Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Fevral, 2025   |   9 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:27
Peshin
12:42
Asr
16:06
Shom
17:51
Xufton
19:06
Bismillah
08 Fevral, 2025, 9 Sha`bon, 1446

Xayr-ehsonni kimlarga bergan afzal?

19.06.2017   8373   5 min.
Xayr-ehsonni kimlarga bergan afzal?

Alloh taolo Jannat ne’matlarini qo‘lga kiritish yo‘lida musobaqalashishga buyurib, bunday marhamat etadi: «Bas, musobaqachilar shu (ne’matlar) yo‘lida musobaqa qilsinlar!» (Mutaffifun, 26).

Boshqa bir oyatda: «Rabbingizdan (bo‘luvchi) mag‘firatga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz!» (Oli Imron, 133).

Musobaqada kuchli raqiblar ko‘p ekan! Negaki, shoshilish kerakligi alohida farmoyish bilan ta’kidlanmoqda! Musobaqa shartlari nimadan iborat ekan? Bu mukofotlar qaysi amallarni qilganlar uchun ekan? Ular haqida qayerdan bilsak bo‘larkan? Ularni qanday xislatlari bor ekan-a?!

 «Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar. Ular biror fahsh ish qilib qo‘ysalar yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig‘for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag‘firat etar. Yana, ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir. Aynan ularning mukofotlari – Parvardigorlaridan mag‘firat va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog‘lari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy bo‘lurlar. (Solih) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!» (Oli Imron, 134-136).

«(Ey, insonlar!) Rabbingiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Alloh va Uning payg‘ambarlariga imon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo‘lgan jannatga musobaqalashingiz! Bu Allohning fazli bo‘lib, uni O‘zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh ulug‘ fazl sohibidir» (Hadid, 21).

Musobaqada ishtirok etganmisiz? Ishtirokchilarni kuzatganmisiz? Ha, baraka toping! Ishtirokchilar hamisha marra chizig‘i tomon shoshadilar, to‘g‘rimi? Kim birinchi bu chiziqdan o‘tganini esa hakamlar belgilab, hammaga o‘ziga munosib baho qo‘yadilar. Birorta qatnashuvchi yugurib, yelmay, jonini koyitmay, musobaqa boshlang‘ich chizig‘ida turganicha g‘olib bo‘lgan deyilsa, ishonasizmi?

Musobaqa bo‘lgach, uning boshlang‘ich va nihoya chizig‘i hamda hakami bo‘ladi! Boshlang‘ich nuqtasi qo‘lingizdagi mol-davlat o‘z ehtiyojingizdan ortib, nisobga yetgan kunidir! Bu musobaqaning nihoya-marra chizig‘i boshqa musobaqalardan farqliroq: buning marra chizig‘i oxak bilan chiziladigan oddiy oq chiziq emas.

Musobaqa sakkizta sovrinli o‘rin uchun sakkiz “nominatsiya”da bo‘ladi!

  «Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir» (Tavba, 60). 

  1. Faqirlarga;
  2. Miskinlarga;
  3. Unda (sadaqa ishida) ishlovchilarga;
  4. Dillari (Islomga moyil) oshna qilinuvchi (kofir)larga;
  5. (Pul to‘lab ozod etiluvchi) qullarga;
  6. Qarzdorlarga;
  7. Alloh yo‘lida (yuruvchi – hoji, talabalar)ga;
  8. Yo‘lovchi (musofir)ga...

Hakam Alloh taoloning O‘zidir! Bu Hakamning hukmi ayni adolat bo‘ladi. Qandaydir yo‘llar bilan Uning hukmini aslo o‘zgartirib bo‘lmaydi! Musobaqa shartiga muvofiq bu jonli marra chizig‘i va odil Hakam tomonga musobaqa ishtirokchisi sifatida siz borishingiz kerak!

