Kun yo tunning o‘z vaqtidan bir lahza ortda qolmasligi, yil fasllarining almashib turishi umr bebaqoligini bildiruvchi hikmatdir. Fasllar faqat tabiatning takrorlanib kelishini anglatmaydi. Unda inson umri fasllari ham aks etadi. Shuning uchun ham Alisher Navoiy hazratlari “Xazoyin-ul maoniy”dagi g‘azallariga umr fasllariga monand holda tartib bergan bo‘lsa, ajab emas.
“Xazoyin-ul maoniy” bolalik, yoshlik, o‘rta yoshlik, keksalik kabi fasllarga ajratilgan. Bu fasllarni tabiat fasllariga qiyoslasak, bolalik – bahor, yoshlik – yoz, o‘rta – kuz, keksalik – qishga to‘g‘ri keladi. Bunda hech qanday mubolag‘a yo‘q. O‘ylab qarasangiz, umr fasllari aksi bir kunda ham namoyon bo‘lar ekan: tong – bolalik, bu paytda tabiat musaffo, odam qayta tug‘ilgandek bo‘ladi va hokazo.
“Tonggi uyqu rizqni qiyadi”, deydilar. Bu hadisning hayotiy misoli ham bor. Aytaylik, kimdir choshgohda turadi, boshqa birov esa quyosh chiqmasdan uyg‘onadi. Orada ikki soat farq bor, deylik. Erta turgan odam, tabiiyki, shu vaqt ichida biror foydali yumush bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kech turgan esa arang ishxonasiga borib ulguradi. Shu hisob bo‘yicha barvaqt uyg‘ongan odam har to‘rt kunda bir ish kuni, bir yilda to‘qson ish kuni orttirgan bo‘ladi. Bir yilda boshqalardan uch oy ko‘p mehnat qilgan odamning ko‘proq daromad topishiga shubha qilmasak ham bo‘ladi. Bundan tashqari, matematik hisob ko‘ra, bolaligidanoq kech turishni odat qilgan kishi yetmish yil umr ko‘rsa, uning o‘n yetti yarim yilini me’yoridan ortiqcha uyquga sarflar ekan. Bu navqiron yigit umriga teng vaqtni sovurmoq demakdir.
Shifokorlarning guvohlik berishicha, kech turgan odam tanasidagi hujayralarning hammasi kun bo‘yi uyg‘onib ulgurmas ekan. Tasavvur qiling, yarim uyg‘oq holda mudrab ishga, o‘qishga boramiz, shu holda o‘qib-o‘rganamiz, o‘qitamiz va o‘rgatamiz, hujjatlar tayyorlaymiz, imzolar chekamiz... Alloh taolo bizni jamiki mavjudotning afzali qilib yaratgan. Shu bois o‘zimizni “hazrati inson” deb ulug‘laymiz. Ammo tong mahali tirik jon borki, Yaratuvchiga hamd-u sano aytayotgan chog‘da “hazrati inson” g‘aflat uyqusida yotgan bo‘ladi.
Qur’oni karimning “Nur” surasi 41-oyatida “(Ey, Muhammad), Allohga osmonlar va yerdagi bor jonzot ham, (samoda) saf tortgan qushlar ham tasbeh aytib poklanishini ko‘rmadingizmi?” deya da’vat qilinadi. Ulamolarning ma’lum qilishicha, qaldirg‘och erta tongda “Val-fajr” (Tongga qasam) surasini o‘qir ekan. Ulug‘ Navoiy bobomiz lutf etganlaridek, Turkiston mulkining shayxul mashoyixi Ahmad Yassaviy hasratlari:
Saharlarda ul gullar sano aytur bulbullar,
Kim ayturkim, biru bor sahar vaqti ichinda...
– deya bu fursatning qanchalik “xush soat va jannat rohati” ekanini ta’kidlaydi.
Tong chog‘ida turib bir oz sayr qilsangiz, odamdan boshqa biror jonzotning mast uyquda yotganini ko‘rmaysiz. Shunday ekan, tongda turishimizga nima xalaqit qilmoqda? Birgina kech yotib, kech turishimiz, xolos. Ammo bu odatdan voz kechish u qadar qiyin emas. Faqat buning uchun inson o‘z vaqtining quli emas, balki jilovdori bo‘lishi zarur.
