Qorilarimizning Ramazon oyi munosabati bilan tarovih namozlarini o‘qishi uchun qo‘shni respublikalarga yuborilishi o‘ziga xos yaxshi an’anaga aylandi.
Bu yil ham o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, bir qator qorilarimiz joriy yil Ramazon oyida tarovih namozlarini o‘qib berishlari uchun Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketdi.
Rossiya musulmonlari diniy jamiyati taklifiga binoan, 26 may kuni, erta tongda 6 nafar – Chilonzor tumani Bosh imom-xatibi Abdukarimov Husniddin, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi xodimi Xudoyberdiyev Farrux, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ta’lim bo‘limi xodimi Xaydarov Mirodil, Shayxontohur tumani “Dorus-Salom” masjid noib-imomi Ubaydullayev Islom, Chilonzor tumani “Qatortol” masjidi imom-xatibi Alimov Abror va Yashnobod tumani “Ali ibn Abu Tolib” masjidi noib-imomi Mirsodiqov Nurilla kabi qorilarimiz Moskva shahriga safarbar etildi.
Qorilarimiz muborak oy davomida Rossiya Federatsiyasi shaharlarida musulmonlarga tarovih namozlarida xatmi Qur’on o‘qib beradilar.
Shuningdek, safar davomida qorilarimiz Rossiya Federatsiyasi shaharlarida tashkil etiladigan diniy marosimlarda ishtirok etishlari kutilyapti.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Do‘stingiz bilan biror dunyoviy manfaat yoki bir maqsad uchun emas, aksincha, Alloh yo‘lida birodar bo‘lishni xohlaysiz.
Bordi-yu, xatoga yo‘l qo‘ysangiz, hech ikkilanmay sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini xohlaysiz.
Do‘stingiz siringizni birovlarga tarqatmasdan, ichida saqlashini xohlaysiz.
Do‘stingiz sizni g‘iybat qilmasligini va yana siz haqingizda yomon gaplar gapirmasligini xohlaysiz.
Barcha ishlarda tiliyu dili bir bo‘lishini xohlaysiz.
Ishingiz tushib turganida, sizga hech ikkilanmay yordam berishini xohlaysiz.
Do‘stingiz xulqingizdagi kamchiliklarni me’yor doirasida ko‘tarib, tashlab ketmasligini xohlaysiz.
Do‘stingiz sizni pastga tortqilamasin, aksincha, o‘zi ko‘tarilgan zinapoyalar tomon olib chiqsin. O‘zingizdan-da, xushxulq, amalda mahkam va o‘tkir aql egasi bo‘lgan kishini do‘st sifatida tanlang!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada bunday dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz uni ko‘rish sizlarga Allohni eslatadigan va gapi ilmingizni ziyoda qiladigan va amali sizlarni oxiratga undaydigan odamdir”[1].
Qayerda bo‘lsangiz ham solih kishilarni izlab toping va ularni do‘st tuting. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar:
Ularning safida bo‘lmasam ham men,
Solih kishilarning oshuftasiman.
Ul zotlar ortidan ergashib zora,
Shafoat yo‘liga topsam gar chora.
Mukkasidan ketgan gunohlar ichra,
Bunday kishilarni suymasman sira,
Bo‘lsa ham amallarim undan-da qora.
Luqmoni Hakim rahimahulloh o‘g‘liga vasiyat qilib: “Ey o‘g‘lim, birga yursang senga bezak bo‘ladigan, uning oldida bo‘lmaganing payt seni himoya qiladigan kishi bilan do‘st tutin”, degan ekan.
Doimo sizga yordam qo‘lini cho‘zadigan va yaxshilik tomon yetaklab, yomonlikdan chetlatadigan kishilarga yaqin bo‘ling. Yaxshilar bilan birga bo‘lishga intiling.
Kuzatuvlardan ma’lumki inson do‘stiga juda katta ta’sir o‘tkazadi. U do‘stini yaxshilik yo‘liga boshlab, uning iymoniyu diyonatini ziyoda qilishi ham mumkin, yoki, aksincha, zalolat va buzg‘unchilik botqog‘iga botirib, uni halokatga yuz tuttirishi ham mumkin. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi do‘stining dinidadir. Shunday ekan, biringiz kim bilan oshno bo‘layotganiga qarasin”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyati.