Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

“Qorilar musobaqasi” natijalari

26.04.2017   5242   4 min.
“Qorilar musobaqasi” natijalari

Ma’naviy yangilanish yo‘lidan dadil odimlab borayotgan yurtimizda muqaddas dinimizga alohida e’tibor berila boshlandi. Jumladan, islom bilim yurtlari faoliyati tubdan yaxshilandi. Buning zamirida islom dinini asl holatida o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, diyorimiz allomalarining dinimizga oid boy ma’naviy me’rosini tadqiq etib, ularni xalqimizga sodda va ravon uslubda yetkazish, zamon talablari darajasidagi malakali diniy mutaxassislarni tayyorlash maqsad qilib qo‘yilgan.

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, jamiyatimizda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimiz musulmonlari hayotida ham ulkan burilishlarga sabab bo‘ldi. Respublikamiz xalqaro maydonda  o‘z o‘rnini topdi. Har yili turli mamlakatlarda o‘tkaziladigan Xalqaro Qur’on musobaqalarida diyorimizda yetishib chiqayotgan qorilarimiz ham qatnashib, nufuzli o‘rinlarni egallashmoqda.

Bugun poytaxtdagi “Xoja Alambardor” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti, Islom universiteti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlari talabalari ishtirokida  “Qorilar musobaqasi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan bunday ko‘rik-tanlov yurtdoshlarimizning Qur’oni karimni o‘qib-o‘rganish, yodlash, tinglash hamda tajvid qoidalarini yanada puxta o‘rganishga bo‘lgan mehr-muhabbatining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Qur’oni karimni yodlagan iqtidorli talabalarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash,  ulardagi noyob fazilatlarni  yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Qorilar musobaqasi”ning Respublika bosqichi ikki yo‘nalishda o‘tkazildi. Birinchi yo‘nalish murattab qorilar, ikkinchi yo‘nalish mujavvid qorilar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik-tanlov natijalari quyidagicha bo‘ldi:

Murattab qori yigitlardan:

1-oliy o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Rahmonberdi Abdulaziz qori;

1-o‘ringa Sayyid Muhyiddin Maxdum madrasasi talabasi Abdumalikov Sirojiddin qori; 

2-o‘ringa Ko‘kaldosh madrasasi talabasi Abdumalikov Nizomiddin qori;

 3-o‘ringa Mir Arab madrasasi talabasi Mirboboyev Mirabbos; 

Mujavvid qori yigitlardan:

1-o‘ringa Faxriddin ar-Roziy madrasasi talabasi Homidov Muhammadyusuf;

2-o‘ringa Muhammad al-Beruniy madrasasi talabasi Pirxonov Nasibilloh qori;

3-o‘ringa Mir Arab madrasasi talabasi Ahmadjonov Qodirali; 

Murattab  qoriya qizlardan:

1-o‘ringa Xadichai Kubro madrasasi talabasi Is'hoqjonova Muhsina;

2-o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Nurmatova Shohistaxon;

3-o‘ringa Jo‘ybori Kalon madrasasi talabasi Yahyoyeva Shahnoza; 

Mujavvid qoriya qizlardan:

1-oliy o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Najmiddinova Robiya;

1-o‘ringa Xadichai Kubro madrasasi talabasi Umaraliyeva Dilnozaxon;

2-o‘ringa Jo‘ybori Kalon madrasasi talabasi O‘rinova Lutfiya;

3-o‘ringa Toshkent islom universiteti talabasi Jaloliddinova Mahfuza munosib deb topildi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda homiylar tomonidan tashkil etilgan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi

 

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Shaytonni kim vasvasa qildi?

16.01.2025   2370   3 min.
Shaytonni kim vasvasa qildi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Biror marta o‘zingizga shu savolni berib ko‘rganmisiz?

Iblis Odamga sajda qilishdan bosh tortganida hali shayton yo‘q ediku, unga kim vasvasa qildi?
Bu barchamiz uchun juda jiddiy va o‘ta muhim savoldir...
Shayton Allohga osiy bo‘lganida, uning shaytoni kim edi?
Ushbu satrlarni o‘qing — bizning haqiqiy shaytonimiz kim ekanligini bilasiz!

"Nafs" so‘zi nihoyatda muhim ma’noni anglatadi va u Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda zikr qilingan.
Alloh taolo "Qof" surasida bunday deydi:
"Biz insonni yaratdik va uning nafsi nimani vasvasa qilayotganini ham bilamiz. Biz unga yo‘g‘on tomiridan ham yaqinroqmiz" (Qof, 16).
Biz Allohga imon keltirganmiz, Uni zikr qilamiz, masjidda namoz o‘qiymiz, Qur’on o‘qiymiz, sadaqa qilamiz va hokazo...
Shunga qaramay, gunohlardan holi bo‘la olmaymiz. Nega?

Sababi shundaki, biz haqiqiy dushmanni qo‘yib, zaif va ojiz dushmanga qarshi boramiz. Alloh taolo bunday deydi:
"Darhaqiqat, shaytonning makri zaifdir" (Niso, 76).
Haqiqiy dushman bu — nafsdir. Ha, nafs insonning ichidagi soatli mina, yashirin xavfdir.

Alloh taolo "Isro" surasida bunday deydi:
"Kitobingni o‘qib chiq. Bugun nafsing senga hisobchi bo‘lishi yetarlidir" (Isro, 14).

Yana Alloh taolo "G‘ofir" surasida bunday deydi:
"Bugun har bir nafs qilgan amallariga yarasha mukofotlanadi. Zulm qilinmaydi" (G‘ofir, 17).

"Muddassir" surasida:
"Har bir nafs qilgan ishining garovidir" (Muddassir, 38).

"Noziat" surasida:
"Kim Robbining martabasidan qo‘rqib, nafsini havoyi istaklardan tiysa..." (Noziat, 40).

"Takvir" surasida:
"Har bir nafs qilgan amallarini bilib olar" (Takvir, 14).

Ko‘rib turganingizdek, bu oyatlarda asosan "nafs" haqida so‘z ketmoqda. Shunday ekan, nafs nima o‘zi?

Olimlar bunday deydi: ilgari Allohdan boshqa iloh sifatida sig‘inilgan butlar — Lot, Uzzo, Manot, Suvo’, Vadd, Yag‘us, Ya’uq va Nasr — barchasi yo‘q qilindi. Ammo bir soxta iloh borki, uni odamlar hanuz ham Allohdan o‘zgacha sevib, unga bo‘ysunadi. Bu iloh — nafs havosidir. Alloh taolo aytadi: "O‘z nafsini iloh qilib olgan kimsani ko‘rmadingizmi?" (Josiya, 23).

Nafs havosi insonni o‘z qo‘liga olsa, u na biror qonunga bo‘ysunadi, na bir diniy ta’limotga. Shundan uni o‘zi istagan narsasiini qilib yurganini ko‘rasiz.

Imom Busiriy o‘z qasidasida bunday deydi:
"Nafs va shaytonga qarshi chiq va u ikkisiga itoat qilma".

Qobil Hobilni o‘ldirgani haqida hikoya qilar ekan, Alloh taolo aytadi:
"Uning nafsi uni o‘z akasi Hobilni o‘ldirishga undadi..." (Moida, 30).

Biror odam gunohga qo‘l ursa va keyin afsuslanib tavba qilsa, undan:
— Nima seni bu gunohga boshladi? deb so‘rasangiz, u: "Nafsimning gapiga kirdim", deb aytadi.

Xulosa shuki, nafsimiz bizning eng katta dushmanimiz va biz uni doimo ta’qib qilishimiz lozimdir.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV