Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Mart, 2025   |   16 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:15
Quyosh
06:33
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:34
Xufton
19:47
Bismillah
16 Mart, 2025, 16 Ramazon, 1446

Eng barakotli kecha

21.06.2017   100894   2 min.
Eng barakotli kecha

Laylatul qadr –  sharaf va ulug‘lash, hukm va taqdir kechasi. Alloh taolo bu kechada kelasi yildagi o‘lim, ajal, rizq va shu kabi taqdirga oid ishlarni belgilaydi.

Mahmud Zamaxshariy (roziyallohu anhu) aytadi: “Qadr kechasi bu barcha ishlarning taqdiri va hukmi belgilanadigan kechadir”.

Bu kechada farishtalar Allohning izni bilan yerga tushadi. Tong otguncha insonlarni duo qiladi va insonlarning duolariga “omin” deb turishadi.

Qadr kechasi quyosh botishidan to tonggacha davom etadi. Alloh bu kechada faqat yaxshilikni taqdir etadi. Boshqa kechalarda esa balolarni ham, yaxshiliklarni ham hukm qiladi.

Aksar ulamolar fikriga ko‘ra, Qadr Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, chindan ham u Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi”, dedi. So‘ngra qat’iy tarzda: “Qadr yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Demak, Qadr kechasining katta alomatlaridan biri – o‘sha kuni quyosh shu’lasiz oqarib chiqadi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasi haqida: “U kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh o‘sha kuni och qizil holatda chiqadi”, dedilar».

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalaridan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas. Go‘yo oy bor kechaga o‘xshaydi. U kecha tong otgunicha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar (Tafsiri Samarqandiy).

Shunday ekan, biz ham qo‘limizdan kelganicha kimdir namoz o‘qir, kimdir tilovati Qur’on bilan, yana kimdir tasbehu tahlil kabi toatu ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lib Qadr kechasini o‘tkazsak,  Yaratganning ulkan in’omidan bahramand bo‘lamiz.  

Shodi HAQBЕRDIYEV,

Urgut tumani bosh imom-xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar

Saharlik qilinglar!

11.03.2025   2154   2 min.
Saharlik qilinglar!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Ro‘za tutish uchun saharlikka turish mustahab amal ekanligiga butun ummat ijmo’ qilgan. Uni tark qilgan gunohkor bo‘lib qolmaydi, albatta.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar:

تسحروا فانّ السحور بركة

«Saharlik qilinglar! Zero, shak yo‘qki, saharlik barakadir!».

Miqdom ibn Ma’dikaraba roziyallohu anhu rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu saharlikni o‘zingizga lozim tutinglar! Zero, bu muborak oziqdir», dedilar.

Imom Nasoiy rivoyat qilgan.

Barakaning sababi ro‘zador quvvatli bo‘ladi, xursand bo‘ladi, ro‘za tutishi oson bo‘ladi. Boz ustiga, oxiratdagi savobi ham bor.

Shuning uchun saharlik qilish kerak. U ozgina taom, garchi bir qultum suv bo‘lsa ham kifoya qiladi.


Imom Ahmad Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

السحور بركة فلا تدعوه ولو ان يجرع احدكم جرعة ماء فانّ الله وملائكته يصلون على المتسحرين

«Saharlik barakadir. Shuning uchun, hech biringiz uni bir qultum suv ichib bo‘lsa ham tark qilmanglar. Zero, Alloh taolo va uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salovot ayturlar».

Saharlik qilishning vaqti tun yarmidan boshlab to tong otgungachadir. Lekin, kechiktirib saharlik qilish avlodir. Ya’ni, tong otishidan sal oldin saharlik tugatilishi yaxshiroq.

 

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu aytadilar: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qilar edik. So‘ng namozga turar edik. «Ikkovining orasi qancha vaqt edi?» – deb so‘raldi.

U: «Ellik oyat o‘qish miqdoricha edi», dedi. 

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.

 

Tobeinlardan Amr ibn Maymunadan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari odamlar ichida iftorga eng shoshadigani, saharlikni eng kechiktiradigani bo‘lgan ekanlar.

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Ammo, shuni bilmoq kerakki, saharlikni kechiktirganda, agar tong otib ketdi, degan gumon bo‘ladigan bo‘lsa, unda yeb-ichib o‘tirish makruh bo‘ladi. Tong otgani aniq bo‘lganda yeyish esa, ro‘zani buzadi.