Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2025   |   10 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2025, 10 Shavvol, 1446

Ramazon oxirlab bormoqda...

22.06.2017   90756   4 min.
Ramazon oxirlab bormoqda...

Ramazon oxirlab bormoqda. Biz rejalashtirgan qaysi ezgu amallarimizga ulgurdigu qaysilarini keyingi yilga olib qo‘ymoqchimiz. Biroq hali vaqtimiz bor, oylar sultonining har daqiqasi bebaho va mazmunli, ulguramiz ko‘p ezguliklarga inshoolloh.

Qur’oni karimning Niso surasi, 80-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo‘riqlovchi qilib yuborganimiz yo‘q”. Chindan ham, Nabiy (a.s.)ning hayot yo‘llari biz o‘rganishimiz, namuna olishimiz uchun eng munosib hidoyat manbaidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ramazon oyi davomida har doimgidan ko‘proq ibodat va ezguliklar qilishga shoshilar edilar. Biz ham ularning bu qutlug‘ yo‘llaridan yurishga muyassar bo‘lishni dilimizga tugganmiz. Zero, bu bizning oliy maqsadimiz bo‘lishi kerak.

Qur’oni karimni ko‘proq tilovat qilishning ayni pallasi – Ramazon oyidir. U Qur’on oyi, ma’rifat oyi deb bejiz ta’kidlanmagan. Bu muborak shahr – Qur’on nozil bo‘lgan oydir. Hadislarda keltirilishicha: “Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga Ramazonda har tunda kelar, bu hol Ramazon tugaguncha davom etar edi. Rasululloh Jabroil (a.s.)dan Qur’onni o‘tkazib olar edilar”. Ushbu hadisdan ma’lumki, Ramazon oyida qancha ko‘p Qur’on o‘qilsa shuncha yaxshi, uning yaxshiligi va barakasi ham ortib boraverar ekan. Qolaversa, oyatlarning mazmunini tushunishga harakat qilish, suralar mohiyatini tafakkur qilish alohida ahamiyatga egadir. Bugungi kunda tobora chiroy ochib borayotgan masjidlarda ado etilayotgan xatmi Qur’onlar ana shu go‘zal an’ananing davomidir.

Ramazonda har qachongidan ham saxovatli bo‘lmoq joiz. Binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham saxiylik bobida peshqadam edilar. Ayniqsa qutlug‘ oyning sharofati bilan ularning karamlari yanada ortgandan ortib boraverar edi. Hadislarda ta’kidlanishicha, “Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng saxiysi edilar. ayniqsa Ramazonda Jabroil (a.s.) bilan uchrashganlarida saxiyliklari yanada ortar edi”. Demak, hali vaqtimiz bor. Atrofimizga bir nazar tashlaylik, qiynalgan qarindoshlarimiz yoki nochor qo‘ni-qo‘shniyu beva-bechoralarning holidan bir bor xabar olib, keksalarni yo‘qlashni unutmaylik. 

Bu oyda duolarimizni yanada ko‘paytirishimiz fazilatli. Ayniqsa, iftor paytida qilingan duoning xosiyati bemisl. Rasululloh (s.a.v.) og‘iz ochganlarida shunday der edilar: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi va ajr savob sobit bo‘ldi”. Iftor payti duolar qabul bo‘ladigan vaqtlar qatoridadir. Bu esa naqadar buyuk imkoniyat. Ramazonning qadrli lahzalarida, iftorlik pallasida chin dildan, yurak-yurakdan Yaratganga iltijo qilishning fazli tengsiz. Bu g‘animat onlardan foydalanib qolaylik.

Ramazon mehr-oqibat, muruvvat faslidir. Ayniqsa, kishi o‘z oila a’zolari bilan yanada xushmuomala bo‘lishi, ezguligu saxovatlarini avvalo oilasi uchun ado etmog‘i muhim hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz oilasiga yaxshilaridir”, deya marhamat qilinadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ramazon oyida ahli oilasiga go‘zal muomala qilganlar, ayollariga ibodat va boshqa masalalarda ta’lim berganlar.

Ramazon oxirlab borayotgan kunlarda har bir musulmon fitr sadaqasi haqida unutmasligi lozim. Binobarin, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) fitr sadaqasini ro‘zadorning so‘kish va lag‘v ishlarini poklash hamda miskinlar uchun taom ma’nosida farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, maqbul zakot, kim namozdan so‘ng ado qilsa, sadaqaning bir turi hisoblanadi”. Demak, ushbu muborak kunlarda faqirlarning xonadoniga xursandchilik ulashish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bir tomondan zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa bo‘lsa, ikkinchidan, oilalarga shodlik va baraka olib keluvchi sharafli va savobli amallardan ekan.

