(Respublika imom-xatiblarining“Ijtimoiy-ma’naviy
muhitni sog‘lomlashtirish” anjumani sharafiga)
Bu vatanda sharafdadir barcha inson,
Adolatdir har bir ishda oliy mezon,
Egilsa bosh, qilich kesmas – bizga ayon,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Amir Temur so‘zlarini tumor qilgan,
Kechirimlik odatini shior qilgan,
Haqqoniylik tamoyilin hamkor qilgan-
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Bag‘rikengdir, bag‘ri gulu rayhon diyor,
Har bir qonun inson uchun bunda dastyor,
Amnistiya akti erur ezgu qaror,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Davlatimiz rahbaridan bu tashabbus,
Sog‘lom muhit ichra hayot sursa ulus,
Gunohkorlar uzrin aytur qilib afsus,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Har bir farzand yurti uchun sodiq o‘g‘lon,
Vatanfurush nomin olmoq qanday yomon,
Ota kabi talabchan-u mehri ummon,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Sog‘lom fikr, teran nigoh, ezgu g‘oya,
Mustaqillik kelajakka zo‘r sarmoya,
Chin insonga sololmagay shubha soya,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Qancha-qancha adashganlar bo‘lib shodon,
Qadam tashlar bugun sog‘lom hayot tomon,
Ular boshin rag‘bat ila silar har on,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Imom-xatib, ulamolar bir tanu jon,
Targ‘ibotu tashviqotda ilg‘or chaqqon,
Anjumanning bosh mavzusi bu jarayon,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Ziyolilar ommasidir bugun yakdil,
Muloqotda ochiladi har qulfi dil,
Qonun, vijdon amriga esh bo‘lgan oqil,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Bilib-bilmay adashganlar bildi bugun,
Yot oqimlar kasofatdir dunyo uchun,
Sarf etishar ezgulikka endi kuchin,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Ijtimoiy ham ma’naviy muhit sog‘lom,
Bunyodkorlik, hurfikrlik ezgu maqom,
Bobomeros hikmatlardan so‘ylab kalom,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Yoshligidan zuryodimiz bo‘lsin ogoh,
Uni yo‘ldan ozdirmasin turfa gumroh,
Ammo, avf bor – g‘o‘rlik sabab qilsa gunoh,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Shu vatandir panohimiz, ona zamin,
Bizdan farzdir asli poklash rux olamin,
Kerak bo‘lsa tutib mehrin jon malhamin,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Kichik xato qilsa - kechmoq kattadan farz,
To‘g‘ri yo‘lga qaytmoqlik ham saboq, bir dars,
Boshin egib adashganlar qilganda arz,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Taraqqiyot sari qadam bu anjuman,
Ibratlarga to‘la olam bu anjuman,
Ko‘ngillarni yoritgan sham’ bu anjuman,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
O‘zbekiston – osoyishta –tiniq osmon,
Istiqloldan yashnayotgan so‘lim bo‘ston,
Mas’ul erur vatan uchun har tirik jon,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
Abdulahad anjumanda shodu xurram,
Yosh avlodga yorqin kamol tilar har dam,
Taraqqiyot, savob yo‘ldan tashlar qadam,
Yer yuzida timsoli yo‘q nodir el bu,
Adashganni kechirmoqqa qodir el bu!
2017 yil.
Abdulahad qori SHAHRIXONIY,
Bo‘z tumani bosh imom-xatibi.
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov