Bugun Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan Iso at-Termiziy majmuasi tarkibida qad ko‘targan “Imom Termiziy” jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Bir vaqtning o‘zida besh yuz nafar namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan ushbu masjidga bu tun dastlabki taroveh namozi ado etiladi. Masjidning ochilishi va tarovih namoziga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tashrif buyuradilar. Bizni kuzatishda davom eting, Sizni yangi jome va undagi tarovih namozi tarovatidan bahramand etib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.