Insonlar hayotida bo‘lib turadigan turli ofat va bemorliklarning sodir bo‘lishi, bularning hammasi Alloh taolo tomonidan bandalariga bo‘ladigan sinovdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
“Alloh taolo qaysi bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rsa, o‘shanga biror musibatni yuboradi” (Buxoriy rivoyati).
Solih kishiga turli xastaliklar, mahzunlik, g‘am-tashvishlarning yetib turishi Alloh taoloning unga yaxshilikni iroda qilganidir. Bunday kishilar uchun turli tashvishlarning yetishi ularning gunohlarining kafforotidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:
“Musulmonga qay bir musibat – horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishimi – yetadigan
o‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforot qilur”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Islom xastaliklarni asosan tib orqali, ba’zi ruhiy muolajaga ehtiyojlari borlarni Qur’oni karim oyatlari ila muolaja qilishga amr etgan. Har qanday xastalikda avvalo shu sohaning mutaxassislariga murojaat qilinadi.
Lekin afsuski, tib fani muvaffaqiyatli ravishda, taraqqiyot cho‘qqilariga erishib kelayotgan ushbu zamonimizda bemorligi sabab ba’zi insonlar soxta tabiblarga yoki folbinlarga murojat qilishadi. Aholi o‘rtalarida ish ko‘rayotgan soxta tabiblar, folbin-romchilar sodda kishilarni laqillatib, o‘z manfaatlari yo‘lida, osonlikcha boylik orttirish maqsadida ulardan foydalanib kelishlari dinimiz ko‘rsatmalariga ziddir
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hadislarida marhamat qiladilar:
“Kimki tib ilmidan bexabar, tajribasiz bo‘laturib, tabiblik da’vosi ila, biror bemorni davolashga kirishsa va bemorning muolajasi sababli o‘lsa yoki biror zarar topsa, unday “tabib” Alloh taolo oldida marhumning qoniga zomindir” (Ibn Moja rivoyati).
Bemorlikka yo‘liqqan kishi sabr qiladi, savob umidida bo‘ladi va o‘ziga yetgan xastalikni Alloh taoloning qazoyi qadari deb tan oladi. Bemor bo‘lgan inson avvalo va doimo Alloh taolodan shifo so‘rab, duoda bo‘lishi, xayr ehson qilishi, tavba, zikr va tazarru’ni ko‘paytirishi lozim. Shariatda harom qilingan narsalar bilan davolanmaslik kerak. Bularga tumor osish, turli dam solingan iplar, ba’zi hayvonlarning tirnoq va tishlari kabi narsalarni o‘zi bilan olib yurish kabilar kiradi. Ushbu ishlar shirkdir.
Aksari hollarda, ayniqsa ayollarimiz orasida bemorlik yetganida turli folbinlarga borish natijasida: “Sizda amal bor”, “Issiq-sovuq qilingansiz”, yoki “Fotihani yangilash kerak, buning uchun qora qo‘chqor so‘yasiz, qonini tanangizga surasiz”, kabi noto‘g‘ri talqinlarni ham uchratamiz.
Bundan tashqari, “Qo‘chqorning kalla-pochasi pishirilganda, qo‘yning ko‘zini yolg‘iz farzandlar yeyishi kerak”, “Suyakning iligini ota farzandiga qoqib bermasligi kerak”, “Qo‘chqorni kalla suyagini esa xonadondagi daraxtlarga ilib qo‘yish nazar-nafasdan asraydi”, deb noto‘g‘ri talqin qilinadi.
Bemorlik yetganida avvalo Allohdangina madad so‘raladi. Mutaxassis shifokorlar bemorning tibbiy muolajalarga muhtoj emasligini tasdiqlasalar, u shar’iy duolar va dam solish ila davolanishga o‘tishi mumkin. Bunda bemor o‘zi bilgan Qur’oni karim suralaridan o‘qib o‘ziga dam solishi yoki ilmli insondan o‘ziga dam solib qo‘yishini iltimos qilsa bo‘ladi.
Imonli inson har qanday mahzunlik va bemorlik Alloh taolo tomonidan ekanligiga imon keltiradi. Shu bilan birga, dardni bergan Alloh taoloning O‘zi davoni ham berishiga shubhasiz ishonadi.
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi