Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Mart, 2025   |   17 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:13
Quyosh
06:32
Peshin
12:36
Asr
16:44
Shom
18:35
Xufton
19:48
Bismillah
17 Mart, 2025, 17 Ramazon, 1446

Eng barakotli kecha

21.06.2017   100922   2 min.
Eng barakotli kecha

Laylatul qadr –  sharaf va ulug‘lash, hukm va taqdir kechasi. Alloh taolo bu kechada kelasi yildagi o‘lim, ajal, rizq va shu kabi taqdirga oid ishlarni belgilaydi.

Mahmud Zamaxshariy (roziyallohu anhu) aytadi: “Qadr kechasi bu barcha ishlarning taqdiri va hukmi belgilanadigan kechadir”.

Bu kechada farishtalar Allohning izni bilan yerga tushadi. Tong otguncha insonlarni duo qiladi va insonlarning duolariga “omin” deb turishadi.

Qadr kechasi quyosh botishidan to tonggacha davom etadi. Alloh bu kechada faqat yaxshilikni taqdir etadi. Boshqa kechalarda esa balolarni ham, yaxshiliklarni ham hukm qiladi.

Aksar ulamolar fikriga ko‘ra, Qadr Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, chindan ham u Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi”, dedi. So‘ngra qat’iy tarzda: “Qadr yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Demak, Qadr kechasining katta alomatlaridan biri – o‘sha kuni quyosh shu’lasiz oqarib chiqadi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasi haqida: “U kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh o‘sha kuni och qizil holatda chiqadi”, dedilar».

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalaridan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas. Go‘yo oy bor kechaga o‘xshaydi. U kecha tong otgunicha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar (Tafsiri Samarqandiy).

Shunday ekan, biz ham qo‘limizdan kelganicha kimdir namoz o‘qir, kimdir tilovati Qur’on bilan, yana kimdir tasbehu tahlil kabi toatu ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lib Qadr kechasini o‘tkazsak,  Yaratganning ulkan in’omidan bahramand bo‘lamiz.  

Shodi HAQBЕRDIYEV,

Urgut tumani bosh imom-xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ro‘zaning bir kuni uchun beriladigan mukofot

11.03.2025   2874   1 min.
Ro‘zaning bir kuni uchun beriladigan mukofot

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Qur’oni Karim Baqara surasida bunday marhamat qiladi:

«Iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor. Qachon o‘sha bog‘larning biror mevasidan bahramand bo‘lsalar, "ilgari totib ko‘rgan narsamiz-ku", deyisha-di. Zero, ularga surati bir-biriga o‘xshash mevalar berila-di. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar» (25-oyat).

Hakim Termiziy «Navodirul usul»da keltiradi:

Abu Mas’ud G‘iforiy aytdi: «Alloh taolo: «Chodirlarda asralgan hurlar», deya sifatlagani yaxlit durdan o‘yib ishlangan chodirlardagi hurlardir. Ulardan har birining yetmish xil ziynati bor, u ziynatlarning biridagi rang boshqasida takrorlanmaydi. Ularga yetmish xil hid beriladi, bir hid boshqasida takrorlanmaydi. Ularda har bir ayol uchun dur va yoqutdan o‘yilgan yetmishta so‘ri bo‘ladi. Har bir so‘rida yetmishta to‘shak, har bir to‘shakda bolishlar bor. Har bir ayolga yetmish ming qiz va bola xizmat qiladi, ularning qo‘lida turli xil taomlar solingan oltin likopchalar bor. Taomlarning lazzati ham bir-birinikidan o‘zgacha. Uning juftiga ham shuning misli beriladi. Qizil yoqutdan bo‘lgan so‘ri ustida yoqutdan ishlov berilgan ikkita bilakuzuk bor. Bu ne’matlar Ramazon oyida tutilgan ro‘zaning har bir kuni uchundir».

Ramazon