Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Hayit shukuhi

27.06.2017   102968   2 min.
Hayit shukuhi

    Bolaligim xotiralari

Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi,  uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:

Mohi Ramazon,

Aziz,  jonajon.

Sen kelganing on,

Quvonch bir jahon.

Yilda bir emas,

Ko‘proq kelsayding.

Bizga yoqishing,

Koshki bilsayding.

Mohi Ramazon,

Aziz, jonajon.

Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:

Qurbon hayit, qurbon hayit,

Dasturxoni to‘kin bu iyd.

Yo‘qlovlaring yana boyit,

Yuraklardan g‘amni arit,

Qurbon hayit, qurbon hayit.

Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.

Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.

Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.

                                                                                Zebo OMONOVA

 

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti namozini o‘qish vaqtlari

03.06.2025   12594   2 min.
Qurbon hayiti namozini o‘qish vaqtlari

Yurtimizdagi jome masjidlarda 2025 yil 6 iyun juma kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. 


Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:


Andijon                           05:00
Namangan                         05:00
Farg‘ona                            05:00
Toshkent sh.                     05:10
Toshkent v.                       05:10
Sirdaryo                            05:20
Jizzax                               05:20
Samarqand                       05:20
Surxondaryo                     05:25
Qashqadaryo                      05:25
Navoiy                              05:30
Buxoro                               05:30
Xorazm                               05:45
Qoraqalpog‘iston Res. 05:50


Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari