “Nimaniki infoq qilsangiz, albatta, Alloh uni bilguvchidir”, deb ogoh etmoqda!»
Inson dunyoda yaxshi ko‘rgan narsasini behuda sarflamaydi. Balki uning ortidan yaxshiroq narsaga erishishiga ishonsa, uni shunga sarflaydi. Demak, o‘zi uchun sevimli narsani do‘stiga ehson qilgan kishi oxiratda qayta tirilishi, hisob-kitob bo‘lishi, ajr-mukofot olishi va berganidan ko‘prog‘iga ega bo‘lishiga ishonadi.
Ehson qilinadigan narsa sifatli bo‘lishi lozim. Hadyani olgan odam o‘zini kamsitilgandek his qilmasligi kerak. Balki xursandchilik, ochiq yuz bilan qabul qiladigan sovg‘a bo‘lsin. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qiling! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamang! Shuningdek, bilingki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq Zotdir» (Baqara, 267).
Ba’zi kishilar zakot yoki sadaqa beradigan bo‘lsalar, sifatli va marg‘ub mollaridan emas, balki nuqsonli va past navli narsalaridan beradilar. Vaholanki, o‘sha narsalar o‘zlariga berilsa, olmagan yoki noilojlikdan olgan bo‘lur edilar. Bu oyati karimaning nozil bo‘lishiga sabab ba’zi musulmonlarning o‘sha davrda zakotga berish uchun eng past navli xurmolarni ajratganliklari bo‘lgan.
Allohning g‘aniyligi, ya’ni boy va behojat ekani to‘g‘risida qayd etilishining sababi Uning butun borliq va mulkka ega ekani hamda odamlarning beradigan ehson va sadaqalariga mutlaqo muhtoj emasligi, balki qilinadigan xayr-ehsonlar va zakotu ushrlar bandalardan olinib, yana ularning muhtojlariga berilishidir.
Alloh taoloni eslatishidan murod bandalariga buyurgan yoki ularga taqiqlagan ishlarini U bilim va hikmat asosida qilishini, biror ishni behuda yoki besabab qilmasligini eslatishdan iboratdir (Shayx Abdulaziz Mansur).
Tafsir kitoblari asosida Buvayda tumanidagi
“Poshshopirim” jome masjidi imom noibi
Bahodir A’ZAMOV
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalidan
Cavol: Men jamoat namoziga borishni endi boshladim. Men namozni sekin o‘qiyman. Gap shundaki, ko‘pincha men salavotni o‘qiyotganimda imom ikki tarafga salom berayotgan bo‘ladi. Shu holada men salavotni tugatib, keyin duo o‘qib so‘ng salom berishim kerakmi yoki imom bilan barobar salom berishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu holatda imom bilan birgalikda salom berasiz. Zero, salavot o‘qish sunnat, imomga ergashish esa vojib amal sanaladi. Vojib amal sunnat amaldan yuqori bo‘lgani sababli siz vojib bo‘lgan amalni bajarasiz. Agar tashahhud (“At-tahiyyot...”) duosini o‘qiyotganingizda imom salom berib qolsa, siz tashahhud duosini tugatib, keyin salom berasiz. Chunki tashahhud duosini o‘qish vojib amal hisoblanadi.
Alloma ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar: “Farz va vojib amallarda kechiktirmasdan imomga ergashish vojib sanaladi. Ammo imomga ergashish bilan boshqa vojib amal teng kelib qolsa, “imomga ergashish kerak” deb vojibni tark qilmaydi, balki avval vojibni bajarib, keyin imomga ergashadi. Masalan, imomga iqtido qilgan kishi tashahhudni tugatishdan avval imom uchinchi rakatga tursa, iqtido qilgan kishi avval tashahhudni tugatib, keyin o‘rnidan turib, imomga ergashadi (Chunki ikkisi ham vojib bo‘lib, birini bajaraman deb boshqasini tark qilmaydi).
Agar imomga ergashish bilan sunnat amal teng kelib qolsa, yuqoridagidek qilmaydi. Masalan, (sajda yoki rukuda) imomga iqtido qilgan kishi tasbihni uch marta aytishidan avval imom boshini ko‘tarsa – fuqaholarimiz eng to‘g‘risi deya aytgan gapga ko‘ra - imomga ergashadi. Chunki sunnatni tark qilish vojibni kechiktirishdan ko‘ra ustundir” (“Raddul muhtor” kitobi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi