Bolaligim xotiralari
Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi, uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Sen kelganing on,
Quvonch bir jahon.
Yilda bir emas,
Ko‘proq kelsayding.
Bizga yoqishing,
Koshki bilsayding.
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:
Qurbon hayit, qurbon hayit,
Dasturxoni to‘kin bu iyd.
Yo‘qlovlaring yana boyit,
Yuraklardan g‘amni arit,
Qurbon hayit, qurbon hayit.
Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.
Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.
Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.
Zebo OMONOVA
Muhammad Said ibn Ramazon ibn Umar ibn Murod al-Butiy 1929 yilda Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan, bugungi kunda Turkiya Respublikasi hududiga kiruvchi Jizre (arabcha: Jazirat ibn ‘Umar, kurdcha: Cizîrê Botan) viloyatiga qarashli Jalka qishlog‘ida tavallud topgan. Ushbu hudud tarixan boy ilmiy va madaniy merosga ega bo‘lib, ko‘plab yetuk shaxslar, ayniqsa islom olimlari bilan mashhur bo‘lgan. Jizre hududi o‘zining uzoq yillik ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan ajralib turadi. Tarixiy manbalarda bu yerda yashab o‘tgan ko‘plab olimlarning ismlari tilga olinadi. Jumladan, buyuk musulmon tarixchisi va "al-Kamil fī’t-Tarix" asari muallifi Ibnul-Asir (1160–1233), mashhur qiroat olimi Abul-Xoyr Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy, mexanika va texnika sohasida kashshof sifatida tanilgan, "al-Jami' baynaal-'ilm val-'amal an-nafi' fī ṣina'at al-ḥiyal" asari muallifi Abul-‘Izz ibn Isma‘il ar-Rozzaz al-Jazariy (vafoti 1206-yil) shular jumlasidandir.
Muhammad Said Ramazon al-Butiy ana shunday yuksak martabali olimlardan biridir. U Islom olamida asosan fiqh, da’vatchilik faoliyati, asarlari va siyosat bilan aloqasi sababli mashhur bo‘lgan. Uning ilmiy merosi, asarlari va ilgari surgan g‘oyalari ko‘pincha G‘azoliy bilan qiyoslanadi [1].
Muhammad Said Ramazon al-Butiy 1934-yilda oilasi bilan Suriyaning Damashq shahriga hijrat qilgan. Ular asosan kurdlar istiqomat qiladigan Ruknuddin mahallasiga joylashadilar. Butiy bolaligidan Qur’on ta’limini boshlaydi va atigi olti oy ichida Qur’onni to‘liq xatm qiladi. Keyinchalik otasi bosh-qoshligida turli madrasalarda diniy ilmlar bilan shug‘ullanadi. 1953-yilgacha Shayx Hasan Habanka al-Maydoniy boshchiligidagi "At-tavjih al-islomiy" kollejida nahv, mantiq, balog‘at, usul va boshqa diniy fanlarni o‘rganadi.
1953-yilda Misrning Azhar universiteti Shariat fakultetiga o‘qishga kirib, 1956-yilda tamomlaydi. 1957-yilda Humus shahrida diniy madaniyat o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlaydi. 1960-yilda Damashq universitetining Shariat fakultetida yordamchi lavozimiga tayinlanadi. 1965-yilda Azhar universitetida "Islom huquqida "Maslaha" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini "Mumtaz" (juda a‘lo) bahosi bilan himoya qiladi. Shundan so‘ng u Damashq universitetida professor unvoniga erishib, islom huquqi, fiqh, aqida va siyrat fanlaridan saboq beradi.
1970-yilda dotsent, 1975-yilda professor, 1977-yilda esa Shariat fakulteti dekani lavozimiga tayinlanib, 1993-yilgacha bu lavozimda ishlaydi. U arab, kurd, turk va ingliz tillarini yaxshi bilgan. Akademik faoliyati davomida u kitoblari, televideniya, radio va internet orqali keng ommaga diniy ta’lim yetkazgan. Uning Damashqdagi yirik masjidlardagi va’zlari ko‘p sonli kishilarni jamlagan.
Yevropalik tadqiqotchi Andreas Christmann ta’kidlaganidek, diniy amallarga rioya qilmaydigan hatto musulmon bo‘lmagan kishilar ham uning ma’ruzalariga qiziqish bildirgan [2]. 2005-yilda Dubay Qur’on Xizmat Kengashi uni "Namunali Islom Olimi" deb e’tirof etgan. 2012-yilda esa Iordaniya Qirollik Akademiyasi tomonidan tuzilgan eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatida 22-o‘rinni egallagan.
Butiy aqidada Ash’ariy kalom maktabiga ergashgan bo‘lib, salafiylik oqimiga tanqidiy yondashuvi bilan mashhur edi. Fiqhiy yo‘nalishda esa Shofi’iy mazhabiga mansub bo‘lgan.
Butiyning ilmiy faoliyatida birinchi yirik yutug‘i sifatida "ad-Davabitu’l-Maslaha fi’sh-Shari‘ati’l-Islamiyya" nomli doktorlik dissertatsiyasi bo‘lib, bu asar Islom huquqidagi "Maslaha" masalasini chuqur tahlil qilgani sababli tadqiqotchilar tomonidan muhim manba sifatida qadrlanadi.
Uning asl shuhrati esa "Fiqhus-siyra" asari orqali keng tarqalgan. Ushbu kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlari asosida shar’iy va fiqhiy xulosalar chiqarilib, yangicha ilmiy uslubda taqdim etilgan.
Tahrirchi Bot, [16.05.2025 12:30]
Butiy 70 ga yaqin kitob va ko‘plab maqolalar muallifi bo‘lib, Islom ummati muammolariga bag‘ishlangan "Abhas fi’l-Kimme" nomli o‘nta risoladan iborat to‘plami ham e’tibor qozongan. Bu risolalarda u muammolarga yechimlarning o‘zini emas, balki ularning asl sabablari, xususan, G‘arb qarshisida musulmonlarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan orqada qolish omillarini ochib berishga intilgan.
U butun umri davomida islomiy fikr, axloq va ma’rifatni targ‘ib etishda fidokorona xizmat qilgan. Afsuski, bu yuksak ilm va taqvo sohibi 2013 yil 21 mart kuni Damashqdagi Imom masjidida dars berayotgan paytida shahid bo‘ldi. Uning vafoti nafaqat Suriyada, balki butun Islom olamida chuqur iztirob bilan qabul qilindi. Shu tariqa Ramazon Butiy o‘zining boy ilmiy merosi va mardonavor xizmatlari bilan musulmon ummatining qalbida chuqur iz qoldirdi.
Muhammaddiyor MO‘MINOV,
Toshkent Islom instituti 402-guruh talabasi.
[1] Mahsum Aslan. Muhammed Said Ramazan el-Bûtî’nin hayatı, eserleri, ilmî kişiliği ve fıkıhçılığı "Muhammad Said Ramazon al-Butiyning Hayoti, Asarlari, Ilmiy Shaxsiyati va Fiqhchilig‘i" nomli magistrlik dissertatsiyasidan. Dijla Universiteti, Sotsial fanlar instituti, Diyarbakir, qisqartirma, 2014.– J.1. — B.1.
[2] Andreas Christmann. Islamic scholar and religious leader: A portrait of Shaykh Muhammad Sa’id Ramadan al-Būti “Musulmon Olim va Diniy Yetakchi: Shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy”, tarj. Muammer İskenderoğlu, Usul islomiy tadqiqotlar jurnali, Son: 2, Iyul-Dekabr, 2004. – 129-154, - B.130.