Onalarimiz o‘z farzandlariga beqiyos darajada mehribon. Shu tufayli bolam tiniqib uxlab olsin deb uni tongda – jamiki yaralmishga rizq-u nasiba ulashilayotgan paytda uyg‘otmaydi. O‘zi bilib-bilmay norasidasini tong nafasidan benasib qoldiradi. Banogoh bolaning o‘zi uyg‘onib qolsa ham darhol pardalarni yopib xonani qorong‘ilatadi, emizadi, bola yana uxlab qoladi. Bola poshsho-da. U qancha ko‘p uxlasa, shuncha kam xarxasha qiladi. Ro‘zg‘or yumushlariga xalaqit bermaydi. Bu mehr-muhabbat zamirida onaning ozgina xudbinligi ham borga o‘xshaydi...
Bunday haddan ortiq mehribonchiliklar bois taltaytirilgan bolani ulg‘ayganda “taxti ravondan” tushirish qiyin kechadi. Onaizor ham qo‘llarida ko‘tarib alla aytib yurgan bolasini endi uyg‘ota olmay xunob bo‘ladi. Asta-sekin shirin allalar, opichlab erkalashlar o‘rnini qiyin-qistovlar, achchiq-tiziqlar, o‘yib-chimchilashlar egallaydi. Aybi neligini bilolmay bola bechora hayron. Axir, u murg‘akligidanoq miriqib uxlashga o‘rgangan-da...
Farzandlarga barvaqt turib ibodat qilishni o‘rgatishdan cho‘chib qolgan vaqtlar ortda qoldi. Uyquchilik, karaxtlikdan uyg‘onish fursati yetganiga ham ancha bo‘ldi-ku. Musaffo tong shukuhini sezmay uxlab yotgan farzandining shirin uyqusini buzish ayrim millatdoshlarimizning muloyim tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi, Ammo istaysizmi-yuqmi, tongni hammadan kechikib qarshi olgan insonning kun davomida qo‘lga kiritgan yutug‘i ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Shu boisdan bunga jiddiy masala sifatida yondashmoq lozim.
Haj safariga borgan muborak zotlardan biri makkalik bir xonadon mehmoni bo‘lganini eslaydi: ertalab bomdodga azon chaqirilganda mezbon ayol ikki oylik chaqaloqni burnini chimchilab uyg‘otibdi. Buni ko‘rgan mehmonning rafiqasi mezbondan bolani nega bezovta qilganini so‘ragan ekan, “Bola azon bilan uyqudan uyg‘onishni hozirdan odat qilmasa, keyin juda qiynaladi”, deb javob beribdi. Shuni eshitganda beixtiyor ko‘pchilik namozxonlarning bomdodga turishga qiynalayotganidan shikoyat qilishini esladim. Agar odam sahar vaqti turishni murg‘aklikdan odat qilsa, erta turishga hech vaqt qiynalmaydi, ibodatini ham uyqusiramasdan, zavq bilan bajaradi...
Katta choshgohda uyqudan lanj holda turib biror daraxtning soyasigami, choyxonagami yig‘ilgan qo‘ni-qo‘shnilar zamondan, jamiyatdan nolimoqni boshlaymiz. Bu paytga kelib vaqtli turgan kishilar kunlik yumushining yarmini bajarib qo‘ygan bo‘ladi. Insof bilan aytganda, zamondan nolish gunoh. Hadisi sharifda “Alloh Taolo aytadi: Odam farzandi menga aziyat berib, zamondan shikoyat qiladi. Vaholanki, zamonning egasi menman. Uni o‘z qudratim bilan kecha va kunduzga aylantirib turaman. Qachon xohlasam uni to‘xtatib qo‘yishim ham mumkin”, deya marhamat qilinadi. Jamiyatdan nolish ham adolatdan emas, uning qanday bo‘lishi shu jamiyat a’zolarining ma’naviyat va mas’uliyati, bilimi va huquqiy madaniyatiga ham bog‘liq. Jamiyat asosi esa siz-u bizmiz. Biz qanday bo‘lsak, jamiyat ham shunday bo‘ladi. Demak, turmushimiz o‘zimiz orzu qilgandek kechmayotganiga boshqalarni aybdor qilishga har qancha urinmaylik, asosiy aybdor o‘zimizning insoniy saviyamiz ekanligi ikki karra ikki – to‘rtday ayon.
Goho ayrim mamlakatlar farovonligidan so‘zlab og‘zimizning suvi ketadi. Ularning bu darajada taraqqiy etgani sabablarini o‘zimizcha tahlil qilamiz. Biroq ular ko‘p uxlamasligi, ko‘rpa-to‘shakka mehr qo‘ymasligi hisobiga shunday farovonlikka erishganini o‘ylamaymiz. Amerika Qushma Shtatlariga borib kelgan do‘stimiz aytadi: “Bir oilaga mehmon bo‘ldik, yotishdan oldin mezbon ertalab soat beshda turishimizni ma’lum qildi. Men sakkizgacha uxlamoqchi ekanimni aytuvdim, eshitib og‘zi ochilib qoldi. Chunki ular sakkizgacha uxlash mumkinligini tasavvur ham qila olmas ekan. Bundan juda xijolat bo‘ldim. Shu voqeadan so‘ng barvaqt turishni odat qildim.”
O‘tgan yili yana bir hamkasbimiz ummon ortiga borib keldi. Uning aytishicha, Vashingtonda tong vaqti bomdodga turib derazadan shaharga boqsa, ko‘chada hayot qaynab yotgan ekan. Saudiya Arabistonini bilasiz, iqtisodi nihoyatda baquvvat. Bu mamlakat shaharlarining obodligi, xalqining farovon turmushiga ovrupoliklar ham havas qiladi. To‘g‘ri, ularning nefti ko‘p, fuqarolarining hammasi ham erta tongda turavermas, ammo u yurtlarda tongi uyqu ommaviy tus olmagan. Qut-barakaning asosiy sababi ham shunda.
Saharxez kishilarning ishi unumli va turmushi farovon bo‘lishiga misollar o‘zimizda ham bisyor. Kibriyo Qahhorovaning Abdulla Qahhor haqidagi xotiralarida adibning ko‘pincha tong chog‘i ijod qilgani bitilgan. Tongda ijodkorning miyasi tiniq, fikri ravon, turli axborotlar bilan chuvalashib qolmagani bois ijodiy mehnati samarali kechgan. Hurmatli yozuvchimiz Odil Yoqubovning shogidlari ham ustoz ijodiy ishlarini ko‘pincha tong chog‘i bitirib qo‘yishga odatlanganini aytib yurishadi.
Bir qancha ishlab chiqarish korxonalari va savdo shoxobchalari ochgan tadbirkorlardan biri to‘g‘risida tanishlarining gapirgani qulog‘imga chalinib qoldi. Bu boy bir kunda ikki soat uxlar ekan. Kunduzi boshqa ishlar bilan band bo‘lib, kechasi yarim tunga qadar foyda-zararni hisob-kitob qilarmish. Keyin erta tongda stadionda yugurib yurarmish. Bir kunda ikki soat uxlash sog‘liq uchun foydali demoqchi emasmiz, albatta. Ammo mol-u davlatli odamning shu qadar kech yotib yana tongda turishga kuch topa olishiga qoyil qolmay iloj yo‘q.
Insonning bir kunini umr fasllariga qiyosladik. Fikrimizni hayotiy misollar yordamida dalillasak, tong – bolalik. Shu ma’noda, kech turishni odat qilgan murg‘ak jon har kuni bolaligining bir necha soatini uyquda o‘tkazadi. Mana shu uyquda o‘tgan kunlar yig‘ilib yillarni tashkil etadi va bola yaxshi tarbiyachiga shogirdlikka berilsa, qo‘lidan tuzukkina ish keladigan yoshga borib qolganda ham o‘ynab yuradi. Sababi, u ko‘p uxlagani bois hali to‘yib o‘ynab ololgani yo‘q.
Ona esa bolasining uyqusini qizg‘anganidek, uning to‘yib-to‘yib o‘ynashini ham xohlaydi. Chunki ona uchun farzand necha yoshga kirsa ham go‘dak bo‘lib qolaveradi. Shu boisdan bolangizga nimadir o‘rgatgingiz kelib biror narsani uqtiraversangiz, onasi “miyasini zo‘riqtirasiz, bola tushinadimi, shuni” deb yana o‘rtaga tushadi. Tabiiyki, siz ham bolaning miyasini zo‘riqtirmaslik tarafdorisiz, axir u dilbandingiz. Keyin esa mana shu zo‘riqishdan asralgan, vaqtida ishlatilib, toblanib, rivojlanib bormagan miya dangasa bo‘lib qoladi-da, zarur bo‘lganda “ishlamay” hammani qiynaydi. Bu erinchoqlik Abdulla Avloniyning “Yalqov shogird tilindin” she’rida shunday ifodalanadi:
Men maktabga kelmas edim,
Kirmas, o‘qimas edim.
Meni zo‘rlab yubordilar –
G‘arib onam yig‘lab qoldi.
Go‘dakligida bolasi boshida girgitton bo‘lgan onaizor u maktabga chiqqanda ham qayg‘uradi. Buni sezgan bola maktabda o‘tilayotgan darslarni o‘zlashtirishdan ko‘ra tezroq yo‘llariga ko‘z tikib, xavotirlanib o‘tirgan onasining bag‘riga qaytish haqida o‘ylaydi. Axir, quyosh tepaga kelguncha miriqib uxlagan, kechgacha o‘z erkida televizor tomosha qilgan yoki ko‘cha changitib o‘ynab yurgan bolaga dabdurustdan “Tongda tur, nonushtangni qil, maktabga chop, partada to‘g‘ri o‘tir, qiyshayma, lallayma, og‘zingni yop, yoz, chiz, o‘chir”, kabi amirona ko‘rsatmalar, do‘q-po‘pisalar bo‘la boshlagach, dovdirab nima qilishni bilmay qoladi-da.
Bobolarimizning o‘gitlariga qaraganda, odam qirq kun davomida bir ishni uzluksiz bajarsa, bu yumush unga odat bo‘lib qolar ekan. Tarki odat esa amri maholdir. Ayrim yurtdoshlarimizga quyoshdan keyin uyg‘onish ko‘p yillik odatligini hisobga olsak, ularning vaqtli turishga qiynalishi ajablanarli hol emas. Ammo erinmasdan uzog‘i bilan qirq kun jiddu jahd etsalar, subhi sodiqdanoq ko‘chalar gavjumlashib, xonadonimizga fayz-u baraka yog‘ilaveradi.
Shunday ekan, dilbandingizni ertaroq uyg‘oting, onajon!
Damin JUMAQUL,
jurnalist
Muallifdan: Xorijga borganimizda ertalab yo‘lda ketayotib bir kampirning o‘ziga o‘zi: “Millat uxlayapti, millat”, deya ming‘irlab yurgani qulog‘imga chalinib qoldi. Uning gapidan hushyor tortib atrofga diqqat qilib qarasam, haqiqatan, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, bironta tirik jon ko‘rinmasdi. Bu safar ortidan boshqa yurtga borsam tong bilan salomlashgani u yerning odamlarining ham ko‘pchiligi chiqmasdan uxlab yotar ekan. Bu holni ko‘rib uyquchilik ham zamonaviy ifoda bilan aytganda, global muammo ekan-da degan fikrga keldim.
Ushbu maqola 2006 yil “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan edi. Oradan o‘n bir yil o‘tdi. Ammo hali ham muhtarama onalarimiz bolalarini tongda uyg‘otmayapti. Aksincha, ba’zilarining o‘zlari ham ularga qo‘shilib uxlab yotibdi. Yoshi katta yurtdoshlarimizning ham ko‘plari saharxez bo‘lgani yo‘q. Demak, bu mavzu hamon dolzarbligicha turibdi. Zora, maqolani o‘qigandan so‘ng yurtdoshlarimiz uyqusida bir ozgina bo‘lsa-da, o‘zgarishlar bo‘lib qolsa, degan yaxshi niyatda maqolani Internetda ham e’lon qilishga jur’at etdim.
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.