Oyatda sanalgan sakkiz toifa kishilar qo‘lida sizga Jannatning sakkiz eshigini biridan ichkariga kirish huquqini beruvchi biletlar bor. Barchalaridan sotib olsangiz ham bo‘laveradi. Ammo sizning biletni kimdan sotib olganingizga qarab, Uning qaysi eshigidan kirishingiz, U yerdagi darajangiz eng yuqori, o‘rta yoki pastroqda bo‘lishi belgilanadi! Zero, Jannatning har bir eshigi alohida bir yaxshilik qilgan kishilarga xosdir. Masalan, namoz o‘quvchilar biridan, ro‘za tutuvchilar boshqasidan, begonalarga sadaqa qiluvchi yana bir eshikdan kirsa, qarindoshiga sadaqa qilgan undanda yuqoriroq darajaga olib boruvchi eshikdan, ham qo‘shni, ham qarindoshiga hamda begonalarga ham yordam qo‘lini cho‘zuvchi kishi esa, avvalgidan ham yuqori maqomga olib boruvchi eshikdan kirish biletini qo‘lga kiritadi va hokazo. Shuning uchun biletni quyidagi ko‘rsatmaga amal qilib, sotib olinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi:  

Toriq Muhoribiydan rivoyat qilinadi: “Madinaga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam minbarda turib, odamlarga xutba qilib, bunday deb turgan ekanlar: “(Sadaqa) Beruvchining qo‘li yuqori (qo‘l hisoblanuvchi)dir! (Xayr-sadaqa berishni avvalo) O‘z qaramog‘ingdagi (kishilar)dan boshlagin: onang, otang, opa-singling, aka-ukang so‘ng eng yaqin kishing, so‘ng undan keyingi yaqin kishiga bergin!” (Imom Nasoiy rivoyati).

Yaqinlarga qilingan xayr-ehsonlarning savobi ikki barobar ko‘p: ham qarindoshlik aloqalarini bog‘lash savobi, ham sadaqa savobi bo‘ladi... Umuman olganda ehtiyojmand mo‘min-musulmonlarga yordam berilsa bas!

Bahodir BAHROMJON o‘g‘li

“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta

maxsus islom bilim yurti mudarrisi

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Bulus” zindoniga tushib qolmang!

6.02.2025   11606   2 min.
“Bulus” zindoniga tushib qolmang!

Alloh taolo aytadi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
 

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa’ri)ga kirib ketaveradi(Imom Buxoriy rivoyati).


Yoshligimizda ustozlar kishining kibrli yo unday emasligini donga to‘la boshoqning egilishi, donsiz boshoqning esa xuddi kibrlanganday tik turishi misolida tushuntirishgandi. Katta bo‘lib angladikki, ustozlarning maqsadi boshoq misolida kibrlanmaslikni ko‘z oldimizda qoldirish bo‘lgan ekan. Negaki, mutakabbirlikning oqibati juda ayanchli bo‘larkan.


Amr ibn Shuaybning bobosidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar odam suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladi. Ularni har tomondan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi  “Bulus” deb nomlanadigan zindonga haydaladi(Imom Termiziy rivoyati).


Kibrning sabablari turlichadir. Masalan, biror sohani o‘zlashtirgan, kerakli mutaxassisga aylangan odam o‘zini olim, boshqalarni johil sanab, nasihatni qabul qilmay qolishi, kimdir ota-bobolarining oliy nasabi bilan faxrlanib, o‘zgalarni nasabi past, deb bilishi, kimdir esa mol-dunyo tufayli g‘ururga ketishi mumkin. Yana chiroy, quvvat kabi ne’matlar ham shular jumlasidan. Ko‘plar shu sabablar tufayli “Boshqalardan ustunman”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, Alloh bandaning chiroyiga, nasabiga, boyligiga emas, qalbiga, qilayotgan niyati va amaliga qaraydi.


Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi ilm o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamagach:

– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi, dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli, – debdi. Shunda ustoz:

– Men senga bajonidil dars berardim. Lekin huzurimga kelgan paytingda "bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor", deya kibrlanding. O‘sha qarashing haliyam ketmadi. Men bo‘sh idishni to‘ldiraman, deb javob qilibdi.


Mol-davlatga kibrlansangiz, demak faqirsiz. O‘zingizni boshqalardan ustun ko‘radigan bo‘lsangiz, har qancha ilmingiz bo‘lmasin, johilsiz. Kishini zulmga, tug‘yonga soladigan kuch-quvvat aslida zaiflikdir. Haqiqiy boylik, martaba va ilmni tavozeli insonlardan topasiz! 

Ja’farxon So‘fiyev,

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi

“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar