Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Transportda behayolik tashviqoti

18.05.2017   6032   3 min.
Transportda behayolik tashviqoti

O‘qishga, ishga borish yoki uzoqroq safarga chiqish uchun turli zamonaviy ulovlar kecha-yu kunduz xalq xizmatida. Ulovlarga televizor, radio va audiolar o‘rnatilgan.  Zerikib qolmaslik uchun ular ham kerak. Ammo...

Yaqinda bir safarga chiqishga to‘g‘ri keldi. Manzilga tezroq borish maqsadida hamkasabalar tezyurar poyezdga chiqdik. Temir yo‘l xodimlari xushmuomalalik bilan  yo‘lovchilardan xabar olib turishdi. Bu barchaga xush keldi. Vagon turli yoshdagi yo‘lovchilarga to‘lgan. Hammaga ko‘rish qulay bo‘lgan balandroq joyga televizor o‘rnatilgan ekan. Nazoratchi yo‘lovchilarni zeriktirmaslik uchun televizorni yoqib qo‘ydi.

 “Dizayn 2016”ni tomosha qilishga hamma majbur qoldi. “Kulgu ustalari” tayyorlagan behayo shou dasturdagi bachkanaliklar qanday maqsadda yo‘lovchilarga namoyish etilgani bizni hayron qoldirdi. Mening yonimda yoshgina talaba qiz o‘tirgan edi, orqamizda esa balog‘atga yetgan yigitlar o‘tiribdi. “Qiziqchi”lar sharmandalik cho‘qqisiga chiqqan vaqtda yonimdagi talaba qizda qattiq uyalish holatini sezdim.  Har holda qizning uyalgani mening qalbimga ozgina taskin berdi. Ammo, bu holat yana va yana takrrorlanaversa, behayolik odatga aylanib qolmasmikan? Shariatda ham, o‘zbekchilikda ham sir saqlanishi muhim bo‘lgan holatlar bugun katta ekranlarda namoyish etilsa, ertaga yosh avlodning ahvoli nima bo‘ladi? Ularning iymon-e’tiqodini tarbiyalash o‘rniga o‘y-fikrini buzishga hatto jamoat transportlari ham xizmat qilsa, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?..

Sharmsiz vaysashlardan eson-omon qutuldik. Televizor o‘chdi. Nazoratchi aka yana nimanidir uladi. Endi bunisi yaxshiroq bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Chet el kinosi ekan.  G‘ayritabiiy voqealar, o‘ta shovqin-suronli to‘fonlar, xullas, “kulgu” dan keyin tragedik kino namoyishi yo‘lovchilarni rosa charchatdi. “Yordam bering...”,  degan qichqiriqlar asablarni qaqshatdi. Bir mahal bu kino tugagach, yana “Dizayn 2016” bir boshdan oxirigacha namoyish etildi.

Hamrohlarimiz, hammamiz ayol kishi bo‘lganligimiz bois nazoratchi akaga e’tiroz bildira olmadik. Ammo bu hodisani qog‘ozga tushirishga azmu qaror qildim. Chunki har birimiz jamiyat ma’naviyati uchun mas’ul bo‘lmog‘imiz lozim deb o‘yladim. “Ommaviy madaniyat” chegara bilmay istilo qilib olayotgan bugungi jamiyatda hech bo‘lmasa transport vositalari madaniyatsizlikka yordam bermasa yaxshiroq bo‘lar edi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Ijtimoiy odoblar” degan nodir qo‘llanmasining “Yo‘l odoblari”  mavzusida:  “Yo‘l odoblaridan yana biri  kishilarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishdir. Bu ish doimo qilinadigan ishlardan ekanligini yaxshi bilamiz. Jumladan, yo‘lda jamiyat a’zolarini yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishga ehtiyoj juda ham kuchli bo‘ladi” (219-bet), deb yozgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Yo‘lda turli yoshdagi va saviyadagi kishilar to‘plangan vaqtda odob-axloq me’yorlariga mos keladigan namoyishlar taqdim etilsa jamiyat ma’naviyati rivojiga hissa bo‘ladi deb o‘ylaymiz...

Munira XO‘JAYEVA,

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti tarbiyachi-  o‘qituvchisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Qachon, sotilsa, pulini beraman” deyish to‘g‘rimi?

24.12.2024   331   1 min.
“Qachon, sotilsa, pulini beraman” deyish to‘g‘rimi?

Cavol: Men bozorda bir do‘konni ijaraga olib, ulgurchi tarqatuvchilardan har-bir mahsulotdan bittadan olib kelib, rastaga qo‘yaman. Qachon sotilsa, o‘rniga yana olib kelaman. Yaqinda eshitib qoldim. Bu ishim joiz emas ekan. Chunki o‘zimniki bo‘lmagan narsani sotishga kirar ekan. Shu to‘g‘rimi? Men qanday yo‘l tutsam to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar mahsulotlarni sotib olib, sotsangiz, joiz bo‘ladi. Lekin ularni sotib olmagan bo‘lsangiz bu ishingiz durust emas. Chunki siz o‘zingizniki bo‘lmagan narsani sotgan bo‘lasiz. Shuningdek, bir mahsulotni “Qachon, sotilsa, pulini beraman” degan shart bilan olsa ham savdo durust bo‘lmaydi.

Agar mahsulotni sotib olmoqchi bo‘lmasangiz, mahsulot egasining vakili sifatida sotib, bu ishingiz uchun xizmat haqqi olishingiz ham joiz. Lekin bu holatda qanchaga sotilsa, hammasini mol egasiga berish lozim bo‘ladi ("Al-Bahrur-roiq" kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar