“Dunyodagi eng boy odam kim?” degan savolga “Bill Geyts” deb javob berish mumkin. Ammo bu javob unchalik ishonchli emas. Chunki boyligining hisobini yashirib yurganlarning ko‘pchiligi bu odamdan badavlat ekanini taxmin qilish mumkin... Modomiki, shunday ekan, “kompyuter qiroli”ning birinchi raqamli boy ekani shartli bo‘lib qoladi.
Bu – masalaning bir tomoni, ikkinchi jihati shuki, boylik o‘zi nima bilan o‘lchanadi – narsaning ko‘pligi bilanmi, nazarning to‘qligi bilanmi?..
Ruhiyatshunoslar inson yaxshi yutuqlarga erishib baxtiyor bo‘lmog‘i uchun ijobiy fikr yuritmog‘i ahamiyatli deydilar. Hayotda katta muvafaqqiyatlarni qo‘lga kiritgan odamlarning xotiralarini tinglaganda ularning ham hayoti boshida farovon bo‘lmaganini, jiddiy sinovlarga yuzlashgan holda qiyinchiliklar qoshida tushkunlikka tushmasdan tirishib-tirmashib vaziyatdan chiqib olganiga guvoh bo‘lamiz. Omadli insonlar bilan omadsizlar o‘rtasidagi farq ham shu o‘zi. Har ikkisi boshida o‘xshash sharoitda bo‘lgan esa-da, ulardan bir muammolarni hal etish uchun Alloh unga bergan kuch-g‘ayratni ishga solgan, ikkinchisi esa tushkunlikka tushib har doim o‘zining holiga achinib, holidan shikoyat etib o‘zini-o‘zi omadsizlikka mahkum etgan.
Parvardigorning taqdiriga inonmagan, o‘ziga nisbatan haqsizlik qilindi deya o‘ylagan kishining hayoti g‘avg‘o ichida kechadi. Har doim salbiy hissiyot ta’sirida bo‘lgani bois ishlarini to‘g‘ri tashkil qila olmaydi.
Inson o‘z nasibasiga rozi bo‘lsa, qo‘lidan keladigan ishlarni go‘zal suratda bajarsa, Allohga eng go‘zal shukr etgan bo‘ladi. Chunki haqiqiy shukr Allohning ne’matining qiymatini bilib, ularni Uning rizosi uchun qo‘llamoqdir.
Ijobiy fikrlamoq hayotni qadrlamoqni, turli voqea-hodisalar qarshisida sobit tura bilmoqni ta’min etadi. Nasibasiga rozi bo‘lmoq kishini pishitadi, qayg‘u-alamlardan qochishiga yordam beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Allohning berganiga rozi bo‘l, insonlarning eng badavlati bo‘l!” deb marhamat qilganlar (ImomTermiziy rivoyati).
Dunyoda hech bir inson yo‘qki, har bir ne’matning, yutuqning o‘ziniki bo‘lishini istamasin. O‘z nafsi uchun har narsaning eng yaxshisini istashi insonning boshqalar nasibasiga chang solishiga sabab bo‘ladi. Ammo Parvardigori olam bandalarining nasibalarini o‘zi istagandek yaratgan. Ba’zilarga husn, ba’zilarga qobiliyat, yana biriga moddiy imkoniyat, boshqa biriga esa uni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan yaxshi bir jufti halol ato qilgan. Ba’zi bandalariga katta imkoniyatlar eshigini ochib qo‘yar ekan, boshqalarini torlik va mushkulotlarga duchor qilgan.
Bu taqdir sababidan siqilish bandaning odobiga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki iymonli inson biladiki, Robbi uning taqdirini tayin qilgan ekan, unga bo‘yinsunmoq burchidir.
Alloh taolo bandalarini turli suratda imtihon qiladi. “Nega uni bunday imtihon qilding, meni bunday imtihon qilding” deyilmaydi. Aksincha, u o‘z imtihonidan so‘raladi, men o‘z imtihonimdan, ahamiyatlisi – imtihondan yorug‘ yuz bilan chiqmog‘imdir” deyiladi.
Noshukrlik – baxtsizlik sababi. Zero, nasibasiga rozi bo‘lmaslik va yetishmovchilikdan shikoyat qilish hech narsani o‘zgartirmaydi, aksincha, noliyotgan kimsaning dardini ikki barobar oshiradi. Shukr qilish, qo‘lidagi ne’matlar sababi ila ijobiy tuyg‘ularga sohib bo‘lish insonning bu dunyosi va oxirati uchun nihoyatda foydalidir. Masalan, moddiy boyligi bo‘lmagan, ammo sog‘ligi yaxshi bo‘lgan odam: “Shukrki, sog‘ligim yaxshi” deb qo‘lidan kelgancha mehnat qilib moddiy qiyinchilikdan qutulib oladi.
Buning aksini qilib, kishi har doim boshqalarga qarab, o‘zini ular bilan muqoyasa qilib, “Nega falon kishilar mo‘l-mo‘l xarajatlar qiladi-yu, men qila olmayman? Men ham ular kabi xarjlashni istayman!” desa o‘zining ahvolini og‘irlashtiradi. farzandlarining rizqini qiyadi, hatto qarzga botib qoladi.
“Hech vaqoyim yo‘q”, degan odamlar ham juda ko‘p ne’mat egasidir. Agar sog‘lik, bo‘sh vaqt, yoshlik kabi hech o‘ylamagan ne’matlarimizga bajara olganimiz qadar shukr qilsak Alloh taolo rizqimizni yanada keng qilib qo‘yadi. Binobarin, Qur’oni karimda: “Kim bir yaxshilik qilsa, biz unga o‘sha ishida yaxshilikni ziyoda qilurmiz. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli, Shakurdir” (Sho‘ro surasining 23-oyati), deya marhamat qilingandir.
Damin JUMAQUL,
Jurnalist
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan