Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Oktabr, 2025   |   9 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:02
Quyosh
06:20
Peshin
12:18
Asr
16:19
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
01 Oktabr, 2025, 9 Rabi`us soni, 1447

Ayollarning umra qilishi

26.05.2017   52001   11 min.
Ayollarning umra qilishi

Umra ibodatini mukammal ado qilish avvalo uchun niyatni to‘g‘ri qilib olish lozim. Barcha amallar niyatga bog‘liq bo‘lgani uchun, ibodatda yagona maqsad Alloh taoloning roziligini istash bo‘lishi kerak. Agar dunyo noz – ne’matlariga erishmoqchi, “hoji aya” yoki “umraga borgan” nomlarini qozonmoqchi, “xo‘jako‘rsin” yoki asosiy maqsadi o‘zga yurtlarni sayr qilib, bir yo‘la umrani ado etib kelmoqchi bo‘lsa, umra ibodati qabul bo‘lmaydi.  Alloh taolo buyuradi:

وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّه

     “Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting!”.  Baqara surasi, 196.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Umra keyingi umragacha qilgan gunohlariga kafforatdir...” (Sahihi Buxoriy, 1773).

Ato roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Ibn Abbos roziyallohu anhu aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir ansoriy ayolga: “....Ramazon oyi kelsa u oyda umra qilgin, chunki ramazon oyidagi umra haj qilgan bilan barobar savobga egadir”-dedilar (Imom Termiziy  rivoyati).  
     Mazhabimiz xulosasiga ko‘ra umra sunnati muakkadadir. U buyuk ziyoratdir! Zero, musulmon kishi bunda butun qalbi, ruhi va badani ila Alloh taolo uchun eng suyukli bo‘lgan joyni ziyorat qiladi. Bu omonlik diyorida ko‘ngillar xotirjam bo‘ladi, ko‘zlar esa uni ko‘rishlikka oshiq bo‘ladi. Bu diyor musulmonlar qalbidan ulkan o‘rin egallagan Makka va Madinadir.
        Hammamizga ma’lumki, umra qilishni qasd qilgan har bir musulmon  ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni istaydi. O‘z-o‘zidan biz uchun bu nafaqat ibodat, balki uzoq masofali safar hamdir. Shu sababli, umra qilishni qasd qilgan har bir ayol kishi umra qonun – qoidalari bilan bir qatorda safar qoidalari va odoblarini yaxshilab o‘rganishi lozimdir. Ular quyidagilardir:

  • Umra ibodatini avvalo xolis Alloh taolo uchun niyat qilib, riyodan saqlanish
  • Bu ulug‘ ibodat safariga otlanishdan oldin bo‘ynidagi boshqalarning haqlarini o‘z egalariga qaytarishi;
  • Mol-mulk sifatida qiymatga ega bo‘lgan narsa qo‘lida mavjud bo‘lsa safardan oldin uni vasiyat qilib qo‘yishi;
  • Bu ibodat safari uchun mo‘ljallangan mablag‘ halol yo‘l bilan topilgan bo‘lishi;
  • Yo‘lga chiqishdan avval oilasiga hadisda aytilganidek quyidagi duoni aytadi:

أسْتَوْدِعُكُمُ اللهَ الّذِي لَا تَضِيعُ وَدَائِعُهُ

 “Astavdi’ukumulllohal-laziy la tazi’u vada’iuhu (ma’nosi: “Sizlarni Unga topshirilgan omonatlar zoye bo‘lmaydigan Zot Allohga omonat topshirdim”)” (Ibni Moja rivoyati);

  • Safarlari davomida balandlikka ko‘tarilsalar “Allohu akbar”, pastlikka tushsalar “Subhanalloh” deyishlari.
  • Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytganlarida esa: “Ayibuna taibuna abiduna lirobbina hamiduna” (ma’nosi: “Yo, Alloh! Qaytishimizni tavba qiluvchi, ibodat qiluvchi va hamd aytuvchi holda qilgin”), jumlasini qo‘shib qo‘yardilar. (Imom Muslim rivoyati). 
    Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qachon ulovga minmoqchi bo‘lsalar oyoqlarini uzangiga qo‘yishlari bilan: “Bismilloh”, – der ekanlar. Egarga o‘rnashib olganlaridan keyin: “Alhamdu lillahi ala kulli hal. Subhanallaziy saxxoro lana haza, vama kunna lahu muqriniyn. Va inna ila Robbina lamunqolibun”, – deb qo‘yar ekanlar. Ulovga miniladigan hayvonlardan tashqari zamonaviy yo‘l vositalari ham kiradi.
  • Avtomashina, tayyora yoki shunga o‘xshash safar ulovlariga minganida ushbu hadisga amal qiladi: “Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safarga chiqib tuyalariga o‘rnashsalar Allohga hamd (Alhamdulillah), tasbeh (Subhanalloh) va uch marotaba takbir (Allohu akbar)ni aytib shunday derdilar: “Subhanallaziy saxxoro lanaa haza va maa kunnaa  lahu muqriniyn. Va innaa ila Robbina lamunqolibun. Allohumma innaa nas’aluka fiy safarina haza al-birro vat-taqva va minal amali ma tarzo. Allohumma havvin safarona haza vatvi anna bu’dahu. Allohumma antas-sohibu fis-safari val xolifatu fil ahli. Allohumma inniy a’uzu bika min va’sais-safar va kaabatil manzor va suil munqolab fil ahli val mali val valad” (ma’nosi: “Bizlarga bu (ulov)ni bo‘ysundirib qo‘ygan zotga tasbeh aytamiz. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Albatta, bizlar (barchamiz) Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchidirmiz. Yo, Alloh! Biz Sendan ushbu safarimizda yaxshilik, taqvo va O‘zing rozi bo‘ladigan amalni so‘raymiz. Yo, Alloh! Ushbu safarimizni yengillashtir va uzog‘ini yaqin qil. Yo, Alloh! Sen safarda hamroh va ahli-oilaga kafildirsan. Yo, Alloh! Men Sendan safar qiyinchiliklari, g‘amga soluvchi manzara hamda ahli-oila, mol va farzandga yomon holda qaytishdan panoh tilayman”).
  • Duo qilishni ko‘paytirish yaxshidir:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Uchta duo borki, shaksiz mustajobdir. Mazlumning, musofirning va ota-onaning farzandiga qilgan duosi” (Imom Termiziy rivoyati).

  • Allohni zikr qilish, qiroat qilish va Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga salovatni ko‘paytirish umra odoblaridandir. Xususan, Masjidul haromda ibodatni ko‘paytirishga targ‘ib qilingan:
    Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Mening ushbu masjidimda o‘qilgan namoz undan boshqa masjidlarda o‘qilgan mingta namozdan afzaldir. Faqatgina masjidul harom bundan mustasnodir. Masjidul haromda o‘qilgan namoz mening masjidimda o‘qilgan yuzta namozdan afzaldir”. (Imom Ahmad rivoyati).
  • Ushbu ulug‘ umra ziyoratidan oldin umra ziyoratiga oid barcha qonun-qoidalarni yaxshilab, xususan ilm egalaridan o‘rganishi umrani to‘la-to‘kis bo‘lishidagi asosiy omillardan biridir. Xususan, bizning diyorimizda boshqa joylardan farqli o‘laroq haj yoki umra ibodatini vatandoshlarimiz to‘liq ado qilishlari uchun ahli ilmlardan iborat har ellik kishilik guruhlarga ellikboshilar biriktiriladi.
  • Hamrohlaridan ajralmaslikka harakat qiladi. Chunki ba’zi sahobalar bir yerga tushib, so‘ng har xil qishloq va vodiylarga tarqalib ketishganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bunday tarqalib ketishingiz shaytondandir” deb tanbeh berganlar. (Imom Abu Dovud rivoyati).
  • Shariatimiz buyrug‘iga ko‘ra ishboshilarga bo‘ysunish shart bo‘lganidek, har bir umra qiluvchi o‘z guruhi rahbari ellikboshiga bo‘ysunishi lozim. Chunki yellikboshi aynan diniy ilmalar, xususan, haj va umra ilmlarini yaxshi bilganlari sababli vatandoshlarimizning haj va umralarini to‘liq va mukammal bo‘lishini ta’minlash uchun shu xizmatga bo‘ladilar;
  • Umra davomida hamrohlari bilan urishmaydi. Tiqilinch hosil qilmaydi. Gunoh ishlardan chetlashadi. Toqati va ilmi darajasida yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradi. Hech kimga qo‘li va tili bilan ozor bermaydi. Chaqimqilik, g‘iybat va yolg‘on gaplarni aytmaydi. Unga odamlarning hojati tushsa yordamlashadi;
  • Umradan qaytgandan keyin uni kutib olishga chiqqanlar bilan quchoqlashib ko‘rishadi. Uyga kelganlarni mehmon qilishi va hadyalar ulashishi mustahabdir.
  • Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda bo‘ladi. Ko‘ylaklar gulsiz, sidirg‘a, ichi ko‘rinmaydigan darajada bo‘lishi, tor va qora rangda bo‘lmasligi  talab etiladi. Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim.
  • Sochlar doimo ro‘mol tagida bo‘lishi kerak. Sochlar ibodat chog‘ida halaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bog‘lab olinadi.
  • Ayollar talbiyani maxfiy, ya’ni past ovozda aytadilar.“Labbaykallohumma labayk, labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda val-ne’mata laka val mulk, laa shariyka lak”
  • Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ko‘krak nishoni) va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)si doim yonida olib yurish kerak.
  • Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan bo‘lsa, kalitni topshirib ketish zarur.
  • Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan bo‘lsa yoki boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qo‘yish lozim.
  • Ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, duo va talbiya o‘qib ehromga kiradilar. Lekin Ka’ba tavof qilinmaydi, namoz, Qur’on o‘qilmaydi. Safo va Marva sa’yini ado etaveradi. Salovat, duo va tasbehlar aytish mumkin. 

    Hayz ko‘rgan ayolning masjidga kirishi joiz emas.  Agar bir ayol hayz yoki nifos ko‘rgan holatida ilmsizlik qilib yoki qasddan yetti marta tavof yoki tavofning to‘rt yoki undan ko‘proq qismini ado qilsa, zimmasiga uchta ish vojib bo‘ladi:

a) harom amal hisoblangan – nopok holatda masjidga kirish va tavof qilish gunohidan tavba qilish;

b) pok bo‘lgach, tavofini qaytadan qilish;

v) agar qaytadan qilmasa, bitta mol yoki bitta tuya so‘yish.

 

Eslatma: agar hayz holatida ado qilgan tavofini pok bo‘lgach, qayta ado qilmasa va vataniga ketib qolsa, miyqotdan o‘tib ketmagan bo‘lsa, ehromsiz qaytib kelib, ziyorat tavofini ado qiladi. Agar miyqotdan o‘tib ketib bo‘lgan bo‘lsa, qaytib, miyqotdan umraga ehromga kirib, umraning amallarini tugatgach, ziyorat tavofini ado qiladi. Agar vatanidan ortiga qaytmasa, vatanidan turib, Haramda bir mol yoki tuyani qurbonlik qildirtiradi. Shundan so‘nggina ehromdan chiqadi.

  • Umra ziyorati hayz kunlariga to‘g‘ri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib  ish ko‘riladi. Ya’ni naslni cheklamaydigan va sog‘liq uchun jiddiy ta’sir qilmaydigan dori vositalarini ishonchli doktor bilan maslahatlashib, hayz kunlarini kechiktirib turadi.
  • Ayollar kamida uch kishi bo‘lib yurishi, kechasi yolg‘iz yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda bo‘lsa, shaxsiy avtomobillarga o‘tirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi.
  • Safo va Marva sa’yi asnosida (ikki yashil ustun orasida) yugurish ayollar uchun sunnat emas.
  • Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi.
  • Hanafiy mazhabida bo‘lganimiz uchun ibodatlarni shu yo‘nalishda olib borib, boshqa mazhab sohiblariga e’tiroz yoki taqlid qilinmaydi.
  • Umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun bo‘lsa, sochning uchidan, soch kalta bo‘lsa o‘ng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak.
  • Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar o‘zimizning yurtda ham serob bo‘lgani bois aeroport ma’muriyati tomonidan talab etilgan me’yordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi.
  • Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Ka’baga matolarni turli niyatlarda surtish,  Uhud tog‘i tuprog‘idan olib ketish, Uhud tog‘iga qarab namoz o‘qishning bid’at amallardan ekanini aniq bilish zarur.
  • Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yo‘li yoddan ko‘tarilgan vaqtda sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qog‘ozi (vizitka)ni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir.       

Xadicha Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus

 islom bilim yurti mudarrisasi

Nilufar Saidakbarova

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ustozlik qilish Allohning rahmatidir

30.09.2025   1023   2 min.
Ustozlik qilish Allohning rahmatidir

Ilm ruhning ozuqasi. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. “Ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, degan ekan.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi  diniy sohada ham ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Yosh avlodda xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishda boy ish va hayot tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hamda faxriylarning pand-nasihatlari alohida tahsinga sazavordir. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. 
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bunday marhamat qilganlar:
“Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va xattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar”.
Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahimahullohning shogirdlaridan biri Firabriy aytadi: "Ustozim Imom Buxoriy menga ko‘p hadis rivoyat qilardi. Ba’zan malollanib, zerikib qolmasligim uchun shijoatimni orttiradigan so‘zlardan aytardi. Kunlarning birida bunday dedi: "O‘yin-kulgi qiluvchilar istirohat bog‘larida, ishlab chiqaruvchilar o‘z hunarida, savdogarlar esa tijoratida. Sen esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning as'hoblari bilan birgasan". 
Demak, ustozlar ta’lim berish bilan birga sabr matonatli bo‘lishi uchun tarbiyachi ham ekanliklari ma’lum bo‘ladi.


Muhibbulloh Xudoyberdiyev, 
To‘raqo‘rg‘on tuman bosh imom xatibi

Maqolalar