Biz Ramazonning g‘animat imkoniyatlarining dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq, uning yaxshiliklarini sanab oxirlash mumkin emas. Ramazon oxirlab bormoqda. Uning imkoniyatlarga boy lahzalarini isrof qilmaylik. Qolaversa, Ramazon oyidan ta’lim olganlarimizni yil davomida o‘zimizga odat bilaylik: Hamisha ezguliklarga shoshilaylik, Qur’oni karim tilovati va ma’rifat egallashdan to‘xtamaylik, duolarimizda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘raylik, muhtoj va kasallar holidan hamisha xabardor bo‘laylik. Ana shunda Ramazon shukuhi qalblarimizni  yil davomida tark etmaydi.

Sharifa G‘ANIYEVA,

“Ziyo” studiyasi bosh muharriri

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh nega ularni yo‘q qilib yubormaydi?

08.04.2025   733   7 min.
Alloh nega ularni yo‘q qilib yubormaydi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taoloning bu dunyoda joriy qilgan qonunlari bor. Biz o‘z mantig‘imizdan kelib chiqib «Alloh taolo kofirlarni halok qilib yuborsa edi», deymizu, ammo eng biluvchi zot Allohning hikmatlarini anglamaymiz. Oddiy bir misol, kofirlar darhol halok bo‘lganida biz ham bu dunyoda yo‘q bo‘lar edik, chunki bizning ham 14-15 asr oldingi bobolarimiz, tabiiyki, musulmon bo‘lishmagan. Kofirlar yo‘q bo‘lib ketmasligida bizning qosir aqlimizga ma’lum bo‘lgan quyidagi hikmatlar bor:

  • Avvalo, Alloh taolo xohlaganini qiladi, hikmatlarini anglab yetamizmi, yo‘qmi, taslim bo‘lishga majburmiz. Zotan, Alloh hikmatni ko‘zlamay turib, istaganini qilishi ham aslida bir hikmat.

لَا يُسْأَلُ عَمَّا يَفْعَلُ وَهُمْ يُسْأَلُونَ

U qilgan narsasidan so‘ralmas. Holbuki, ular so‘ralurlar (Anbiyo surasi, 23-oyat).

(U) istagan narsasini amalga oshirguvchidir (Buruj surasi, 16-oyat).

Musulmon bo‘lishlari uchun ularga imkoniyat beradi.

 وَمِنۡهُم مَّن یَسۡتَمِعُ إِلَیۡكَۖ

«Ulardan sizga quloq tutadiganlari ham bor» (An’om surasi, 25 oyat).

أَوَلَم نُعَمِّركُم مَّا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَن تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُۖ

Axir Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! (Fotir surasi, 37-oyat).

  • O‘zi yaxshi ko‘rganlariga ne’mat berib, boshqalarga bermaslik baxilning ishidir. Alloh taolo esa baxil emas.Shu sabab bu dunyoda yashash ne’matidan ularni mosuvo qilmaydi.

مَنْ كَانَ يُرِيدُ الْعَاجِلَةَ عَجَّلْنَا لَهُ فِيهَا مَا نَشَاءُ لِمَنْ نُرِيدُ ثُمَّ جَعَلْنَا لَهُ جَهَنَّمَ يَصْلاهَا مَذْمُوماً مَدْحُوراً * وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ وَسَعَى لَهَا سَعْيَهَا وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَأُولَئِكَ كَانَ سَعْيُهُمْ مَشْكُوراً * كُلاً نُمِدُّ هَؤُلاءِ وَهَؤُلاءِ مِنْ عَطَاءِ رَبِّكَ وَمَا كَانَ عَطَاءُ رَبِّكَ مَحْظُوراً

(Ey Muhammad alayhissalotu vassalom, bu dunyoda odamlarning) barchalariga — mana bu (mo‘min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Parvardigoringizning ne’matidan ato eturmiz. Parvardigoringizning ne’mati (hech kimdan) man’ qilinmas (Isro surasi, 18-20).

قال شداد بن أوس رضي الله عنه : ( إن الدنيا عرض حاضر ، يأكل منها البر والفاجر ، والآخرة وعد صادق ، يحكم فيها ملك قاهر ، ولكل بنون ؛ فكونوا من أبناء الآخرة ، ولا تكونوامن أبناء الدنيا ) صفة الصفوة (1) 709

Shaddod ibn Avs roziyallohu anhu anhu aytadilar: «Bu dunyo naqd mahsulotdir: yaxshi ham, yomon ham undan ulushini yeyaveradi. Oxirat esa rost va’dadir: unda o‘z hukmini o‘tkazuvchi Podshoh hukm qiladi. Ikkovining ham o‘z farzandlari (muxlislari) bor. Sizlar oxirat farzandi bo‘ling, dunyo farzandlari bo‘lmang. (Sifatus sofva kitobi, 1, 709)

  • Zolim va qaysar kofirlar oxiratda ko‘proq jazo olishlari uchun ularga uzoqroq umr berib qo‘yadi:

 

وَلا يَحْسَبَنَّ الَّذِينَ كَفَرُوا أَنَّمَا نُمْلِي لَهُمْ خَيْرٌ لأَنْفُسِهِمْ إِنَّمَا نُمْلِي لَهُمْ لِيَزْدَادُوا إِثْمًا وَلَهُمْ عَذَابٌ مُهِينٌ )

Kufr yo‘lini tutgan kimsalar ularga bergan muhlatimizni zinhor o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar!Balki Biz ularga faqat gunohlarini ziyoda qilishlari uchungina muhlat beramiz. Ular uchun xor qilguvchi azob bordir» (Oli Imron surasi, 178-oyat).

فَلا تَعْجَلْ عَلَيْهِمْ إِنَّمَا نَعُدُّ لَهُمْ عَدًّا

"Bas, siz ular ustida shoshqaloqlik qilmang (ya’ni, nega azobga giriftor bo‘la qolmayaptilar, deb hayron bo‘lmang)! Hech shak-shubhasiz, Biz ularning (qolgan oy, kunlarini ham, qilayotgan gunohlarini ham) aniq hisob-kitob qilib tururmiz" (Maryam surasi, 85-oyat).

 

روى البخاري (4686) ومسلم (2583) عَنْ أَبِي مُوسَى قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ يُمْلِي لِلظَّالِمِ فَإِذَا أَخَذَهُ لَمْ يُفْلِتْهُ ثُمَّ قَرَأَوَكَذَلِكَ أَخْذُ رَبِّكَ إِذَا أَخَذَ الْقُرَى وَهِيَ ظَالِمَةٌ إِنَّ أَخْذَهُ أَلِيمٌ شَدِيدٌ.

Abu Muso roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Albatta, Alloh taolo zolimga qo‘yib beradi. Uni ushlagach siraqo‘yib yubormas, dedilar va (quyidagi oyatni) o‘qidilar:«Parvardigoringiz (ahli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi-azobi alamli va qattiqdir» (Hud surasi, 102-oyat).

لا يَغُرَّنَّكَ تَقَلُّبُ الَّذِينَ كَفَرُوا فِي الْبِلادِ . مَتَاعٌ قَلِيلٌ ثُمَّ مَأْوَاهُمْ جَهَنَّمُ وَبِئْسَ الْمِهَادُ

Sizni kofirlarning shaharlarda kezishlari (ya’ni, ularning har joyda kerilib yurishlari) aldab qo‘ymasin! (Bu yelib-yugurish, g‘olibona kezishlar)ozgina matodir. So‘ngra joylari jahannam bo‘lgay!Naqadar yomon joy u! (Oli Imron surasi, 196-197).

  • Ularni shu dunyodayoq jazolashi uchun umrlarini uzaytirib, har turlik balolarga giriftor qilib qo‘yadi.
  • وَمَنۡ أَعۡرَضَ عَن ذِكۡرِی فَإِنَّ لَهُۥ مَعِیشَةضَنكا وَنَحۡشُرُهُۥ یَوۡمَ ٱلۡقِیَـٰمَةِ أَعۡمَىٰ

Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, bas, albatta uning uchun tang — baxtsiz hayot bo‘lur va Biz uni Qiyomat Kunida ko‘r holda tiriltirurmiz» (Toha surasi, 124-oyat).

  • Musulmonlarga xizmat qilishlari uchunham kofirlarga hayot ato qilib qo‘yishi mumkin. Qadimda ham, hozir ham musulmonlar bilan kofirlar iqtisodiy aloqada bo‘lishgan. Albatta, bunda musulmonlar uchun kofirlarning mahsulotlarida manfaat bo‘lishi tabiiy. Ba’zi manbalarda Fir’avn har kuni ko‘plab yetimlarga yordam bergani uchun Alloh uning halokatini qirq yildan keyin yuborgan ekan.
  • Mo‘minlar ularni ko‘rib o‘z iymonlariga shukr qilishlari uchun ham atrofimizda kofirlarni yashattirib qo‘yadi.

في أثر ذكره الإمام أحمد في الزهد: “أن موسى قال يا رب هلا سويت بين عبادك؟ قال إني أحببت أن أشكر

Imom Ahmad «Zuhd» kitobida zikr qilgan xabarda keladi: Muso alayhissalom: «Ey Robbim, nega bandalaring orasini (iymon va kufrda) bir xil qilib qo‘ymaysan», dedi. Alloh unga: “(Iymonlilari kofirlariga qarab) Menga shukr qilishlarini istadim» degan ekan.

  • Musulmonlar kofirlarga qarshi jang qilib,Alloh yo‘lida jonlarini fido qila olishlarini tekshirish uchun ham kofirlarga yashash imkoniyatini beradi.

Alloh taolo aytadi: “Albatta Biz, to sizlarning orangizdagi (Bizning yo‘limizda molu-jonlari bilan) jihod qilguvchi va (yaxshi-yomon kunlarda) sabr qilguvchi zotlarni bilgunimizcha, hamda sizlarning holi-xabarlaringizni tekshirib — yuzaga chiqargunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz» (Muhammad surasi, 31-oyat).

Albatta, bular qosir aqlimizga kelgan hikmatlar. Allohning huzurida, albatta, juda ko‘p hikmatlar bordir.

Abdulbosit Abdulvohid,
Hadis ilmi maktabi talabasi.

Maqolalar