Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Poklik – iymonning yarmi

10.05.2017   11676   11 min.
Poklik – iymonning yarmi

Islom – ozodalikka g‘oyat jiddiy e’tibor qiladigan, poklik tushunchasi mukammal ifodasini topgan yagona shariat hisoblanadi. Unda joy pokligi, libos pokligi, shaxsiy gigiyena, atrof-muhit tozaligi, yuvinadigan suvlarning tohir-pokizaga yoki tahur-pokizalovchiga yoxud najas ya’ni nopok suvlarga ajratilishi, bir kunda besh vaqt namozdan oldin yuz-qo‘l, oyoq va hokazolarni tahorat niyatida yuvish, junub bo‘lganda, albatta, g‘usl qilish, haftada bir marta (juma kunida junub bo‘lmasa ham) g‘usl qilib, poklanishga chaqirishi hamda turli xushbo‘yliklardan foydalanishga targ‘ib etishi dinimizda pokizalik va orastalikka nisbatan qay darajada buyuk e’tibor qaratilishini ko‘rsatadi.

Ozodalikka targ‘ib qiluvchi oyat va hadislar nihoyatda ko‘p. Shu boisdan poklikni dinimiz asoslaridan biri desak sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Hadisi sharifda: “Albatta Alloh pokdir, poklikni yaxshi ko‘radi, tozadir tozalikni yaxshi ko‘radi, oliyjanobdir oliyjanoblikni yaxshi ko‘radi, saxiydir saxovatni yaxshi ko‘radi. Bas, hovlilaringizni toza tutinglar, yahudiylarga o‘xshab qolmanglar”, deyiladi (Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharif mazmunidan Islom dini shaxsiy tozalik bilan bir qatorda atrof-muhit tozaligiga ham ahamiyat qaratishi ayon bo‘ladi.

Aslida Islom dini kelgan davrlarda hozirgidek chiqindilar, turli-tuman zararli tutun va hokazolar chiqaruvchi zavod-fabrikalar, konlar, kimyo zavodlari, mashina va hokazolar bo‘lmagan. Odamlar bugungi kunimizdagidek ko‘p chiqindi hosil qiluvchi mahsulotlarni ham iste’mol qilmagan. Tabiat qo‘ynida, tabiiy ne’matlardan oziqlangan. Turli xil sun’iy moddalardan tayyorlangan xilma-xil o‘ram, qadoq va boshqa idishlardagi yeguliklar yemagan. Bu e’tibordan ularning chiqindilari ham tabiat va muhitga do‘st bo‘lgan bezarar chiqindilardan iborat bo‘lgan. Ularning asosiysi taom qoldiqlari bo‘lgan, xolos. Shunday bo‘lsa ham dinimiz o‘sha vaqtning o‘zidayoq atrof-muhit tozaligi, shaxsiy tozalik va gigiyena sohasida kelajak davrlarga ham manfaatli bo‘luvchi ko‘rsatmalarni berib qo‘ygan.

Tilga olganimiz hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam hovlilarni toza tutishga buyurganlarini o‘qidik. Shu o‘rinda bir tafakkur qilaylik, hovlilarni ozoda tutishga dinimizda bu qadar e’tibor berilgan ekan, uylarning ichi haqida nima deyish mumkin? Tabiiyki, uylarning ichki qismlarining tozaligi dinimizda yanada muhimroq o‘rinda ekani shubhasizdir. U holda o‘sha uylarning yashovchilari bo‘lmish insonlarning tozaligichi, bu haqda nima deyish mumkin? Ko‘rinib turibdiki, hovli tozaligiga alohida da’vat bilan chaqiruvchi din uylarning tozaligi va insonlarning tozaligiga undan-da ko‘proq ahamiyat qaratgani muqararrdir. Buni quyidagi hadisi sharifdan ham bilib olishimiz mumkin.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi: “Albatta Alloh go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi va O‘z bandasining ustida (unga bergan) ne’matining asarini ko‘rishni yaxshi ko‘radi, nochorlikni va o‘zini nochor tutib yuruvchilarni yomon ko‘radi” (Bayhaqiy rivoyati).

Demak, musulmon kishi ust-boshi kir va g‘ijim holda yurmasdan, pokiza va tekis liboslarni kiyishi, oyoq kiyimini pokiza tutishi, soch-soqoliga ahamiyat berishi, parvarishlashi, badanini xushbo‘y qilib yurishi Allohga mahbub ishlardan ekan. Alloh shunday imkoniyat bergan banda ma’lum mablag‘ sarflash evaziga bo‘lsa ham o‘zini orasta tutib yurishi Allohga mahbubdir. Chunki bunda inson Robbimizning ne’matini oshkor qilgan va shu tariqa shukrini o‘ziga xos tarzda izhor qilgan bo‘ladi.

Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad alayhissalomga so‘nggi din risolasini ilk nozil qilayotgan davrlarda Allohni davomli ravishda ulug‘lashga va libosni pokiza tutishga buyurgan: “Yolg‘iz Parvardigoringizni ulug‘lang va kiyimlaringizni pok tuting!” (Muddassir surasi: 3-4-oyatlar). Ushbu oyati karimalar tafsirida Imom Faxruddin Roziy shunday deydi: “Agar oyati karimadagi “kiyimlar” va “poklash” lafzlari zohiriga havola qilinadigan bo‘lsa, bundan shuni tushunamizki, Payg‘ambarimiz o‘z liboslarini yanada poklashga buyurilgan bo‘ladilar”. Ha, agar Islomda poklik tushunchasi g‘oyat muhim o‘rin tutmaganda unga bu qadar yuksak ahamiyat berilmas va oyati karimalarda tilga olinmas edi.

Muqaddas dinimiz Islomning poklikka bo‘lgan e’tibori shu darajaga yetdiki, uni iymonning yarmi deb e’lon qildi. Nabiy alayhissalom bir hadislarida “poklik (tahorat) iymonning yarmidir” dedilar (Sahihi Muslim, 223-hadis).

Albatta hadisda zikr etilgan poklik faqat jismoniy va moddiy poklikning o‘zi bilan cheklanib qolmaydi, balki kufr-shirk, zalolat va barcha ma’naviy illatlar, razolatu qabohatlardan pok bo‘lish ham tushuniladi. Zero, moddiy poklikka bu qadar e’tibor bergan din o‘z-o‘zidan ma’naviy poklikni chetga surib qo‘yishi mumkin emas. Zotan, har doim ma’naviy narsalar moddiy narsalardan yuqori turgan.

Nima uchun ushbu hadisda poklik iymonning yarmi deyilgani xususida ulamolar shunday fikrlarni bildiradilar. Iymon aslida “poklanish” va “bezanish”dan iborat. Ya’ni, mo‘min inson dinga zid keluvchi, iymonga va sog‘lom e’tiqodga yot bo‘lgan manfur ishlardan poklanadi, ulardan qalbini tozalab oladi. Undan so‘ng, ibodat va zikr kabi ishlar bilan o‘zini bezatadi. Demak, shu jihatdan olib qarasak, poklik iymonning yarmiga teng keladi.

Islomda iymonning qadr-qiymati qanchalik yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Poklik iymonning yarmiga tenglashtirilganidan ham Islom dini ozodalik, poklik va tozalikka qanchalar e’tibor berganini bilib olsak bo‘laveradi. Bu o‘z navbatida biz musulmonlar dinimiz talabiga yarasha bo‘lishimiz kerakligini ham bildiradi.

Islom dini shaxsiy gigiyena masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis sharifda shunday marhamat qilinadi:

“Besh narsa fitratdandir: xatna qildirish, harom tuklarni ketkizish, tirnoq olish, qo‘ltiq ostidagi tuklarni yulish hamda mo‘ylabni qisqartirish” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Poklik shu qadar muhim narsaki, hatto poklanmasdan ya’ni tahorat qilmasdan namoz o‘qib bo‘lmaydi. Tahoratsiz Qur’oni karimni ushlash mumkin emas.

Shu bilan birga aytib o‘tganimizdek, ma’naviy poklik, halqum pokligi, kasb halol bo‘lishi kabilar ham juda muhimdir. Alloh taolo Qur’oni karimda qayta-qayta halol-pok narsalardan rizqlanishga buyurgan. Jumladan, Baqara surasining 172-oyatida bunday xitob qilinadi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!”

Boshqa bir oyati karimada esa: “Sizdan (o‘zlariga) halol qilingan narsalar haqida so‘raydilar. Ayting: “Sizlarga pokiza narsalar halol qilindi”, deb marhamat qilinadi (Moida surasi: 4-oyat).

