Alloh yarlaqagan o‘zbekni azal,
Istibdod avjiga chiqqan bir mahal,
Sizdek o‘g‘lon berdi, dono, bebadal,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Teng huquqli, azim, mustaqil davlat,
Tezda kuchga to‘lib, quchdi saodat,
Siz tufayli baxtga yuz tutdi millat,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Barham topdi bari zulmu xiyonat,
Qaddini tikladi, dinu diyonat,
Asriy duolarkim topdi ijobat,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Har soha rivojda, e’tibor behad,
Ulug‘ ajdodlarga ko‘rsatib hurmat,
O‘zbekni olamga etdingiz ibrat,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Qatag‘on qilingan beayb ajdod,
Siz sabab oqlandi, nomi barhayot,
Azizlarning ruhin shod aylagan zot,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Imom Buxoriyning markazi a’lo,
Tadqiqot, ma’rifat ishi behamto,
Zakovatingizga tahsinda dunyo,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Emin-erkin qilib Qur’on tilovat,
Bezovta yuraklar topdi halovat,
Tazyiqsiz qilinar toat-ibodat,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Qilgan ishlaringiz ko‘lami cheksiz,
Ta’rif-tavsifiga kalomdir ojiz,
Xalq deb yongan siymo, niyati xolis,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Iqtisod, siyosat, mafkura bari,
Bo‘ldingiz tinchlikning buyuk sarvari,
Millatlar totuvdir qondosh singari,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Haj sari ochildi yo‘limiz ravon,
Masjid, ziyoratgoh obod, charog‘on,
Sizga duodadir har bitta inson,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Temuriy soniysiz, sohibi davron,
Istiqlol yo‘lida ulug‘vor karvon,
O‘zbekiston nomi ellarda doston,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Xalq ra’yi, istagi siz uchun dastur,
O‘zbekman deganning dilida g‘urur,
Mislsiz rahnamo, olovqalb, yovqur,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Alloh dargohiga yuzlangan chog‘i,
Kuydirdi dillarni hajringiz dog‘i,
Ey ulug‘ millatning ko‘zu qarog‘i,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Turkmanda, rusda ham siz uchun yodgor,
O‘zbek o‘g‘loniga hurmat iftixor,
Dunyoni lol etgan dono shahsuvor,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Ortingizda qoldi, munosib izdosh,
Shavkatli rahnamo elga chin sirdosh,
Toki mahshargacha ruhingiz qo‘ldosh,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Abdulahad kabi millionlab inson,
Yodlab ruhingizni shod etar chandon,
Tarix sahnasida milliy qahramon,
Islom ota, abad qalbimizdasiz.
Abdulahad qori Shahrixoniy,
Bo‘z tumani bosh imom-xatibi
MUSLIM.UZ
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.