Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

Eng barakotli kecha

21.06.2017   100788   2 min.
Eng barakotli kecha

Laylatul qadr –  sharaf va ulug‘lash, hukm va taqdir kechasi. Alloh taolo bu kechada kelasi yildagi o‘lim, ajal, rizq va shu kabi taqdirga oid ishlarni belgilaydi.

Mahmud Zamaxshariy (roziyallohu anhu) aytadi: “Qadr kechasi bu barcha ishlarning taqdiri va hukmi belgilanadigan kechadir”.

Bu kechada farishtalar Allohning izni bilan yerga tushadi. Tong otguncha insonlarni duo qiladi va insonlarning duolariga “omin” deb turishadi.

Qadr kechasi quyosh botishidan to tonggacha davom etadi. Alloh bu kechada faqat yaxshilikni taqdir etadi. Boshqa kechalarda esa balolarni ham, yaxshiliklarni ham hukm qiladi.

Aksar ulamolar fikriga ko‘ra, Qadr Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, chindan ham u Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi”, dedi. So‘ngra qat’iy tarzda: “Qadr yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Demak, Qadr kechasining katta alomatlaridan biri – o‘sha kuni quyosh shu’lasiz oqarib chiqadi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasi haqida: “U kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh o‘sha kuni och qizil holatda chiqadi”, dedilar».

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalaridan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas. Go‘yo oy bor kechaga o‘xshaydi. U kecha tong otgunicha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar (Tafsiri Samarqandiy).

Shunday ekan, biz ham qo‘limizdan kelganicha kimdir namoz o‘qir, kimdir tilovati Qur’on bilan, yana kimdir tasbehu tahlil kabi toatu ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lib Qadr kechasini o‘tkazsak,  Yaratganning ulkan in’omidan bahramand bo‘lamiz.  

Shodi HAQBЕRDIYEV,

Urgut tumani bosh imom-xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Videolar

Buxoroda Ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand va boshqa din vakillari holidan xabar olindi

7.03.2025   4779   1 min.

Buxoro viloyat vakilligi Matbuot xizmati

VIDEO