Qiyomatning shiddatli kunlarida eminlikda bo‘lmoq uchun astoydil harakat qiladigan kunlarimiz kechyapti – itqum minan niyron. Bu farahbaxsh kunlarning har soniyasi g‘animat. Illo, shu kunlarda tavba qilgan odam najot topadi.
Ammo tavba qiluvchining ham turi ko‘p bo‘lar ekan. Bugun tavba qilib, ertaga yana shu ishini davom ettirib ketaveradigan kishilarni ko‘rgan Navoiy hazratlari: “Yo Rabb, sening tavbangdan tavba”, deya yoqa ushlagan ekanlar. Ba’zilar esa bu so‘zni biror narsadan ensasi qotganini bildirish maqsadida ishlatadi, xolos.
Rosmana tavba qilgan kishi esa ba’zan bilib, ba’zida bilmay qolib yo‘l qo‘ygan gunohlaridan astoydil pushaymon bo‘lgan, endi unday gunohlarga yana aslo yaqinlashmaslikka keskin qaror qilgan odamdir. Tavba – jamiki xayrli ishlarning kaliti va mo‘minning najotkoridir.
Alloh taolo: “Illo, kimki (shu dunyoda) tavba qilsa va imon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik (gunoh)larini yaxshilik (savob)larga aylantirib qo‘yar. Alloh mag‘firatli va rahmli zotdir”, deb marhamat qilgan (Furqon surasining 70-oyati).
Ishxonadami, kichik bir xato qilib qo‘ysak, tinchimiz qochadi, ustma-ust uzr so‘raymiz. Xatomiz kechirilganini bilganimizdan so‘ng esa rahbarimizning marhamati kengligidan behad minnatdor bo‘lamiz. Ammo o‘sha vaqtda Alloh taoloning marhamati qullarining marhamatidan ko‘p ekanini, o‘sha rahbarimiz esa Allohning marhamatini ko‘rsatuvchi vosita ekanini o‘ylamaymiz. Demak, asl qolib vositadan minnatdor bo‘lamiz. Agar asldan ham vositadan ham minnatdor bo‘lsak naqadar go‘zal ish bo‘lar edi. Buning uchun esa, avvalo, bu qadar shafqat va marhamat sohibi bo‘lgan Rabbimizga ko‘ngil qo‘yib tavba etmoq, Unga loyiq banda bo‘lmoqqa harakat qilmog‘imiz darkor?
Inson nimani istasa Alloh taolo o‘shani beradi. Buning uchun qiladigan yagona ishimiz xatolarimizni e’tirof etib, marhamatlilarning marhamatlisi bo‘lgan Alloh taologa sig‘inmog‘imizdir.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh bir kuni birodarlari bilan yo‘lda borayotgan edi. Qarshisidan xizmatchilari va yordamchilari qurshovida kelayotgan sarvatli amaldorlardan biri chiqib qoldi. U ko‘krakdor otning ustida yastanib o‘tirib kelayotgan edi. Hasan Basriy yo‘lning o‘rtasiga chiqdi va:
– Ey amir o‘g‘li, men bir jumla sotaman, olasanmi? – dedi.
– Necha dirhamga sotasan? – dedi amaldor.
– Bir dirham kumushga sotiladigani bor, ikki dirham kumushga sotiladigani bor.
– Menga oldin bir dirham kumushga sotadiganingni ayt–chi.
– Ey amir o‘g‘li, sening uying bormi?.
– Bor.
– U uyni o‘zing qurdingmi, senga meros qoldimi?
– O‘zim qurdim.
– Qancha vaqt ichida qurding?
– Shuncha vaqt ichida qildim.
– Nega uni qisqaroq vaqtda qilmading?
– Imoratning poydevoriga birovning eshagida tosh tashigan edim. O‘sha eshakka rahmim kelib oz-ozdan tashiganim bois qurilishim bir oz cho‘zildi
– Ey amir o‘g‘li, birovning eshagiga achinasan. Ammo gunohlaring, mas’iyatlaring ostida qolgan nafsingga achinmaysan. Gunohu mas’iyatni kundan kun yig‘ib uning ustiga qalashtirib boryapsan.
Hasan Basriyning bu so‘zi amaldorga ta’sir qildi.
Darhol otidan tushib, Hasan Basriyning qo‘lini o‘pti va:
– Ey Shayx, ikki dirham kumushga sotmoqchi bo‘lgan jumlangni ham so‘zla, – dedi.
Hasan Basriy qayoqqa ketyapsan? – deb so‘radi.
– Obodonlashtirishga oid bir masala bo‘yicha podshoh saroyiga boryapman, – dedi amaldor.
Hasan Basriy unga:
– Ahvolingga bir qara, saroydagilar yaxshi qabul qilsin degan ilinjda qimmatbaho kiyimlar kiygansan, muattar atirlar sepgansan. Holbuki, ular ham senga o‘xshagan odam. Ertaga payg‘ambarlarning, solih zotlarning yoniga borganingda bunchalik ko‘p gunoh ila, isyon kiri ila ularning yonida turishga uyalmaysanmi? – dedi.
Bu so‘zlar amir o‘g‘liga yanada kuchli ta’sir qildi. Darhol otini quliga hadya qildi. So‘ngra Hasan Basriyning qo‘lini tutib unga bay’at qildi. Umri so‘ngiga qadar toat va ibodatga mashg‘ul bo‘ldi.
Ana o‘sha zotlar tavba qilganidan so‘ng gunohlarga aslo qaytmagan. Allohning marhamatiga sig‘inib barcha gunoh ishlardan yuz burib ketgan.
Shuningdek, Ibrohim Adham hazratlari birgina ishiga tavba qilib saltanatdan, arkonu davlatdan voz kechib ketgani; So‘fi Allohyor hazratlari bir kelinchakning o‘zidan qo‘rqib bola tashlab qo‘yganidan voqif bo‘lgach, tavba qilib amaldorlikdan o‘sha yerning o‘zidayoq voz kechib ustoz izlab ketganini bilamiz. Bu mo‘tabar zotlar bir marta tavba qilganidan so‘ng aslo gunoh ishlarga qaytmagani bois buyuk darajalar hosil qilgan. Xususan, So‘fi Allohyor puxta bilim o‘rganib, o‘zbek, arab va fors tilida mukammal asarlar yozganki, uning asarlaridan musulmon mamlakatlari madrasalarida hamon dars berib kelinmoqda.
Bugun Alloh taolodan nimani so‘rasak beradigan kun – Qadr kechasi. Shu tunda gunohlarimizga chin dildan tavba qilsak, istig‘for aytsak va o‘sha gunohlarga keyin qaytmasak, marhamati keng Parvardigorimiz gunohlarimizni mag‘firat qilib, yurtimizni tinch, turmushimizni farovon etib, rizqimizga, umrimizga, imonimizga baraka berib qo‘yadi, inshaalloh!
Damin JUMAQUL
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida 27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda matbuot, televideniye, radio, internet saytlari vakillari, blogerlar ishtirok etdi. Shuningdek, Diniy idoraning hududiy vakilliklari Matbuot xizmati xodimlari Zoom dasturi orqali masofadan turib qatnashdi.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz Rahbari matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashlari barobarida ularga yuksak e’tibor qaratib kelayotganlari quvonarli hol albatta.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va ezgu duolar bilan boshlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov jurnalistlarga Muftiy hazratlarining tabriklarini yetkazish barobarida xalqimiz manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati tahsinga loyiq ekanini bildirib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali Ijodiy birlashmasi Bosh direktori Madamin Safarov so‘zga chiqib, diniy-ma’rifiy ishlarni xalqimizga to‘laqonli yetkazishda ijod ahlining o‘rnini alohida qayd etishdi. Xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan qilinayotgan hamkorliklar tufayli teleradio va matbuotdagi chiqishlar salmog‘i yil sayin ortib borayotganini ta’kidlashdi.
Bayram tadbiri yakunida o‘ttizdan ziyod hamkor OAV vakillariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashakkurnomalari va esdalik hadyalar taqdim etildi.
Fursatdan foydalanib Muslim.uz jamoasi barcha matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklab qoladi!
FOTOLAVHALAR
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
MUSLIM.UZ (http://muslim.uz/) GA OBUNA BO'LING (https://t.me/+PSOPDevNs2Va-wt7) VA ULASHING (https://telegram.me/share/url?url=https://t.me/muslimuzportal)
YouTube (https://www.youtube.com/@Muslimuzz/featured) | Instagram (https://www.instagram.com/muslimuzportali/) | Facebook (https://www.facebook.com/muslimuzportal)
#xabar #27_iyun #matbuot #axborot