Surxondaryo viloyati Denov tumani Namozgoh mahallasida Hoja Alouddin Attor ziyoratgohi joylashgan.
Hoja Alouddin Attor nafaqat Surxon vohasi, balki Movarounnahr ma'naviy hayotida muhim o'rin tutgan mutasavvuf olimdir. U hazrat Bahouddin Naqshbandning sevimli shogirdi va kuyovi, ikki buyuk xalifasidan biri bo'lib, asl ismi Muhammad ibn Muhammad Horazmiydir. Otasi xorazmlik bo'lib, attorlik savdosi bilan shug'ullangan.
Muhammad ibn Muhammad Buxoriy Hoja Alouddin Attor Horazmda tug'ilgan. Buxoro madrasasida ta'lim olgan. Hoja Alouddin Attor milodiy XIV asrning 90-yillarida Buxorodan Denovga kelgach, naqshbandiya tariqati targ'ibotini davom ettirdi. Naql qilishlaricha, Alouddin Attor vafotidan 7 yil avval Hoja Bahouddin Naqshband qabrini ziyorat qilish maqsadida Hisor viloyatidan Buxoroga bormoqchi bo'ladi. 18 kun deganda Buxoroga etib, Naqshband qabrini ziyorat qiladi. Shavvol oyining boshida yana uyiga qaytadi. Muhammad ibn Tohir Horazmiyning rivoyatiga ko'ra, Alouddin Attor 802/1399 yil 2-rajab oyining dushanba kuni dardga chalinadi. O'sha oyning yigirmanchi kechasi xufton namozidan so'ng vafot etadi. U qo'nim topgan qabriston “Shayx Attor Valiy” yoki “Ostona buva” deb nomlanadi.
Hoja Alouddin Attor sag'anasi XV asrga oid bo'lib, avval bu manzilda faqat Valiyning hamda o'g'li va nabirasining qabri bo'lgan, keyinchalik bu joy katta ziyoratgohga aylangan.
2019-2020 yillarda mahalliy homiylar tomonidan eski maqbara o'rnida hashamatli maqbara bunyod etildi. Qabr maqbaraning erto'la qismiga olinib, tepasiga ramziy qabr qo'yildi. Maqbaraga ganchkorlik usulida chiroyli bezaklar berildi. Maskan obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Jonibek QO'ZIMURODOV(surat),O'zA
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.