Rossiya musulmonlari jamiyati taklifiga ko‘ra, joriy yil Ramazon oyida Chuvashiya Respublikasi, Omsk viloyati, Sibir va Moskva shaharlarida taroveh namozlarini o‘qib berayotgan qorilarimiz Qur’on xatmlarini yakunladilar. Xatmi Qur’on yakunida Chuvashiya Respublikasida vaqtincha mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar ishtirokida katta iftorlik tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda milliy taomimiz – osh damlanib, yig‘ilganlarga tortiq qilindi.
Iftorlik dasturxoni atrofida qorilarimiz tomonidan Qur’on tilovati qilinib, Qadr kechasining fazilati, Ramazon hayiti, hayit odoblari haqida ma’ruzalar qildilar.
Qorilarimiz safarlarini yakunlab, 25 iyun kuni yurtimizga qaytib kelishlari rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Bir qishloqda Ibrohim ismli bolakay onasi bilan yashardi. Ularning yashash sharoiti uncha yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan uning onasi har kuni eshiklari yoniga boshqalar olib yeyishi uchun yegulik qo‘yardi.
Bir kuni Ibrohim: “Onajon, siz nega boshqalar uchun har doim eshigimiz yoniga yegulik qo‘yasiz? Axir o‘zimiz ham nochor yashayapmiz-ku?” deb so‘radi. Shunda onasi tabassum bilan: “O‘g‘lim, qachonki biz Alloh bergan ne’matlarga shukr qilib, oziga qanoatlansak, borini boshqalar bilan baham ko‘rsak, shunda Alloh u ne’matlarni ko‘paytirib beradi”, dedi. Ibrohim onasining bu gaplariga unchalik ham tushunmadi. Qanday qilib uydagi narsani ikkiga bo‘lib ko‘paytirish mumkinligiga aqli yetmadi.
Bir oqshomda o‘rta yoshlardagi kishi kelib ularning eshigini qoqdi. “Har kuni sizlarning eshigingiz oldida yegulik ko‘rib, olib yerdim. Alloh sizlarning topganlaringizga baraka bersin, deya duo qilardim. O‘zim oldin tijoratchi bo‘lganman. Hozir ozroq daromad topdim. Shuni sizlarga bersam”, dedi. Ibrohim u pul bilan o‘qib, ilm oldi.
Yillar o‘tib Ibrohim juda katta olim bo‘ldi. U boshqalarga ham ilm berar ekan, onasining gaplarini eslab: “Har doim imkon darajasida yaxshilik qilishdan to‘xtamaslik kerak ekan. Qiymatidan qat’iy nazar, bor narsangizni boshqalar bilan bo‘lishish baxt ekan”, deydi. Zero, “Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi” (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Akbarshoh Rasulov