Kiyinish madaniyati – insonning tashqi ko‘rinishi, ma’naviy dunyosi , estetikasi, axloqiy sifatlari va salohiyatini ochib beradi. Kiyinish madaniyatiga bo‘lgan qarash insonning go‘zallik, nafosat, odob borasidagi ko‘z qarashlarini ifoda etadigan omil hamdir. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda kiyimlar ham, kiyinishga bo‘lgan e’tibor va talab ham o‘zgarib bormoqda.
Yoshlarimizning moda ketidan ko‘r-ko‘rona quvishlari va yangi chiqqan tor, ochiq, kalta liboslarni moda deya e’tirof etishlari va bu turdagi kiyimlar albatta kiyilishi kerak deb fikrlashlari ayni xaqiqat. Bu kiyimlarning o‘zbekona madaniyatimizga mentalitetimizga xos emasligi haqida esa o‘ylab ko‘rishmayapti. Afsuski men bugungi yigit – qizlarimizning kiyinish madaniyati haqida ijobiy fikr bildiri olmayman. Chunki bugun ko‘cha kuyda, yevropaga taqlid qilib kiyinayotgan yoshlarimizda milliyligimiz aks etgan kiyimlar toboro kamayib bormoqda. Aslida kiyinish madaniyati xam o‘zbekona madaniyatimizning ajralmas qismidir. Bu masalaning jiddiy tomoni shundaki yuzaga kelayotgan ushbu muammo bugungi kunning muxim dolzarb mavzusiga aylandi. Ko‘pchilik yoshlarimiz evropa uslubida kiyinmaslikni zamondan ortda qolish deb xisoblashmoqda. Bu fikrning mutlaqo noto‘g‘ri ekanligi haqida fikr yuritishmayapti .
Yevropa modasi deb urf bo‘lgan bemani kiyimlarni kiyib o‘zini bugunning zamonaviy yoshlari deb xisoblaydigan xar bir yigit qiz qattiq adashadi va aksincha ular o‘zlarining ma’naviyati tafakkuri va dunyo qarashi qanchalik sayoz ekanligini “zamonaviy” liboslari orqali namoyon etishmoqda. Aslida insonning madaniyatga xos kiyinish uslubi uning ma’naviy olami qanchalik boy ekanligini namoyon etuvchi muxim omil xisoblanadi. Shu o‘rinda bir xaqiqatni aytish o‘rinli deb bilaman. Yigit qizlarimizning kiyinish madaniyatida ota-onalarning alohida o‘rni bor. Tanasiga yopishib turuvchi yoki kalta va ochiq kiyimlarni o‘z qizlariga olib berayotgan ayrim ota-onalar buning salbiy oqibatlarga olib kelishini bilisharmikan. Afsuski ota-onalar orasida qizlarining kiyinishiga befarq qaraydiganlar talaygina.
Kiyinish borasida nafaqat qizlarimiz balki yigitlarimiz ham tobora “zamonaviylashib” borishyapti. Har xil bemani yozuv va rasmlar tushirilgan futbolka, kalta shim va shippaklarda ko‘chani to‘ldirib yurishgani ayni haqiqat. Sigaret chekayotgan odamning surati tushirilgan yoki skelet rasmi solingan futbolkalarni kiyishga ishtiyoqmand o‘zbek yigitlarimizning bu ishlari o‘zbekona madaniyatimizga to‘g‘ri kelmasligini anglay olishmayapti. Tasavvur qilib ko‘ring kalta shim yoki futbolka kiyib olgan ota yoki tor va ochiq libosga burkangan ona o‘z farzandiga ibrat bo‘lish o‘rniga shu muhitda ulg‘ayishi uchun zamin yaratayotgandek go‘yo. Haqiqatki bunday ota-onalar ba’zi-ba’zida uchrab turibdi.
Eng avvalo ota ona o‘z farzandini kiyinishiga e’tibor berishi, doimiy nazorat qilishi zarur. Shundagina yuqorida keltirilgan muammolar va salbiy fikrlar yuzaga kelmaydi. Istardimki qizlarimiz ibo hayoda barchaga namuna bo‘lib, yigitlarimiz haqiqiy o‘zbek o‘g‘loni sifatida qolishsa va kiyinish madaniyati xam milliyligimizni o‘zida mujassam etgan eng muhim omil ekanligini yodda saqlashsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
G‘olibjon Xidirov
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.
– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.
Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.
– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.
“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri