Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2025   |   24 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2025, 24 Zulqa`da, 1446

"Do‘zaxdan xalos bo‘lish" dahasining fazilatlari

15.06.2017   92467   8 min.

Ma’lumki, Ramazon oyi  uch dahadan iborat: rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan xalos bo‘lish. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa jahannamdan xalos bo‘lishdir” (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Ramazonning avvalgi o‘n kunligi rahmat dahasidir. Bunda Alloh taoloning rahamati jo‘sh urganidan, yer yuziga ko‘p yog‘iladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Ramazon kelganida rahmat eshiklari ochiladi...» (Imom Muslim rivoyat).

Bu oyning o‘rtasidagi o‘n kunligi mag‘firat, oxiridagi o‘n kuni esa, do‘zaxdan qutulish dahasidir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Sahobalar: «Yo Rasululloh, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. U zot: «Yo‘q, lekin xizmatkor ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Alloh subhonahu va taolo O‘zining hikmati ilohiysiga ko‘ra, ba’zi joylarni ayrimlaridan fazilatli qilgan. Shuningdek, ba’zi bir vaqtlarni boshqalaridan afzal qilgan. Jumladan, Ramazonni boshqa oylardan fazilatli qilgan. Bu muborak oyning oxirgi dahasining kunduzlari oldingilaridan afzaldir. Eng fayzli kechalar Ramazon oyi kechalaridir. Ramazon oyi kechalarining eng fazilatlisi oxirgi o‘n kechasidir.

Banda doimo Rabbisining toat-ibodatida yuradi, albatta. Ammo, Ramazonni, ayniqsa bu muborak oyning oxirgi o‘nligini g‘animat bilib, unda ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lsa, ulug‘ fazl va yuksak ajrga erishadi. Bu yutuqni qo‘lga kiritish uchun qanday yo‘l tutish kerak? Albatta, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashish zarur. Zero, u zoti bobarakot biz ummatlariga barcha sohada bo‘lganidek, bu borada ham o‘rnak bo‘lganlar. Oysha (roziyallohu anho) bunday rivoyat qiladilar:

كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ أَحْيَا اللَّيْلَ ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ ، وَجَدَّ، وَشَدَّ الْمِئْزَرَ. رواه البخاري ومسلم.

«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qachon (oxirgi) o‘nlik kirsa, kecha(lari)ni (namoz, Qur’on tilovati va boshqa ibodatlar bilan) tiriltirar (bedor o‘tkazar), ahllarini (kechasi ibodat qilishlari uchun) uyg‘otar, (toat-ibodatda yanada) g‘ayrat ko‘rsatar va (ibodatga odatdagidan tashqari) belni mahkam bog‘lar edilar» (Muttafaqun alayh).

Boshqa rivoyatda bunday kelgan:

كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يجتهد في رمضان ما لا يجتهد في غيره، وفي العشر الأواخر منه ما لا يجتهد في غيرها .

«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonda boshqa oylarda qilmagan jiddu jahdlarini qilardilar. Ayniqsa, Ramazonning oxirgi o‘nligi kelganida, unda boshqa kunlaridan ko‘ra g‘ayratli bo‘lardilar» (Muttafaqun alayh).

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم يَعْتَكِفُ الْعَشْرَ الأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ ثُمَّ اعْتَكَفَ أَزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ. متفق عليه.

Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) to Alloh u zotni vafot ettirgunicha, Ramazonning oxirgi o‘nligida e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin zavjalari e’tikof o‘tirishdi» (Muttafaqun alayh).

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُجَاوِرُ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ وَيَقُولُ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. متفق عليه.

Yana Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar va: «Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning mazkur dahada e’tikof o‘tirishlaridan maqsad – Laylatul qadrni topish edi. Zotan, masjidda o‘n kechayu kunduz uzluksiz e’tikof o‘tirgan odam, albatta, o‘sha muborak kechani topadi va unda va’da qilingan xayr-barakaga erishishi muqarrar. Shu e’tibordan, solih zotlar doimo Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishga intilishgan. Shunga ko‘ra, imkoni, sharoiti ko‘targan kishilar ham bu ibodatni bajarishsa, ayni muddao bo‘ladi.

Mo‘min kishi doimo duo qilib yurishi kerak. Xususan, Ramazon oyida:

اللَّهُمَّ، إِنَّك عَفُوٌّ تُحِبّ الْعَفْو، فَاعْفُ عَنِّي

“Allohumma,  innaka ’afuvvun tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy – Yo Alloh, Sen kechiruvchi Zotsan, kechirishni yaxshi ko‘rasan, mening (gunohlarimni) afv et”, deb ko‘proq iltijo qilishi zarur. Bu muborak duoni Ramazonning oxirgi o‘nligida, ayniqsa, toq kunlarida yanada ko‘proq takrorlash maqsadga muvofiq. Zero, Abdulloh ibn Burayda (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Yo Rasululloh, men Qadr kechasini topsam, nima deb duo qilaman, deya so‘radim”. U zot: “Allohumma,  innaka ’afuvvun tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy – Yo Alloh, Sen kechiruvchi Zotsan, kechirishni yaxshi ko‘rasan, mening (gunohlarim)ni afv et”, deb ayt”, dedilar (Imom Ahmad, Termiziy, Nasoiy va  Ibn Moja rivoyatlari).

Bu dahadagi kechalar bizga berilgan buyuk fursatdir. Manbalarda kelishicha, bu muborak kechaning yaxshiliklaridan mahrum bo‘lgan kishi juda ko‘p xayr-barakadan quruq qolar ekan. Zero, bu dahada do‘zaxdan ozod bo‘lish, yaxshiliklarda raqobat qilish, Allohga qurbat hosil qilish, ko‘p barakani o‘zida mujassam etgan, soniyalari qadrli, ozgina amalga ko‘plab ajr yoziladigan, bisyor amalga esa, qo‘sha-qo‘sha savob ato etiladigan tunlar onasi, ming oydan afzal kecha yashirilgan. U Qadr kechasidir. Laylatul qadr – qadri ulug‘ kecha, degani. Bu kechadagi fazilatlarning qadri yuksakligi, uning qadr-qimmati ming oydan ulug‘ligi va bu kechada bandalarning bir yillik amallari o‘lchanib, rejalashtirilishidan shunday nomlangan. Zero, farishtalar bu kechada kelgusi yilning shu kechasigacha qilinadigan barcha ishlarni o‘lchab-hisoblab qo‘yadilar. Demak, bu dahaning boshqalaridan fazilatli tomoni ham shunda. Zotan, u kecha ming oydan yaxshiroqdir. Bu taxminan, Laylatul Qadr kechasi ichida bo‘lmagan 83,3 yilga to‘g‘ri keladi. Bu, shu muborak kechada qilingan ibodatlar shuncha yil davomida bajarilgan ibodat savobidan fazli baland, deganidir.

Alloh taolo marhamat qiladi:

لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ

“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).

Alloh taolo bandalari toat-ibodatni ko‘paytirib, yuqori darajalarga erishishlari uchun Qadr kechasini Ramazon oyiining oxirgi o‘nligida yashirdi. Shu bois, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari o‘rnak bo‘lib, bu dahada oldingilaridan ko‘ra g‘ayratlari oshib, unda yanada ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar va sahobalarni shunga chorlar edilar.

Bu sanoqli lahzalar ham yashin tezligida o‘tadi, ketadi. Shuning uchun, bu ulug‘ fursatni qo‘ldan boy bermaylik, u damlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat qilaylik. Zero, biz yana qaytib bu muborak kechalarga yetamizmi-yo‘qmi Allohga ayon. Parvardigori olam hammamizni bu fayzli kechalarga eson-omon yetishimizni va undagi xayru barakadan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Undan aslo mahrum etmasin. Omin!

 

Tolibjon QODIROV 
tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal

22.05.2025   2889   1 min.
Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal

Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
 

Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.


So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.


Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.


Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.


So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.


Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xorazm viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal Xalqqa kamarbasta bo‘lish – ezgu amal
O'zbekiston yangiliklari