Shu yilning 19-26 aprel kunlari Eron Islom Respublikasining poytaxti Tehron shahrida o‘tkazilgan 34-Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida 2 nafar vakilimiz – Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi “Abu Hurayra” jome masjidi imom-noibi Saidov Xudoyqul hamda Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi “Aziz ota” jome masjidi imom-noibi Aminov Muhammadloiq ishtirok etishdi.
Ushbu musobaqada dunyoning 80 dan ortiq davlatlaridan tashrif buyurgan qorilar ishtirok etib, ular orasida vakillarimizdan Saidov Xudoyqul Qur’oni karimni to‘liq yoddan o‘qib berish (hifz) yo‘nalishi bo‘yicha qatnashgan bo‘lsa, Aminov Muhammadloiq esa Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan o‘qib berish (qiroat) yo‘nalishida ishtirok etdi. Musobaqaning hifz yo‘nalishida 1-o‘rinni Eron, 2-o‘rinni Suriya, 3-o‘rinni Sudan, qiroat yo‘nalishida 1-o‘rinni Eron, 2-o‘rinni Iroq, 3-o‘rinni Shvetsiya davlatlari egallashdi. Musobaqa hay’ati tomonidan yurtimiz vakillariga munosib ishtiroki to‘g‘risidagi “Tashakkurnoma” taqdim etildi.
Shuningdek, o‘rta maktab o‘quvchilari, ayol-qizlar va ko‘zi ojizlar ishtirokida ham xalqaro Qur’oni karim musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Barcha ishtirokchilar uchun Tehron shahridagi diqqatga sazovor joylarga ziyorat uyushtirildi.
O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi
Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi