Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Ramazon: dunyo va biz

20.06.2017   95036   7 min.
Ramazon: dunyo va biz

Dunyo musulmonlari muborak Ramazonning beqiyos kunlarini boshdan kechirmoqda. Har bir mo‘min imkoniyati yetganicha ibodatlarini ado etmoqda, orttirib berilajak savoblarga munosib bo‘lishga bel bog‘lagan. Buning uchun, sharafli oyni risoladagidek o‘tkazish – ro‘za tutish, yaxshiliklarga shoshilish, taroveh namozlarida ishtirok etish, qarindoshlar holidan xabar olish va boshqa Ramazon oyi uchun sharafli bo‘lgan amallarni ado etish uchun imkoniyatlarimiz yetarli, keng yo‘l ochib berilgan.

Hadisi sharifda: «Ikki ne’mat borki, undan ko‘p kishilar mahrumdirlar, bu ne’matlar -  salomatlik va xotirjamlikdir», deyiladi.

Jahonga nigoh tashlaymiz: ehtimol musulmon mamlakatlarda bu ayyom o‘ziga xos dabdaba bilan kutib olinar. Biroq, hamma davlatda ham osoyishtalik hukmron emasligini tunu kun uzatib turiladigan yangiliklardan ko‘rib, eshitib turibmiz. Manbalarda yozilishicha, islom tarixida bu oyda ko‘plab jangu jadallar to‘xtatilgan, tinchlik oyi sifatida qadrlangan. Ammo, bugun olamda sodir bo‘layotgan ko‘plab fojealar aynan ayrim razil kimsalar dastidan, terror atalmish balolar “sharofati bilan” ekanligini anglash qiyin emas. Ular din niqobi ostida faoliyat yuritsalar-da, muborak oyni hurmat qilmayotganlari hammaga birdek ayon. Ana shunday johillar borligi bois notinchlik va sarsonlikka barham berilmayapti, ko‘plab insonlar qutlug‘ oyda ham aziyat chekmoqda.

Internet saytlaridagi yoki dunyo kanallaridagi jahon yangiliklariga e’tibor berganmisiz, bugun dunyoda naqadar ayanchli voqealar sodir bo‘lmoqda. Mana birgina 18 iyun kungi yangiliklarda qanchalar ko‘p yo‘qotishlar va achinarli manzaralar mavjud ekanligiga misol keltiramiz:

Qohira yaqinidagi portlash oqibatida politsiya halok bo‘ldi...

Kolumbiya poytaxtida portlash sodir etildi, qurbonlar bor...

Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi...

Italiyada kema prichalga urilishi oqibatida 55 kishi halok bo‘ldi...

Afg‘onistonda 5 xudkush hujum qilib, 2 politsiyachini o‘ldirdi...

Portugaliyadagi yong‘in qurbonlari soni ortmoqda, qurbonlar 60 nafarga yetdi...

Afg‘onistonda pokistonlik diplomatlar izsiz yo‘qoldi...

Iroq harbiylari Mo‘sul markazini egallash uchun hujum boshladi...

Yamanda 151 mingdan ziyod vabo kasalligi qayd etildi,  bir yarim mingga yaqin kishi vafot etdi...

Kobulda jangarilar amerikalikni o‘g‘irlashdi...

Turkiyada 731 nafar harbiy ovqatdan zaharlandi...

Germaniya aeroportida terror tahdidi tufayli yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi...

Eron Suriyadagi jangarilar bazasiga raketalar bilan zarba berdi...

(Kun.uz saytidan, 18 iyun yangiliklari asosida)

Ha, zamin bir kunda qanchadan qancha yo‘qotishlarni boshdan kechirmoqda, necha-necha insonlar mashaqqatda yashamoqda, eng afsuslanarlisi aksariyat hollarda bunday ayanchli oqibatlarga xudbin va razil kimsalar sababchi bo‘lmoqdalar.

Bu xabarlarni eshitganimizda teran fikr yuritishimiz lozim. Ana shunda biz kundalik tashvishlardan, arzimas sabablar bilan bekorga noliyotganimizni anglab yetamiz.

Bizlar uyqumizdan bazo‘r uyg‘onib, erinibgina saharlik qilayotganimizda, dunyoning qayeridadir to‘s-to‘polondan, tuni bilan tinmagan o‘q ovozidan ko‘z yummagan jonlar ro‘zani sarosimada tutishni boshlayotganini his qilamizmi?

Kuni bilan issiqdan qochib, sovuq xonalarda jon saqlab, Qur’on o‘qishga ham malollanib, hatto ro‘zani pesh qilib, kundalik yumushlarimizni ortga surib dangasalikka erk bergan kunlarimizda, zaminning bir burchagida uysiz, boshpanasiz, biror soyasiz ko‘chada qolgan ro‘zadorlar borligini tasavvurimizga sig‘dirolmaymiz...

Iftorlikka yaqin tanamizda his qilgan ochlik, tashnalikning qiyinchiligi bilan so‘zlarimizga erk beramiz, ishlab charchaganimizni ro‘kach qilamiz, hali vaqt bo‘lsa-da dasturxon tayyor emasligidan yaqinlarimizni koyiymiz. Sabr lozim mahalda besabrlikni lozim tutamiz. Duolar ijobat pallani bekorchi ishlarga safarbar etamiz, telefonda o‘yin o‘ynaymiz, bema’ni suhbatlarga berilamiz. Yaqinlarimizga yordam berishga malollanamiz, og‘iz ochgandan so‘ng esa, Allohga shukrona keltirishni unutgan holda tanovulga sho‘ng‘iymiz... Bilmaymizki, ana shu lahzalarda qayerlardadir, og‘zini ochganu yeyishga bir narsa topolmagan zamindoshlar holatini o‘ylamaymiz... biz bir necha soat his qilgan ochlik hissini ular necha kunlab totdi ekan a,  qultum suvga yetishganda necha bor shukrona aytganlarini biz ham tanamizda sinab ko‘rdik. Biroq, biz yetishgan ne’matlarning naqadar hisobsizligini hech o‘ylab ko‘rganmizmi?

Bir kunda necha bor ezguliklar qilishga imkoniyatimiz bor, lekin xohlamaymiz. Ko‘cha-ko‘yda ketayotganimizda, kimgadir yo‘l ko‘rsatish, transportda joy berish, yig‘lagan bolajonlarni yupatish, keksalarga ko‘mak berish kabi biz uchun qiyin bo‘lmagan, biroq kimdir bundan juda xursand bo‘ladigan ishlarni qilishni unutib qo‘yamiz. Axir Ramazonning fayzi ana shu xayrlarimiz bilan yanada oshadiku!

Oilamiz, yaqinlarimizga qo‘pollik qilishda davom etamiz, arzimagan sabab bilan janjal qilishni o‘zimizga ep ko‘ramiz. Ota-onalarimiz oldidagi odobni-da unutib qo‘yamiz. Ularning borliklari uchun shukrlar aytish u yoqda tursin, ba’zan dillarini og‘ritib qo‘yganimizni ham bilmay qolamiz. Ramazon oyida bu kabi dilxiraliklar aslo mumkin emasligini unutdikmi? Sharafli oyda yaxshi fazilatlarimizni namoyon etsak, Ramazonda odatlanganimiz – sabr va yaxshi xislatlarimiz yil davomida bizga hamroh bo‘lishi mumkinligini bilmaymizmi?

Payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v.): “Kimki bir kun o‘z oilasi ichida tinch, tani sog‘ bo‘lib tursa va oldida shu kuniga yetarlik taomi bo‘lsa, u odamga go‘yo butun dunyo berilgan hisoblanadi”, degan ekanlar. Allohga shukronalar bo‘lsinki, har birimiz ana shu in’omlardan bahramandmiz.

Shukrki, bugun yurtimizda qayoqqa qaramang, Ramazon shukuhi! Oilalarda totuvlik, dasturxonlarimiz to‘kin-sochin. Mahallada qo‘shnilar bir-biriga  oqibatli, shirin so‘zini, muruvvatini ayamaydi. O‘zaro issiq nonu bir kosa ovqati bilan ko‘ngillarni ko‘taradilar. Bundayin muruvvatli, mehr-oqibatli el qayerda bor yana. Davlat Rahbarining shaxsan o‘zlari xalq qayg‘usini barobar chekadi, bu biz uchun baxt emasmi? Har bir muammoni dildan eshitib hal qilishni niyat qilgan, qayerdadir adashib yurgan yurt farzandiga otasidan-da ko‘proq jon koyitgan Yurtboshi yana qayerda bor? Bunday muruvvatni hech qaysi davlatdan topish mumkin emas.

Bir o‘ylab ko‘ring, shunday sharoitda ham nolish mumkinmi? Shunda ham noliganlarni “nonko‘r” deyish kerak. Shunday mehr-oqibatdan, imkoniyatdan yuz o‘girib Vatan yuziga oyoq qo‘yganlarni “inson” deb atash-da noto‘g‘ridir.

Aziz yurtdoshim! Atrofga teran nazar tashlaylik. Loqaydlikka yo‘l qo‘ymaylik. Shukronaga arzirli ne’matlarimiz sanoqsiz, ularni asrab avaylaylik! Hamisha ogoh bo‘laylikki, bizning buyuk ne’matimiz – tinchligimizni buzishga yo‘l qo‘yilmasin. Osmonimiz musaffoligi yo‘qolmasin. Ana shunda avlodlarimizga ham bizdan mana shunday go‘zal va osoyishta diyor qoladi, inshaalloh. Muborak Ramazonda duo qilaylik, yurtdoshlarimizdan hech biri to‘g‘ri yo‘ldan adashmasin, imonidan ayrilmasin.

Sharifa G‘ANIYEVA,

“Ziyo” studiyasi muharriri

Ramazon
Boshqa maqolalar

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

09.06.2025   6639   4 min.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...

Ushbu misralarni doim yodda tuting:

Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2],  deganlar.

Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.

Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.

Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.

Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.

Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – dey­di. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi.  Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.

Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.

Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.

Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.

Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.

Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4]dedilar. 

 


[1]  Isro surasi, 44-oyat.
[2]  Imom Muslim rivoyati.
[3]  Imom Termiziy rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.