Aslida bularning barchasi bir-biriga chambarchas bog‘liq narsalar. Ya’ni, qalb pokligi, badan pokligi, libos pokligi va halqum pokligi musulmon insonning kamolotga yetishida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ularning ba’zilariga amal qilib, ba’zilarini tashlab qo‘yish to‘g‘ri kelmaydi. Zero, badani va libosi pok bo‘lsa ham halqumining pokligiga e’tibor bermasa, pulni halol yo‘l bilan topyaptimi, harom yo‘l bilan topyaptimi, e’tibor bermasa, bunday insonning qalbi poklanishi qiyin, duosi ijobat bo‘lmaydi va natijada ko‘p yaxshiliklardan benasib bo‘lib qoladi. Qolaversa, badan va libos pokligiga hozir nafaqat musulmonlar, balki, boshqa millat va din vakillari ham kuchli e’tibor qaratmoqdalar. Agar biz ham faqat shu narsalar bilan cheklanib qolsak, ulardan ortiq joyimiz qolmaydi. Balki, ulardan orqada ham qolib ketamiz. Chunki, Yevropaliklar hozirda badan va libos pokligi va shaxsiy gigiyena bo‘yicha nihoyatda ilgarilab ketdilar. Bizning ustunligimiz esa badan va libos pokligiga jiddiy ahamiyat berish bilan bir qatorda qalb pokligi va ma’naviy poklikni ham saqlashimizdadir. Bordi-yu, ma’naviy poklikka bo‘lgan e’tiborni susaytirsak, u holda juda ko‘p yaxshiliklarni qo‘ldan boy bergan bo‘lamiz. Zero, shaxs va jamiyatning ma’naviy sog‘lomligi benihoya muhimdir. Ma’naviy poklik qo‘ldan boy berilsa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi, turli qabohatlar avj oladi. Bunday ayanchli holatlarni hozirda ko‘plab G‘arb davlatlari misolida ko‘rib turibmiz ham.

Imom G‘azzoliy rahmatullohu alayh aytadilar: “Kishi zohiriy nopokliklardan saqlanish bilan birga botinini ham pok tutmog‘i lozim. Chunki botiniy illatlar kishini nafaqat bu dunyoda halokatga boshlaydi, balki oxiratda ham alamli azobga duchor bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Poklikni istovchi qalb go‘yo bir oshiyon, farishtalar qo‘nadigan makon. Gina, hasad, kibr, g‘araz, g‘azab kabi kasalliklar bilan illatlangan qalbda farishtalar qanday qo‘nim topsinlar!”.

Shuningdek, poklik deganda inson faqat o‘zini poklab yursa bo‘ldi, degani emas. Alloh taolo insonni yaratib ruh bilan birga aqlu idrok baxsh etgan. Aqlli, hushyor insonlar zimmasiga tabiatni toza va pokiza saqlash hamda atrof-muhitni muhofaza etishdek katta mas’uliyatni yuklagan. Alloh taolo yuklagan bu mas’uliyatni inson azaldan bajo etib keladi. Tabiatni muhofaza etish Islom dinining asosiy ta’limotlaridan biri hisoblanishiga ham shu ilohiy majburiyat sabab bo‘lgan.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir qora tanli kishi yoki qora tanli ayol masjidni supurib yurardi. U kishi vafot etib (ko‘rinmay qolgan edi) Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni so‘rab-surishtirdilar. Sahobalar u ayolning vafot etganini aytishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Menga shuni aytsangiz bo‘lmasmidi?”, deya (biroz g‘azablanib) menga uning qabrini ko‘rsatinglar”, dedilar. Shundan keyin uning qabri tepasiga kelib, unga janoza o‘qidilar.

Ushbu voqeadan atrof-muhit tozaligini saqlash, xususan, masjidni pok tutish nechog‘lik oliyjanob ish ekani ma’lum bo‘ladi.  

Abu Muso roziyallohu anhu Basraga kelganlarida basraliklarga: “Meni sizning oldingizga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Robbingizning Kitobi, Payg‘ambaringizning sunnatini o‘rgatishim va ko‘chalaringizni toza tutishim uchun yubordi”, deb murojaat qilgan ekanlar.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Uchta la’nat keltiradigan ishlardan ehtiyot bo‘ling: suvlarda, yo‘l o‘rtasida va soya joylarda hojat chiqarish” (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati).

Islom dini barchamizga yashayotgan joylarimiz ozoda bo‘lishi, ichimlik suvimiz tozaligi, tanamiz esa pokiza bo‘lishiga buyuradi. Asrlar bo‘ylab musulmonlar ariq, daryo va dengiz suvlarini pokiza saqlashni o‘zlarining burchi deb bilib kelganlar. Hozirgi paytda ayniqsa ozodalik va pokizalik qoidalariga rioya qilish yana ham zarurroq ish bo‘lib qoldi.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zi sevgan bandalaridan qilib, tanamiz va ruhiyatmiz pok  bo‘lmog‘ini nasib aylasin.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning oxirgi haj va xutbalari

04.06.2025   5627   4 min.
Rasululloh ﷺning oxirgi haj va xutbalari

Ummatga qilingan so‘nggi vasiyat


“Hajjatul vado’” ya’ni “Vado xutbasi” lug‘atda “Vidolashuv xutbasi”, “xayrlashuv, ayriliq xutbasi-xitobi” degan ma’nolarni bildiradi.

Hijriy o‘ninchi yilning 9 zulhijja oyida (milodiy 632 yil 8 mart) Payg‘ambarimiz alayhissalom so‘nggi haj ibodatini ado etganlarida xutba qilganlar. Unda Makkada jami 124 ming musulmon to‘plangan edi.

U zot alayhissalom Qasvo degan tuyalariga minib, Arafot vodiysida ummatga so‘nggi vasiyatlarini bayon etganlar. Bu xitob faqat o‘sha joyda to‘plangan hojilargagina emas, balki qiyomatga qadar keladigan butun insoniyatga qaratilgan.

 

Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatga bunday vasiyat qildilar:

“Ey insonlar! So‘zimni yaxshilab tinglang... Bu yildan so‘ng sizlar bilan bu yerda yana ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.

 

Ey insonlar! Buguningiz qanday ham muqaddas kun, bu oylar qanday ham muqaddas oy, bu shahar (Makka) qanday ham muqaddas bir shahar bo‘lsa, Robbingiz bilan ko‘rishgunga qadar qonlaringiz, mollaringiz, obro‘larinigiz ham ayni shaklda muqaddasdir va bir-birlaringizga haromdir!

Ey sahobalarim! Ertaga Robbingizga ro‘para bo‘lib va bugungi holingiz haqida javob berursiz. Mendan so‘ngra eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning bo‘yningizga urmangiz!...

Ey insonlar! Ayollaringizga yaxshi muomala qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Chunki ular amringiz ostidadir. Siz ularni Allohning bir omonati o‘laroq oldingiz va ularning nomuslarini va iffatlarini Alloh oldida so‘z beraroq halol etingiz.

Yaxshi bilingki, sizning ayolingizda haqqingiz bo‘lganidek, ularning ham sizda haqlari bor.

Ey mo‘minlar! So‘zimni tinglang. Yaxshi tushinib oling. Batahqiq Robbingiz birdir. Otalaringiz ham bittadir. Alloh huzurida eng xayrligingiz, Allohdan eng ko‘p qo‘rqqaningizdir.

Arablarning ajamdan, ajamning esa arabdan, oq irqlining qora irqlidan, qora irqlining oq irqdan hech qanday ustunligi yo‘qdir. Ustunlik yolg‘iz taqvodadir.

Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing, rahbar qilib ustingizga burni, qulog‘i kesik bir qulni saylab qo‘ysa, Allohning Kitobi ila hukm etgani qadar uni tinglang va unga itoat eting!

Ey insonlar! Sizga bir omonat qoldirayapman-ki, uni mahkam ushlasangiz yo‘lingizdan adashmaysiz! U omonat Allohning Kitobi va payg‘ambarining sunnatidir.

Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqing! Besh vaqt namozingizni o‘qing! Ramozon oyidagi ro‘zalaringizni tuting!

Mollaringizning zakotini bering! O‘zlaringizdan bo‘lgan amr sohiblariga itoat eting-ki, Robbingizni jannatiga kirursiz.

Ey insonlar! Haddan oshishlikdan saqlaning. O‘tgan ummatlarning halokatining sababi, dinlarida haddan oshish edi.

Bu sanadan so‘ngra yana siz bilan bu yerda ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.

Ey insonlar! Ertaga men xaqimda sizdan so‘raganlarida nima deysiz? Risolatni yetkazdimmi? Ilohiy vazifani ado qildimmi?”, dedilar.

Bunga butun as’hobi kirom shunday javob berdilar: “Albatta, qasam ichamizki siz Allohning xabarini tablig‘ etdingiz, vazifani bajardingiz. Bizga tavsiya va nasihatda bo‘ldingiz. Hammasiga shohidlik beramiz!”

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak ko‘rsatgich barmoqlarini samoga ishorat qildirib, jamoatga boqib bunday dedilar: “Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim!”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv xutbasini yakunlagach, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:

Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim (Moida surasi, 3-oyat).

Nabiy alayhissalom vado hajidan qaytishda yo‘lda xastalandilar. Xastaliklari 13 kun davom etdi. Hijriy 11 yili robi’ul avval oyining dushanba kuni Oisha onamizning xonalarida muborak ruhlarini Allohga topshirdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar...

Sollallohu alayhi vasallam

Davron NURMUHAMMAD